AQSh Markaziy Osiyoga islohotlar evaziga moliyaviy yordam beradi


28 fevral kuni AQShning Vakillar Palatasi qo’mitasi Markaziy Osiyoda Demokratiya va Inson Huquqlari nomli qonunni jadal tarzda tasdiqladi, va bu orqali O’zbekiston, Tojikiston, Turkmaniston, Qirg’iziston va Qozog’istonga moliyaviy ko’mak berishga qaror qildi.

Qonun loyihasining Vakillar Palatasida jadal ravishda ko’rib chiqilgani shundan dalolat-ki, AQSh Kongressi Markaziy Osiyoda demokratiya va barqarorlik borasida tashvishdadir.

Qonunda ko’rsatilishicha, AQShning insonparvarlik ko’magidan tashqari boshqa har qanday yordam turlari mintaqada demokratizatsiya, fuqarolik va diniy erkinliklar va inson huquqlarining ta’minlanishiga bog’lanishi kerak. Demak, bu huquqlar ta’minlanmasa, mintaqa davlatlariga ko’mak ham berilmaydi. Shuningdek, qonunda mintaqa xalqi uchun radio eshittirishlar va televizion dasturlar tayyorlovchi Amerika Ovozi kabi AQSh moliyalovchi ommaviy axborot vositalariga qo’shimcha pul ajratiladi.

Vakillar Palatasining Afrika va Global Inson Huquqlari bo’yicha quyi qo’mitasi raisi, respublikachi kongressmen Kris Smitning kecha ta’kidlashicha, Markaziy Osiyo davlatlari noto’g’ri yo’ldan ketmoqda.

Xususan, O’zbekiston haqida gapirar ekan, prezident Karimov Sovet davridan qolgan senzurani quvvatlab, diniy erkinliklarni cheklab va siyosiy muxolifatga yo’l bermay, mamlakatni xavfsizlik kuchlariga asoslangan repressiv davlatga aylantirdi, dedi kongressmen Smit.

Muxbirimiz Den Robinsonning xabar berishicha, endilikda AQSh prezidenti Markaziy Osiyo davlatlariga ko’mak ajratishidan oldin, har bir mamlakatda besh kategoriya, ya’ni demokratizatsiya, so’z erkinligi, diniy erkinlik, qiynoqlar va qonun ustivorligi ahvoli ko’rib chiqiladi.

XS
SM
MD
LG