Demokratik kuchlar Kongress tasdiqlagan qonunni olqishlamoqda


AQSh Kongressining Vakillar Palatasi tomonidan Markaziy Osiyo mamlakatlarida demokratik islohotlarni qo'llab-quvvatlash to'g'risidagi qonun loyihasining qabul qilinishi O`zbekistondagi o’zini demokratik kuchlar deb atayotgan guruhlar munozarasiga sabab bo`lmoqda.

O`zbekistondagi demokratik kuchlar mamalakatda demokratik islohotlar o`tkazilmagan taqdirda AQSh tomonidan hukumatga berilayotgan yordamning qisqartirilishi yoki to`xtatilishi lozimligini tabiiy ravishda qo`llab-quvvatlashadi. Muxolifat vakillariga ko`ra, qonun nodavlat tashkilotlarga yordam berish mexanizmlari ishlab chiqilib, maqsadli ravishda ko`rsatilgandagina samara berishi mumkin.

Biroq shu bilan birga AQSh tomonidan O`zbekistondagi demokratik islohotlarni qo`llab-quvvatlash jarayoni muxolifatning ma'lum tanqidlariga ham sabab bo`lmoqda.

“Erk” demokratik partiyasining Bosh kotibi Otanazar Oripovning aytishicha, Qo'shma Shtatlar tomonidan demokratiyaga yordam tariqasida avval ajratilgan mablag`lar demokratiyaga qarshi ishlatilgan.

“Bu O`zbekiston hukumati tutgan yo`l orqali shunday bo`ldi, ya'ni ajratilgan mablag`lar o`z manzilini topmadi. Biz buni avval ham AQSh hukumati vakillariga aytganmiz. Endi go`yo AQSh nima bo`layotganini tushunganday. Avval ko`z yumayotgan bo`lsa, endi ko`z yummasa kerak degan umid bor”, - deydi Otanazar Oripov.

AQSh Kongressida qabul qilingan qonun loyihasi agar avvalgi tartibda ishlatiladigan bo`lsa, O`zbekistondagi vaziyatga zarar yetkazishi mumkin, deb hisoblaydi “Erk” partiyasining bosh kotibi.

Muxolifatdagi “Birlik” partiyasining yetakchilaridan biri Vasila Inoyatovaga ko`ra, odatda yurt mustaqilligi chetdan kelayotgan mablag`lar evaziga qurilmaydi, biroq hozirda O`zbekistondagi mavjud sharoit demokratik yo`nalishdagi kuchlarning harakatlanishi uchun ma`lum yordam ko`rsatilishini talab etmoqda.

“Ozod dehqonlar” partiyasining raisi Nigora Hidoyatova O`zbekistondagi vaziyatni o`zgartirish nafaqat ichkaridagi harakatlardan, balki tashqaridan ko`rilayotgan choralardan ham foydalanishni taqozo etadi, deydi.

“Shu ma'noda AQSh Kongressida qabul qilingan aktning albatta mamlakatdagi vaziyatga ta'siri bor. Hozir, bilishimcha, nodavlat tashkilotlarni moliyaviy qo`llab-quvvatlashning mexanizmlari ishlab chiqilmoqda. Umuman, O`zbekistondagi vaziyatni o`zgartirish xalqaro hamjamiyatning keng miqyosda ko`rilgan choralari orqali amalga oshishi kerak. Masalan, Yevropada Xafvsizlik va Hamkorlik Tashkiloti Andijon voqealarini mustaqil tergov qilish uchun "Moskva mexanizmini" ishga solishi zarur ”, - deydi Nigora Hidoyatova.

O`zbekiston Demokratik tashabbuslar markazi direktori Iskandar Xudoyberganovga ko`ra, AQShning bosh siyosati dunyo bo`ylab demokratik islohotlarni olg`a surish bo`lgani uchun ham mintaqa davlatlariga ko`mak ko`rsatilmoqda.

“G`arb insoniyatning demokratik shakldagi taraqqiyotidan manfaatdor”, - takidlaydi Xudoyberganov.

Iskandar Xudoyberganov AQShning Markaziy Osiyo davlatlaridagi demokratik islohotlar uchun ko`rsatayotgan yordamidan O`zbekistonning manfaatdorligini sust darajada baholaydi.

“O`zbekistonning imkoniyati juda arzimas bo`ladi, chunki mamlakatdagi barcha xalqaro nodavlat tashkilotlar faoliyati tugatildi. Gap faqat mablag` bilan ta'minlashda emas. Aholiga inson huquqlari va fuqarolik jamiyati haqida tushuncha berish imkoniyatlari yo`qqa chiqarildi”, - deydi u.

Iskandar Xudoyberganovning bildirishicha, O`zbekistondagi demokratik islohotlarning boy berilayotganiga mamlakatda faoliyat yuritayotgan muxolifat vakillarining tarqoqligi ham sabab.

“Mamlakatdagi demokratik muxolifatga ko'mak bermoqchi bo`lgan donorlar ham ularning tarqoqligidan xavotirga tushadi, berilayotgan yordamning aksincha ta'sir qilishidan saqlanadi”, - deydi Isakandar Xudoyberganov.

AQSh Kongressida Markaziy Osiyoda demokratik islohotlarni qo'llashga qaratilgan qonundan Qirg`iziston va Qozog`iston respuliklarining rivojlanishlariga sezilarli ta`sir bo`lishi ham aytilmoqda.

XS
SM
MD
LG