Markaziy Osiyo xabarlari-23 fevral


O’ZBEKISTON

O’zbekiston Diniy Ishlar Qo’mitasi, Yevropa matbuotida Muhammad alayhissalomning karikatura qilinganini tanqid qilib chiqdi. “Interfaks” agentligiga ko’ra O’zbekiston diniy yetakchilari karikaturalarga qarshi kuchaygan zo’ravonliklardan ham xavotirda.

“O’zbekiston ulamolari musulmonlarni sabrli bo’lib, vayronagarchilikdan qochishga chaqiradi”, deydi qo’mita so’zlovchisi.

O’zbekiston Diniy Ishlar Qo’mitasining ma’lum qilishicha, mamlakatda 2,186 ga yaqin diniy tashkilot ro’yxatga olingan va ro’yxat dunyodagi barcha dinlarni qamraydi.

TURKMANISTON

Turkmaniston Ukraina bilan gaz ta’minoti bo’yicha kelishgan shartnomaga rioya qilmas ekan, rasmiy Kiyev bu borada xalqaro arbitrajga murojaat qilishini ta’kidladi. “Agar ular biz bilan kelishuvdan tashqarida ish olib bormoqchi bo’lsalar, biz bu masalani Stokgolmda hal qilamiz”, -dedi Ukraina Neftgaz kompaniyasi rahbari Aleksey Ivchenko.

Agar ikkala tomon bu masalada kelisha olmasdan, uchinchi tomon aralashuvini istasa, unda Kiyev Stokgolm Tijoriy Palatasining Arbitraj Institutiga murojaat etadi.

O’tgan hafta Turkmaniston Ukrainani berilgan gaz uchun 160 million dollar qarzi borligida ayblagan bo’lsa, Ukraina hali olmagan gazi uchun mablag’ to’laganini bildirib, “Turkmaniston bizdan 11 million dollar qarz”- deya ta’kidlagan.

Ivchenkoning aytishicha, kelishuvga erishilgandan so’ng, narxning ko’tarilishi to’gri emas. Biroq, “Associated Press” axborot agentligining ma’lum qilishicha, Turkmaniston yanvar oyida, gaz narxini ikki baravarga oshirmoqchi ekani haqida ogohlantirgan.

TOJIKISTON

Dushanbeda BMTning Tojikistondagi Tinchlikni tiklash markazi va Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik tashkiloti bilan hamkorlikda, “Tojikistonda mustaqil inson huquqlari institutlarini barpo etish” mavzusiga bag’ishlangan ikki kunlik anjuman o’z ishini boshladi. Konferensiyaning ochilish marosimida 80 ga yaqin turli tashkilotlar vakillari ishtirok etdi. Anjuman mamlakatda mavjud qonunlardan kelib chiqqan holda, Tojikistonda xalqaro mezonlarga rioya qilib, inson huquqlari muassasalarini tashkil etish shartlarini aniqlashni ko’zda tutadi.

QIRG’IZISTON

Bugun Bishkekda “Yevrosiyo-Markaziy Osiyo Jamg’arma”sining ilk yig’ilishi bo’lib o’tdi. Jamg’arma prezidenti Andi Uilsonga ko’ra, tashkilotning asosiy maqsadi, mintaqada ta’lim sohasini mustahkamlovchi, ommaviy axborot vositalari va migratsiya jarayonlarini boshqaruvchi dasturlarni rivojlantirishdan iborat.

O’z faoliyati davomida jamg’arma, iqtisodiy va demokratik islohotlarni qo’llab-quvvatlash uchun 25 million dollar miqdorida grantlar ajratgan. Qirg’izistonning o’zida esa tashkilot 4.5 million dollar miqdoridagi 270 ga yaqin grantga homiylik qilgan.

XS
SM
MD
LG