Breaking News

O'zbekistonda chet-el nodavlat tashkilotlari yopilmoqda


O’zbekiston hukumati mamlakatda faoliyat ko’rsatayotgan G’arb tashkilotlariga qarshi tazyiqini kuchaytirmoqda. Ba’zi mintaqaviy tahlilchilar nazarida, bu AQShga qarshi qaratilgan kampaniyadir. Yaqin kunlarda Fridom Xaus (Freedom House) va Yevrosiyo Jamg’armasi (Eurasia Foundation) ham ana shu tazyiqqa uchradi.

Fridom Xaus direktorining o’rinbosari Tomas Meliya O’zbekiston hukumatining tashkilotga nisbatan qo’llagan chorasini shunday izohlaydi:

"Yanvar oyining o’rtalarida Toshkent fuqarolik sudi bir necha oylik jarayondan so’ng tashkilotimiz ikki qonunni buzgan degan xulosaga keldi. Qonunlarning ba’zilari sud jarayoni paytida kuchga kirgan. Sud tashkilotning O’zbekistondagi idorasini 6 oyga yopishga qaror qildi. Bizning appelyatsiyamiz qondirilmadi. Bundan tashqari Toshkent fuqarolik sudi O’zbekistondagi aktivlarimizni yo’qotish uchun qaror chiqardi."

Janob Meliyaga ko’ra, Fridom Xaus tashkiloti mahalliy fuqarolarni inson huquqlari buzilgan hollarni hujjatlashtirishga o’rgatib, treyninglar o’tkazgan va nohaq ayblanganlarga qonuniy himoya ko’rsatib kelgan.

"Bizga qo’yilgan ayblardan biri odamlarning idoramizdagi Internetdan foydalanishiga ruxsat berganmiz. Buni nimasi noqonuniy? Boshqa ayb – ro’yxatdan o’tmagan guruhlarga idoramizda uchrashib turishga imkoniyat berganmiz. Bizning Toshkentda tashqari Namangan va Samarqand shaharlarida ham idoralarimiz bo’lgan. Biroq ularni bir necha oy oldin yopishgan."

Fridom Xausni yopish haqidagi sud qarori 6 mart kuni chiqdi. Xuddi shu kuni sud boshqa bir tashkilot – Yevrosiyo Jamg’armasining O’zbekistondagi foaliyatlarini to’xtatgan. Bundan tashqari sud, ta’lim bilan shug’ullanadigan AYREKS tashkiloti, mustaqil matbuotga ko’mak ko’rsatadigan Internyus tashkilotini ham yopishga qaror chiqargan edi.

Frederik Starr, Vashingtondagi Jons Xopkins universiteti qoshidagi Markaziy Osiyo-Kavkaz institutining direktori. Uning aytishicha, O’zbekistondagi so’nggi voqealar Qo’shma Shtatlarga qarshi umumiy siyosat mahsulidir.

"Qandaydir ma’noda bu Amerikaning dunyoda kuchayib borayotgan ta’siriga munosabatdir," deydi professor Starr. "O’zbekiston hukumatining AQSh nodavlat tashkilotlariga nisbatan munosabati uning AQSh hukumati va kompaniyalariga munosabatining aksidir. AQShning dunyodagi aktiv harakatlari unga qarshi tanqidni keltirib chiqaradi."

Janob Starrga ko’ra, sobiq Ittifoq hududidagi ko’plab davlatlar saboqni hali ham Moskvadan olmoqda.

"Bularning barchasi Rossiyadan o’rganilmoqda degan keng tarqalgan fikr bor. Qandaydir ma’noda bu gapda jon bor. Chunki Rossiyadagi tazyiqqa olishlar ba’zi boshqa davlatlarda ham bu holdan foydalanishga asos bo’lmoqda."

Fridom Xausning Markaziy Osiyo bo’yicha dastur boshqaruvchisi Aleksandr Jupman chet-elliklar O’zbekiston hukumatining yagona nishonlari emas, dedi. Unga ko’ra, rasmiy Toshkent mahalliy tashkilotlarga ham qarshi tazyiqlar o’tkazgan.

"Turli tashkilotlarga qarshi – xoh u demokratik faol bo’lsin, xoh u asalarichilar jamiyati bo’lsin, xoh u futbolchilar tashkiloti bo’lsin," deydi u. "Mamlakatda tashkil topgan har bir guruh sistematik ravishda yopib kelingan."

Jupmanga ko’ra, O’zbekiston hukumatining siyosati Markaziy Osiyodagi umumiy siyosatni aks ettirmoqda. Qirg’iziston bundan mustasno.

"Kelasi bir necha oy Markaziy Osiyoda bu borada juda muhim davr bo’ladi. Mintaqada mamlakatlarning qaysi yo’nalishda ketayotganiga nazar solsak, O’zbekiston bilan Turkmaniston Qirg’izistondan qarama-qarshi yo’nalishda harakatlanmoqda. Qozog’iston ham pastga qarab ketayotgan ko’rinadi."

Janob Jupmanning aytishicha, Fridom Xaus bundan keyin O’zbekistonga nisbatan qanday ish yuritishini belgilaganicha yo’q, biroq shunga qaramay o’zbekistonliklarga ko’maklashishda davom etadi.

XS
SM
MD
LG