Breaking News

Parranda grippi jahon bo'ylab yanada avj olmoqda


Xitoy matbuoti tarqatgan xabarlarga ko'ra, mamlakatning sharqiy viloyatlarida ikki kishida parranda grippi aniqlangan. To'qqiz yoshli qiz va 26 yoshli ayolda grippning xavfli H5N1 turi topilgach, ular og'ir ahvolda kasalxonaga yotqizildi, deya bildiradi Xitoy Sog'liqni saqlash vazirligi.

Indoneziya poytaxti Jakartada 20 fevral kuni olamdan o'tgan ayolda ham parranda grippi aniqlandi. Rasmiy ma'lumotlarga ko'ra, o'tgan yilning iyul oyidan beri mamlakatda grippdan jami 20 kishi o'lgan.

Bugun Yevropada grippning H5N1 turi uy parrandasida ilk bor Fransiyada qayd etildi. Virus topilgani tasdiqlangach, Fransiya prezidenti Jak Shirak xalqni tinchlantirishga urinmoqda. Fransiyadagi muxbirimiz Lisa Brayantning xabar berishicha, mamlakat fermerlari virus iqtisodiyotga salbiy ta’sir ko’rsatadi, degan tashvishda.

Shunday bo'lsa-da, prezident Shirak tovuq yoki tuxum iste’mol qilish mutlaqo xavfsiz, deb ta’kidladi, va Fransiya iste’molchilari orasida asta-sekin tarqalayotgan xavotirlarni assossiz, deb ta’rifladi.

Laboratoriya tekshiruvlari mamlakat janubidagi fermalardan birida H5N1 topilganini tasdiqladi. Virus mamlakatda bundan oldin ham yovvoyi qushlarda topilgan edi.

Fransiya parranda go’shtini katta miqdorda eksport qiladi, va endilikda mamlakat fermerlari eksport miqdorining tushib ketishidan tashvishda. Sal avval, Yaponiya Fransiyadan barcha turdagi go’sht importlarini to’xtatib qo’ydi.

Fransiya qishloq xo’jaligi uyushmasi vitse-prezidenti Kristian Lambert Yaponiya qabul qilgan qarordan taajjubda emasligini aytadi. Yaponiya, deydi Lambert xonim, Fransiya parrandalarni grippga qarshi emlashni boshlagan zahoti importlarni to’xtatishini bildirgan edi. "Muammo shundaki, Yaponiya va AQSh boshqa mamlakatdan import qilishni boshlashi mumkin," -deydi Lambert.

Ayni paytda xavotirga tushgan Fransiya fermerlarining ba’zilari mamlakat fuqarolarini parranda go’shti xarid qilib, uning xavfsiz ekanligini dunyoga namoyish etishga chaqirmoqda.

Muxbirimiz Liza Brayantning xabar berishicha, Fransiya Yevropadagi uy parrandasida gripp topilgan ilk mamlakat bo’lsa-da, virus yovvoyi qushlarda mintaqa bo’ylab boshqa joylarda, jumladan Germaniyada ham topilgan. Yevropa Ittifoqiga ko’ra, virusga moslashish vaqt talab qiladi.

XS
SM
MD
LG