Markaziy Osiyo xabarlari-24 fevral


QOZOG’ISTON

Kecha Qozog’istonda yuqori martabali senatorlardan biri Oltinbek Sarsenbayevning o’limida aloqadorlikda gumon qilinib, qo’lga olinganidan so’ng, muxolifat vakillari yuqori palata spikerini ishdan ketishini talab qilib chiqdilar.

Muxolifatchilarga ko’ra, 11 fevral kuni sodir etilgan qotillik siyosiy asosga ega. Sobiq bosh vazir o’rinbosari, senat ma’muriyati rahbarlaridan biri, Erjon Utembayev chorshanba kuni hibsga olindi, deya xabar qiladi mamlakat Ichki ishlar vazirligi.

Muxolifat vakillari Sarsenbayevning o’limi ortida Utembayev turgani ehtimoldan yiroq deya, senat spikeri Nurtay Abikayevning lavozimdan bo’shatilishini talab qilmoqdalar.

Muxolifat yetakchilaridan biri O’raz Jando’sovga ko’ra, Abikayev tergov ishlariga ta’sir qilish uchun yetarli kuchga ega, va shu sababdan lavozimidan ketishi lozim.

Shu bilan birga, muxolifatchilar mazkur jinoiy ish yuzasidan prezident Nazarboyevning qizi, Dariga Nazarboyeva va uning turmush o’rtog’i, amaldagi bosh vazir o’rinbosari Rohat Aliyevni ham ko’rsatma berishlarini talab qilmoqdalar.

O’ZBEKISTON

15 maydan boshlab, Xalqaro sarmoyadorlar konsortsiumi O’zbekistonning Orol bo’yi mintaqasida neft va gaz zahiralarini izlash bo’yicha seysmik tadqiqot ishlarini boshlashi kutilmoqda.

Bu haqda chorshanba kuni “Ozbekneftegaz” kompaniyasining bosh muhandisi Shavkat Majitov taqdimot marosimida ma’lum qildi. Konsortsium 2005 yilning sentabr oyida tashkil etilib, Koreya, Rossiya, Xitoy, O’zbekiston va Malayziyaning yetakchi neft kompaniyalaridan iborat. Janob Majitovning bildirishicha, Orol bo’yi mintaqasida seysmik mavsumni hisobga olgan holda, tadqiqot ishlari apreldan to noyabr oyiga qadar olib borilishi lozim.

Loyiha uch boshqichdam iborat bo’lib, birinchisining xarajatlari 80 million dollarni tashkil etadi va ikki yildan uch yilga qadar davom etib, uch ming metr chuqurlikdagi neft zahiralarini izlashni ko’zda tutadi.

TOJIKISTON

Tojikistonda chora ko’rilmasa, yil so’ngiga borib immunitet taqchilligi virusi bilan kasallanganlar soni 10.000 ga yetishi mumkin, deya xabar beradi “Reyters” (Reuter) axborot agentligi.

Donor mamlakatlar chiqargan bayonotga ko’ra, 2004 yilda bemorlar soni 4.000 ni tashkil etgan bo’lib, virusga qarshi kurashda yetarli choralar ko’rilmayotgani sabab, ularning soni on mingga yetishi taxmin qilinmoqda. Agar zudlik bilan chora ko’rilmasa, bemorlar soni har 13 oyda ikki baravarga ko’payadi, deyiladi bayonotda.

Tojikistonda immunitet taqchilligi virusi va OITS (SPID) ko’rsatkichklari o’sishining asosiy sababi etib, giyohvandlikning rivojlanishi ko’rsatilmoqda. Mutaxassislar hisoblariga ko’ra, bugunda Tojikistonda 55 000 ga yaqin giyohvand bo’lib, ularning soni har yili 15 foizga ko’paymoqda.

XS
SM
MD
LG