BMT qochqinlar taqdiridan xavotirda, Toshkentda esa jimjitlik


BMT Qochqinlar bo'yicha Bosh komissariyatining O'zbekiston hukumatiga Ukrainadan deportatsiya qilingan qochinlar taqdirini aniqlash bo'yicha qilgan murojaatlari samarasiz qolmoqda. Kuzatuvchilar nazarida qochqinlar Ukraina xavfsizlik xizmatidagi korrupsiya va davlatlar o'rtasidagi iqtisodiy aloqalar qurboni bo'lgan.

BMTdan boshpana so`rayotgan 10 nafar o`zbekistonlik Ukrainadan O`zbekistonga deportatsiya qilinganiga 20 kundan ko`proq vaqt o`tmoqda. BMT Qochqinlar bo`yicha Bosh komissariyati tomonidan 24 fevral kuni o`tkazilgan matbuot anjumanida O`zbekiston hukumati BMTdan siyosiy boshpana so`ragan qochqinlar taqdiri haqida hech qanday ma`lumot bermayotgani, ular bilan uchrashish haqidagi murojaatlar samarasiz qolayotgani ta’kidlab o`tilgan.

Qrimda ushlangan o`zbekistonliklar Toshkentga qaytarib yuborilganidan so`ng Ukraina hukumati bir qator xalqaro tashkilotlar, inson huquqlari himoyachilari tomonidan keskin tanqidga olindi va rasmiy Kiyev xalqaro bitimlarni buzayotganlikda ayblandi.

Ukraina hukumati tomonidan amalga oshirilgan bu harakat o`zbekistonlik demokratik kuchlar, inson huquqlari himoyachilari tomonidan tanqid qilib kelinmoqda. Inson huquqlari faollariga ko`ra Ukraina hukumatining bunday qarorga kelishiga uning mintaqadagi gaz eksportidan manfaatdorligi sabab bo`lgan.

O`zbekiston inson huquqlari jamiyatining bu borada tarqatgan bayonatida aytilishicha, Ukrainada demokratik tuzumga o`tilishi O`zbekistondagi demokratik kuchlar tomonidan qanchalik qo`llab-quvvatlangan. Jamiyat raisi Tolib Yoqubov shularni gapiradi:

“Yushenko hukumati xalqaro shartnomalarni buzdi. Yushenkoni Andijonda qanday voqealar bo`lgani, ularning mohitidan xabari yoq, deb hisoblab ham bo`lmaydi. Shuningdek, Yevropa Ittifoqi O`zbekistonning sobiq Ichki ishlar vaziri Zokir Almatovni, Milliy xavfsizlik xizmati raisi Inoyatovni Yevropa davlatlariga kirishini ta`qiqlaganidan ham Yushunko xabarsiz edi, deyish noto’g’ri.”

O`zbekiston inson huquqlari tashabbus guruhi raisi Surat Ikromovga ko`ra hozirda mahalliy inson huquqlari himoyachilarida deportatsiya qilingan fuqarolarning qayerda saqlanayotgani haqida aniq ma’lumot yoq, lekin ularning qiynoqqa solinishi mumkinligi haqida gapirish mumkin.

“Qiynoqlarni qo`llash O`zbekistonda sistematik ravishda amalgam oshiriladi. Shu bois ham ular tergov jarayonlarida qiynoqqa solinayotgan bo`lishi mumkin. Ularning taqdiri haqida esa biz faqat qarindoshlari va yoki sud jarayonlarida qatnashibgina xabardor bo`lishimiz mumkin. Deportatsiya qilinganlar bilan uchrashish uchun bizda boshqa imkoniyat yo`q”, - deydi Surat Ikromov.

Ukraina ommaviy axborot vositalarida tarqatilgan xabarlarga ko`ra Ukraina Ombudsmeni deportatsiya qilingan o`zbekistonliklar masalasini ko’rib chiqmoqda va O`zbekistondagi Ombudsmen Sayyora Rashidovaga deportatsiya qilingan fuqarolarni o`z nazoratiga olishi haqida iltimosnoma jo`natgan.

Ukrainadagi nodavlat tashkilotlar esa Ukraina parlamentidan bu boradagi xalqaro bitimlarni buzgan rasmiylarni iste’foga chiqarishni talab qilmoqda. Ukraina tashqi ishlar vazirligi tomonidan bildirilgan munosabatda aytilishicha, o`zbekistonlik qochqinlar muhojirlik haqidagi qonunlarni buzgani uchun ham deportatsiya qilingan. Ukraina rasmiylarining bu bayonotlari xalqaro tashkilotlar, inson huquqlari himoyachilarining ham keskin e’tiroziga sabab bo`lmoqda.

“Ularning to`qqiztasining qo`lida BMTning Qochqinlar bo`yicha komissarligi tomonidan berilgan hujjat bo`lgan. Bu hujjat ularga Ukrainada qolish, boshpona izlash huquqini berar edi. Ukraina hukumati vakillari bu hujjatlarni inobatga olishmadi va xalqaro bitimlarni mensishmadi”, - deydi Tolib Yoqubov.

Mahalliy kuzatuvchilardan biri Komron Aliyevga ko`ra Ukraina hukumatining deportatsiya haqidagi qaroriga Ukraina xavfsizlik xizmati organlaridagi korrupsiya va yoki davlatlar o`rtasidagi iqtisodiy aloqalar sabab bo`lgan.

“Masalan, O`zbekiston gazni Ukrainaga Rossiyaga nisbatan qimmat sotishi mumkin. Davlatlar o`rtasida iqtisodiy aloqalarda kelishuvga kelish nimalar bilan bo`gliq ekanligi ko`pincha oshkor etilmaydi”, - deydi Komron Aliev.

Yuzlab tinch aholi qurbon bo`lgan Andijon voqealaridan so`ng mamlakatdan bir necha yuzlab fuqarolar o’zga panoh izlab chiqib ketgan edilar. Shular qatorida chiqib ketgan 11 nafar qochqin Ukrainada O`zbekiston prokuraturasining talabiga ko`ra ushlangan va ular BMT tomonidan qochqinlik maqomi berilishiga qaramasdan O`zbekistonga jo`natilgan.

Xalqaro bitimlarga ko`ra qochqinlar qiynoqlar qo`llaniladigan mamlakatga deportatsiya qilinishim mumkin emas. O`zbekiston esa qiynoqlar muntazam ravishda qo`llaniladigan mamlakatlar sirasiga kiritilgan.

XS
SM
MD
LG