Elchi Zamira Sidiqova: Qirg'iziston demokratiya yo'lidan ketmoqda

  • Najiya Badikova

AQSh hukumati har yili demokratik islohotlar qilishga intilayotgan davlatlarni tanlab, ularga yordam puli ajratadi. Ana shunday moliyaviy ko’mak manbalaridan biri 2004 yilda prezident Bush tomonidan joriy etilgan bo’lib, dastur Ikkinchi ming yillikdagi taraqqiyot hisobi deb ataladi.

Ayni damda bu hisobdan Markaziy osiyo davlatlarining hech biriga moliya ajratilmaydi, ammo o’tgan yili inqilobni boshdan kechirgan Qirg’iziston moliyaviy yordam talablariga javob berishga intilmoqda.

Amerika Ovozi ga intervyu berarkan, Qirg’izistonning AQShdagi elchisi Zamira Sidiqova ayon qilar ekan, Bishkek yuqoridagi grant uchun hujjat topshirgan va yordam olish ilinjida, deya qayd etdi.

"Moliyaviy yordam bizga ham siyosiy, ham iqtisodiy maqsadlar uchun kerak. Avval Qirg’iziston uchun bunday imkoniyat yo’q edi. Chunki vatanimiz korrupsiya botqog’iga botgan edi,”- deydi elchi.

Zamira Sidiqovaning fikricha, o’tgan yilning mart oyida Qirg’izistonda yuz bergan inqilob va hokimiyatning almashishi davlatni demokratiya tomon yo’naltirdi. Shu bois ham, deydi u, diqqat asosan korrupsiyaga qarshi kurashga qaratilmoqda.

"Qirg'iziston hukumati korrupsiyani yengish loyihasini tuzmoqda. AQSh grant ajratsa, mamlakatning ichki ishlar va adliya tizimida yulg'ichlikka barham berish uchun harakat kuchayadi, toki korrupsiya o'rnini ochiqlik, xolislik va adolat egallasin,"- deydi Qirg'izistonning AQShdagi elchisi.

AQSh rasmiylarining bildirishicha, Qirg’izistonni Ikkinchi ming yillikdagi taraqqiyot hisobidan manfaat ko’ruvchi davlatlar qatoriga qo’shish uchun harakat ketmoqda, ammo natija mamlakatning hozirgi o’tish davrida qay tomon va kim tomon yo’nalishiga bog’liq.

AQSh va Qirg’iziston aloqalaridagi so’nggi o’zgarish - prezident Bakiyev AQSh harbiy hamkorlik uchun, aniqrog’i Manas aerodromidan foydalanish uchun hozirgidan 100 marotaba ko’proq, ya’ni 2 million dollar emas, yiliga 207 million dollar to’lashni so’ramoqda.

"AQSh Mudofaa vaziri Donald Ramsfeld o’tgan yilning iyun oyida Bishkekka safar qilgan paytda, prezident Bakiyev unga bu talab haqida bildirib o’tgan va bu borada gaplashilgan,"- deya izohlaydi Qirg’izistonning AQShdagi elchisi. "Odatda har qanday shartnoma vaqti-vaqti bilan qayta ko’rib chiqiladi va zamon talabi va bozor narxiga qarab, ijara bahosi ham ko’tariladi."

Ba’zi siyosiy sharhlovchi va tahlilchilar nazarida mart inqilobidan keyin Qirg’izistonning Rossiya bilan va qo’shni davlatlar bilan munosabatlari salbiylashdi... Qirg’izistonning AQShdagi elchisi bu fikrga qo’shilmaydi.

"Qirg’iziston Rossiya bilan ham, AQSh bilan ham, qo’shni davlatlar, jumladan O’zbekiston va Qozog’iston bilan ham do’stona va iliq aloqalarni saqlab kelmoqda. Mart inqilobidan keyin bu hamkorlarimiz bizga yordam qo’lini cho’zdi. Xalqaro hamjamiyat inqilobni tan oldi,"- deydi Zamira Sidiqova.

Zamira Sidiqova inqilobdan sal o’tmay Qirg’izistonning AQShdagi elchisi etib tayinlangan edi. Sobiq jurnalist sal kam bir yildan beri Vashingtonda rasmiy Bishkekning, qolaversa Qirg’iziston xalqining bosh vakili sifatida ishlab kelmoqda.

"Men Amerika xalqini sevaman. Juda ochiqko’ngil, dilidagini aytishni yaxshi ko’radigan, sofdil xalq. Menga o’z xalqimni, Qirg’izistonni eslatadi,"-deydi elchi.

XS
SM
MD
LG