Markaziy Osiyo xabarlari-28 fevral


QIRG’IZISTON-ROSSIYA

25 fevral kuni Rossiyaning Sankt Peterburg shahrida noma’lum tajavvuzkorlar 28 yoshli, Qirg’iziston fuqarosi bo’lgan bir qozoq ayolni o’ldirganlar. Shahar prokuraturasi tomonidan bu jinoyat etnik husumat deya baholangan.

25 fevral kuni ertalab bir necha kishi ikki qirg’izistonlikka hujum qilgan. Biri jinoyat joyida halok bo’lgan bo’lsa, ikkinchisi pichoqdan olgan jarohati tufayli, og’ir ahvolda kasalxonaga keltirilgan, deya ma’lum qiladi shahar ichki ishlar boshqarmasi.

Tajavvuzkorlar qochib ketganlar. Ammo jabrdiydalarning hech bir narsasi o’girlanmangan. Tergov ishlari davom etmoqda.

QOZOG’ISTON

Qozog’iston Senati raisi, davlat xavfsizlik xizmatining besh agenti va ikki sobiq zobit Qozog’iston muxolifati vakili Altinbek Sarsenbayevni o’ldirganlikni tan oldilar.

Dushanba kuni Qozog’iston Ichki ishlar vaziri Baurjan Muhammedjanov poytaxt Ostonada bayonot berar ekan, Senat ma’muriyati boshlig’i Yerjan Utembayev 60 ming dollar pul evaziga Sarsenbayev o’limini buyurgan, dedi. O’z o’rnida u besh nafar xavfsizlik xodimlarini yollagan, deyiladi ichki ishlar vaziri bayonotida.

Utembayev bu qilmishini unga qarshi muxolifat tomonidan yog’ilgan tanqidlar tufayli va ular uning shaxsiyatiga putur yetkazgani uchun sodir etdim, deya izohlagan.

Muxolifatchilar esa Sarsenbayevning o’limiga hukumatning boshqa yetakchilari ham aloqador degan fikrni ilgari surib, Ak Jo’l partiyasi rahbari o’limi shaxsiy emas, siyosiy sabablar bilan amalga oshirilgan, deya ta’kidlamoqdalar.

O’ZBEKISTON-AQSh

AQShda joylashgan Qayta tayyorlash va Taraqqiyot instituti tomonidan Xiva va Qoraqalpog’istonda hunarmandchilik almashinuv dasturi olib boriladi.

Dasturga asosan, 2006 yilning may-aprel oylarida olti amerikalik hunarmand ikki hatfa davomida O’zbekistonda bo’lsa, shu yilning oktabr oyida 10 nafar o’zbekistonlik hunarmand uch hafta mobayninda AQShning shimoli-sharqida san’at namunalari ko’rgazmasi namoyish etib, darslar beradilar.

XS
SM
MD
LG