O'zbekiston-Amerika aloqalarini tiklash mumkinmi?


O'tgan yili Andijon voqealaridan so'ng keskin salbiylashgan O'zbek-Amerika aloqalari AQShdagi ba'zi mutaxassislar tomonidan tahlil qilinishda davom etmoqda. Shu haftada poytaxt Vashingtondagi Jons Xopkins universitetida yana ikki mutaxassis ishtirokida "O'zbek-Amerika aloqalarini tiklash mumkinmi?" mavzusi yuzasidan muhokama bo'lib o'tdi. Biz har ikkala mutaxassis bilan ana bu borada suhbat o'tkazdik.

Har ikkala suhbatdosh ham Markaziy Osiyo va xususan O'zbekistonni kitob yoki televizor orqali emas, balki mintaqada bir muddat vaqt o'tkazib, olib borgan tadqiqotlari orqali biladi. AQShning “Yu-Pi-Ay”(UPI) axborot agentligi muxbiri doktor Jon Deyli O'zbekistondagi so'nggi parlament saylovlarida kuzatuvchilik qilgan.

Uning aytishicha, Qo'shma Shtatlar Afg'onistondagi harakatlarining muvaffaqiyatli o'tishini istasa, O'zbekiston bilan aloqalarini yaxshilashi lozim. Doktor Deyliga ko'ra, ikki tomonlama munosabatlarga eng avvalo ikkala davlatning bir-biridan ko'p narsalarni kutgani pand bergan.

Jon Deyli: Rasmiy Toshkent Rossiya nazorati ostidan chiqishga harakat qilgan. AQSh esa O'zbekistondagi voqelikni noto'g'ri qabul qilib, mamlakatni ochiq jamiyatga aylantira olaman, deb o'ylagan. Biroq munosabatlarning yomonlashishuviga inson huquqlariga nisbata ko’rsatilgan turlicha munosabat sabab bo'lgan.

Bundan tashqari, deydi Jon Deyli, AQSh O'zbekistonga teng hamkor sifatida emas, hech bo'lmaganda Turkiya darajasidagi hamkor sifatida emas, balki o'zidan ancha past musulmon hamkor sifatida qaragan.

Jon Deyli: AQShning Iroqdagi Abu G'arib va Kubadagi Guantanamo qamoqxonalaridagi muammolari ositda Bush ma'muriyatining inson huquqlari borasidagi siyosati AQSh dushmanlari va hatto ba'zi do'stlari tomonidan ikkiyuzlamachi siyosat deb qabul qilindi.

AQSh mudofaa vaziri idorasida uch yil davomida Markaziy Osiyodagi harbiy siyosatni belgilash bo’limida direktor bo'lib ishlagan podpolkovnik Kurt Meppen ham Jon Deyliga qo'shilgan holda, ikki mamlakatning o'zaro hamkorlikdan umidlari turlicha bo'lganini ta'kidlaydi.

Kurt Meppen: 2002 yilda Strategik hamkorlik to'g'risidagi shartnomaga qo'l qo'yganimizda, biz nafaqat harbiy munosabatlarni nazarda tutganmiz. U har tomonlama aloqalar taraqqiyotini o'z ichiga olgan hujjat edi. AQSh O'zbekistonda siyosiy va iqtisodiy islohotlarning o'tkazilishi tarafdori edi, biroq muammo islohotlarni qay maromda amalga oshirishda edi.

O'tgan yil may oyidagi Andijon voqealari, amerikalik jurnalist Jon Deyliga ko'ra, aloqalarning yanada salbiylashishiga olib keldi. Bu esa O'zbekistonni Rossiyaga yuz tutishga majbur qildi.

Jon Deyli: O'zbekiston Moskva bilan oldingiga qaraganda qaram davlat mavqesidan yiroqlashishga va teng hamkorlikka asoslangan munosabatlarni qurishga intilmoqda. AQShning O'zbekiston milliy manfaatlariga tegishli deb bilgan masalalarga bosim o'tkazishda davom etishi, O'zbekistonni mintaqada rasmiy Moskva, ma'lum darajada Xitoy va Hindiston quchog'iga tashlashga majbur qilmoqda.

Qo'shma Shtatlar, deb maslahat beradi Jon Deyli, o'zining Iroq va boshqa joylardagi inson huquqlari bilan bog'liq muammolaridan kelib chiqib, O'zbekistonga nisbatan o'z siyosatini qayta ko'rib chiqishi zarur.

Jon Deyli: Rasmiy Vashington inson huquqlari bobidagi ohangini bir oz yumshatishi zarur. Parda ortidagi muhokamalarning ochiq bayonotlardan ko'ra foydasi ko'proq. O'zbekistonni yakkalash AQSh manfaatlariga xizmat qilmaydi. Ikki mamlakat o'rtasidagi hali yosh munosabatlarga yana bir imkoniyat berish kerak va ularga muvozanat elementini kiritish zarur.

Podpolkovnik Kurt Meppenga ko'ra, O'zbekiston va AQSh o'rtasidagi harbiy aloqalarning boshqa yo'nalishlardagi hamkorlikdan ustun qo'yilgani katta xato bo'lgan.

Kurt Meppen: Biz 2002 yildagi aloqalarga endi qaytib kelmaymiz. Buning hojati ham yo'qdir. Biroq ikki davlat o'rtasida hali ham diplomatik aloqalar bor, muloqotlar o'tkazilib turibdi. Ayni paytdagi vazifamiz - qarashlarimizdagi tavofutlarni emas, balki o'zaro manfaatlarni qidirish kerak.

Kurt Meppen suhbatimizni savol bilan yakunladi.

Kurt Meppen: "Ayni damdagi O'zbek-Amerika aloqalarini tiklash uchun rasmiy Toshkent va Vashingtonda xohish va iroda bormi?" Agar bo'lsa, deydi podpolkovnik Meppen, u holda olg'a siljish mumkin. Chunki bu mamlakatlarimiz manfaatlaridadir. Buni har ikki tomon rahbariyati anglab yetsa bas".

XS
SM
MD
LG