AQSh Davlat departamentida Eron bo'yicha maxsus idora ochiladi


AQSh Davlat departamentiga ko’ra, davlat kotibasi Kondoliza Rays departamentda Eron masalalai bilan shug’ullanuvchi mutaxassislar va diplomatlar sonini oshirmoqda. Muxbirimiz Deyvid Gollastning xabar berishicha, bu o’zgarish Eronda demokratiyani targ’ib qilish maqsadi doirasida amalga oshirilmoqda.

Rasmiylarning ta'kidlashicha, Rays xonim Eron masalalari bilan shug'ullanuvchi maxsus idora tashkil etib, jumladan fors tilida so’zlashuvchi AQSh diplomatlarini xorijiy mamlakatlar poytaxtlarida joylashtirmoqda, toki ular quvg’indagi eronliklar bilan aloqaga kirsinlar.

Eron bo’yicha maxsus idoraning tashkil etilishi bu mamlakat ishlari bilan shug’ullanuvchi AQSh diplomatlari sonining anchaga o’sishi ham demakdir.

Eslatib o’tamiz, o’tgan oyda Rays xonim Eronga radio va televizion dasturlarni ko’paytirish, hamda ta’limiy almashinuv va boshqa dasturlar uchun Kongressdan qo’shimcha 75 million dollar so’ragan edi.

Shuningdek, Birlashgan Arab Amirliklarining Dubay shahrida Eron masalalari bilan shug’ullanuvchi mintaqaviy markaz tashkil etiladi.

AQSh Davlat departamenti vakili Adam Erelining ta’kidlashicha:

- Eron juda muhim davlat, va muhimligicha qoladi. Biz fors tilida so’zlasha oladigan, mintaqani va Eronni yaxshi tushungan diplomatlar sonini oshirishimiz kerak.

Muxbirimiz Deyvid Gollastning xabar berishicha, AQSh Eronni terrorizmni quvvatlayoganlikda, hamda Isroil-Falastin mojarosini chigallashtirishga urinayotgan ektremistlarga dalda bo’layotganlikda ayblab keladi.

XS
SM
MD
LG