Markaziy Osiyo xabarlari-3 mart


QIRG’IZISTON

Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik tashkilotining bosh kotibi janob Mark Perrin de Brishambo bugun Qirg’izistonga tashrif buyurdi, deya ma'lum qiladi Qirg’iziston Tashqi ishlar vazirligi.

Tashrif davomida janob Brishambo president Bakiyev, tashqi ishlar vaziri Jekshenkulov va parlamentning yangi spikeri Sultonov bilan uchrashadi.

Uchrashuvlar chog’ida tashkilot va Qirg’iziston orasida erishilgan yutuqlar va amalga oshirilishi kutilayotgan loyihalar muhokama qilinadi. Bosh kotib shuningdek, mamlakat ichki ishlar mutasaddilari uchun mo’ljallangan maxsus dastur va Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik tashkilotining Bishkekdagi akademiyasi faoliyati bilan ham yaqindan tanishishni rejalashtirgan.

TOJIKISTON

Tojikiston-Qirg’iziston chegaralarini delimitatsiya va demarkatsiya qilish bo’yicha hukumatlararo qo’mita, ikki davlat orasidagi chegara chizig’ini aniqlashga kirishdi. Bu Tojikiston poytaxti Dushanbeda olib borilgan besh kunlik muzokara natijasi sifatida baholanmoqda.

Tojikiston Tashqi ishlar vazirligiga ko’ra, bu chegara muammosini yechishda salmoqli va sezilarli ilk qadamdir. Aytib o’tish joiz, Tojikiston va Qirg’iziston o’zaro 911 kilometrlik chegaraga ega.

AFG’ONISTON

Afg’oniston hukumati Eron, Pokiston va Xitoy bilan savdo aloqalarini rivojlantirish va jinoyatlarni oldini olish maqsadida chegara xavfsizligi kelishuvini imzoladi.

Mazkur kelishuvga Qatarda ikki kun davom etgan va Afg’oniston chegara xavfsizligi mavzusiga bag’ishlangan anjumanda erishildi.

Hozirda Afg’onistonning boshqa ikki qo’shnisi - Tojikiston va Turkmaniston - bilan ham huddi shunday kelishuvga erishish uchun muzokara olib borilmoqda.

XS
SM
MD
LG