Breaking News

O'zbekiston Senatida qator qonunlar tasdiqlandi


24-25 fevral kunlari O`zbekiston Oliy Majlisi Quyi Palatasi - Senatning beshinchi yalpi majlisi o'tkazildi. Unda senatorlar qator qonunlarni muhokama qilishgan, jumladan, “Fermerlik to`g`risida”, “Xo`jalik sub’ektlari ustidan davlat nazorati to`g’risida”, “Tadbirkorlik harakatining erkinligini kafolatlash to`g`risida”, “Xusisiy korxonalar to`g`risida” kabi bir qator qonunlar va ularga o`zgartirishlar tasdiqlangan. Senat, shuningdek, bir nechta xalqaro shartnomalarni ham ratifikatsiya qildi.

O`zbekiston Senatining majlisida so`zga chiqqan prezident Islom Karimov O`zbekistonda ikki palatali parlament tashkil topishining ahamiyati haqida gapirdi. Shu bilan bir qatorda prezident parlament faoliyatining ba`zi qirralarini tanqid ostiga oldi.

Senat faoliyati haqida fikr bildirayotgan kuzatuvchilar prezident Karimov tomonidan bildirilayotgan tanqidga qo`shilishadi. Mahalliy kuzatuvchilardan biri Baxtiyor Isabekka ko`ra, senatorlarning faoliyatsizligi davlat rahbari tomonidan yuritilayotgan siyosatga bog’liq.

- Senat ishi to`g’risida men ham Karimovning fikriga to`liq qo`shilaman. Gap shundaki, Karimov u yerda umid qilyapti, men esa umid qilmayman. Chunki haqiqiy ma’nodagi, Yevropa mamlakatlaridagi, AQShdagi kabi haqiqiy senatning bizda bo`lishi mumkin emas. U Senat nomiga taqlid sifatidagina tashkil etilgan. U yerda biron-bir qonunning puxta bo`lishi, mamalakatga, millatga foyda keltirishi uchun jon kuydirib muhokama qiladigan senatorlarning o`zi yo`q. Bunday senatorlarning bo`lmasligi uchun esa prezidentning o`zi juda ko`p harakat qilgan, - deydi Baxtiyor Isabek.

Majlis davomida senatorlar Rossiya bilan O`zbekiston o`rtasidagi ittifoqchilik shartnomalari hamda O`zbekistonning Yevrosiyo Iqtisodiy Hamkorligi tashkilotiga qo’shilishi haqidagi qonunlarni ma’qullashdi.

Xalqaro shartnomalar ratifikatsiyasi haqida fikr bildirgan kuzatuvchi Baxtiyor Isabekka ko`ra, bir paytlar Oliy Majlis deputatlari davlat rahbariga qo’shilgan holda Rossiyani va Yevrosiyo Iqtisodiy Hamkorligi tashkilotini tanqid ostiga olishgan, hozir esa ikkala palata vakillari ham prezidentga qo’shilib bu tashabbuslarni ma’qullash bilan band.

Baxtiyor Isabekning aytishicha, O`zbekistonda uchinchi palata joriy qilingan taqdirda ham senatorlardan mustaqil ravishda tashabbus bilan chiqishlarini kutib bo`lmaydi.

XS
SM
MD
LG