Breaking News

"Karimov hokimyat abadiy emasligini tushunmog'i lozim"


Yaqinda AQSh Vakillar Palatasi ma’qullagan qonun loyihalaridan biri, Amerika hukumatidan Markaziy Osiyo davlatlariga moliyaviy yordamni demokratik islohotlar va inson huquqlarining e’zozlanishi evaziga berilishini talab qiladi. Mazkur qonun respublikachi kongressmen, Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik bo’yicha AQSh Xelsinki komissiyasi raislaridan biri Kristofer Smit tomonidan taqdim etilgan.

Amerika Ovozi muxbiri Navbahor Imamova AQSh qonunchilik markazi Kapitoliyda kongressmen Smit bilan AQSh-O’zbekiston aloqalarining bugungi kuni va Amerikaning Markaziy Osiyoga nisbatan tutayotgan siyosati haqida suhbatlashdi.

Imamova: Janob kongressmen, suhbatlashish imkoniyati uchun katta rahmat. Sizning tashabbusingiz bilan qabul qilingan Markaziy Osiyoda Demokratiya va Inson huquqlari qonuni mintaqani repressiyadan uzoqlashtirib, erkinlik tomon yetaklashni maqsad qilgan. Sizningcha, bunga qanday qilib erishish mumkin? Buni mintaqa hukumatlariga qanday tushuntirasiz?

Kongressmen Smit: Biz Markaziy Osiyo sovet iskanjasidan qutulgach, erkinlik barq urgan hududga aylanadi, degan umidda edik. Adashgan ekanmiz: mintaqa, ayniqsa, O’zbekiston, sobiq ittifoq qulaganidan beri repressiya va totalitarizm botqog’iga yanada chuqurroq botdi. Karimov kabi rahbarlar o’zlarini zolim diktator sifatida namoyon etmoqdalar. Siz yuqorida aytib o’tgan qonundan maqsad - ana shu zulmga fuqaro jamiyatini qurish bilan javob berish. O’zbekistonda inson huquqlari dahshatli ahvolda. 2003 yilda BMT inson huquqlari bo’yicha elchisi vaziyatni fojiali deb baholagan edi. Erkinlik kurashchilariga davlat dushmanlari degan maqom berilmoqda. O’zbekiston nima uchun o’ziga bunday yo’lni tanlaganini tushunish juda qiyin.

Imamova: Janob Smit, fuqaro jamiyati deyapsiz, O’zbekistonda nohukumat tashkilotlari, muxolifatchilar davlat qonunlarini buzganlikda aybdor deb topilib, qamoqqa tashlanyapti. Sizningcha, bu ahvolda fuqaro jamiyati haqida qanday tashabbus bilan chiqish mumkin? AQSh moliyalaydigan tashkilotlar O’zbekistondan chiqib ketyapti. Rasmiy Toshkent nazarida bu guruhlar mustaqil O’zbekiston mafkurasiga qarshi faoliyat olib bormoqda. AQSh Karimov hukumatiga hali ham fuqaro jamiyati haqida nasihat qila oladi yoki uning siyosatini o’zgartirishga muyassar bo’ladi, deb o’ylaysizmi?

Kongressmen Smit: Karimov va Markaziy Osiyodagi boshqa prezidentlarga nasihat qilishda davom etamiz. Ularga inson huquqlarini bu darajada poymol etish, xalqni ezish, o’nlab emas, yuzlab namoyishchini qirib tashlash xalqni g’azabga to’ldiradi. Uning sabr kosasi to’lib, o’zingiz jar yoqasiga borib qolasiz, deb eslatamiz. O’zbekiston taraqqiy etmoqchi bo’lsa, bu yo’ldan qaytmog’i lozim. Karimov va uning qo’lidagi qog’irchoq parlament ko’zini ochib, siyosiy, iqtisodiy islohotlar boshlamog’i lozim. Men va demokratik jamiyatda yashayotgan boshqalar ham ba’zida taajubga tushamiz. Bilasizmi, nega? Karimov o’zini botir inson deb o’ylashi mumkin, ammo haqiqatda uni tanqid qilgan har odamni ta’qib qilib, o’zining naqadar qo’rqoq va zaif ekanini isbotlamoqda. O’zini rahbar yoki siyosatchi deb bilgan kishi konstruktiv tanqidni qabul qila olishi kerak. Tanqid, muxolifat va erkin matbuotning foydasi katta. O’zbekistondek buyuk, qadim xalq demokratiyaga arzimaydimi? Karimov kabi diktator xalqning orzu-niyatlarini va demokratik intilishlarini barbod qila olmaydi. Biz bu yerda Amerika yoki Yevropa qadriyatlari haqida emas, umumbashariy qadriyatlar, xalqaro jamoatchilik tomonidan tan olingan qonunlar haqida gapiryapmiz. O’zbekiston bu qonunlarga imzo chekkan. Shunday ekan, ularga rioya qilsin. O’zbekiston hukumati o’z majburiyatlarini bajarmayapti.

NI: Karimov 2002 yilda Vashingtonga kelganida, u bilan uchrashgan edingiz. AQSh-O’zbekiston o’rtasida imzolangan strategik hamkorlik shartnomasini olqishlagan edingiz. Vaholanki, o’sha paytda ham O’zbekistonda inson huquqlari ahvoli haqida xalqaro tashvishlar mavjud edi. AQSh O’zbekistonni hali ham terrorga qarshi urushda hamkor deb hisoblaydimi?

Kongressmen Smit: Haq savol berdingiz. Men Karimov bilan uchrashuvimda unga inson huquqlari va muxolifatga nisbatan munosabatdan norozi ekanimizni bildirganman. Fuqarolarini shu qadar xo’rlaydigan, qonun-tartibot organlarini repressiya quroli sifatida qo’llovchi hukumatga, terrorga qarshi urushda ishonib bo’lmaydi. Norasida odamni qiynab, uni aybni tan olishga majburlovchi kallakesarga Al-Qoida va boshqa terror guruhlariga qarshi urushda tayanib bo’lmaydi. Ayniqsa, Xonobod havo bazasidan AQSh qo’shinlarining chiqib ketishini so’ragandan keyin. Mayli, u O’zbekiston zamini. Harbiylarimizni u yerga qo’ymasin, ammo ochig’i, o’z xalqingni hurmat qil. Biz O’zbekistonning ezilgan xalqiga hamdardmiz. Amerika muhojirlar mamlakati. AQShda turli elat vakillari yashaydi va ba’zi yurtdoshlarimizning asl vatani bo’lgan bu mamlakatda shunchalik zolimlikni ko’rish kishining dilini payhon qiladi. Amerikani zulmdan qochgan kishilar bunyod etgan. Shu bois ham biz dunyo bo’ylab erkinlik va ozodlik elchisimiz. Tarixdan odamlar AQShga erkinlik izlab kelganlar. Tarix charxpalagi mana bugun O’zbekistonni ham o’sha zulm o’chog’i sifatida ko’rsatmoqda. Biz zolimlar emas, zulm chekkanlar tomonidamiz.

Biz mamlakatlardan yordamimizni ayamaymiz. Inson savdosi masalasi bo’yicha qonun yozib, bu muammoga qarshi kurashga chaqirgan AQSh qonunchisi sifatida, O’zbekistonda bu borada ijobiy qadamlar qo’yilganini quvvatlayman. Ijobiy o’zgarishni tan olmoq lozim, ammo boshqa masalalarda O’zbekiston juda orqada.

Imamova: Biz bilan gaplashgan AQSh diplomatlari, AQSh Davlat departamenti rasmiylari, O’zbekiston bilan aloqalarda endi o’zaro manfaatli sohalar, jumladan neft va tabiiy gaz boyliklari, qora dori savdosi, insonlar savdosi kabi masalalarda hamkorlik qilamiz, deyishadi. AQSh Kongressi esa inson huquqlari va demokratiya talabi bilan chiqmoqda. Tahlilchilar nazarida, Vashington hali ham Toshkentga nisbatan noaniq va mujmal siyosat yuritmoqda...

Kongressmen Smit: Markaziy Osiyoda demokratiya va inson huquqlari qonuni bilan chiqqanimizdan maqsad – O’zbekistonga bir tilda gapirib, aniq siyosat yuritish. Inson huquqlari O’zbekiston bilan aloqalarimiz, unga nisbatan siyosatimizning asosi bo’lib qoladi. Karimov buni tushunmog’i lozim. Xo’sh, AQSh nega huquqlar borasida shuncha jon kuydiryapti? Amerikaga O’zbekiston xalqining erkin bo’lishi nima uchun shu qadar muhim? Biz fuqaro jamiyati taraqqiyoti uchun mablag’ni ayamaymiz. Diktaturadan qochgan muxolifat odatda vatandan uzoqda ildiz otadi va kelajakda yangi hukumatning asosi bo’lib xizmat qiladi. Kerak bo’lsa, biz ana shu guruhlar ravnaqiga hissa qo’shamiz va Karimovning hokimiyatdan ketishini kutamiz. Ammo, men Karimovning o’zgarishlar uchun yo’l berishini afzal ko’rgan bo’lardim. Siyosatini yumshatsin, maxfiy xizmatini yig’ishtirsin. Muxolifat, matbuot va inson huquqlari himoyachilariga qarshi terror kampaniyasini to’xtatsin.

Imamova: Janob kongressmen, siz, shubhasiz, Karimov rejimining Vashingtondagi ashaddiy tanqidchilaridan birisiz. Shu davrgacha rasmiy Toshkentdan biror bir tanqidingizga javob olganmisiz?

Kongressmen Smit: Tanqiddan norozi ekanliklarini bildirishadi. Bunga qarshi emasmiz. Men O’zbekistonda ijobiy o’zgarish bo’lishini, islohotlar boshlanishini istayman, xolos.

Imamova: Karimov bilan gaplashish imkoniyati bo’lganda, nima degan bo’lardingiz unga?

Kongressmen Smit: O’zbekiston xalqi erkin va farovon jamiyatda yashashga arziydi. Insoniyat tarixdan erkinlik uchun kurashib kelgan. Sharqiy Yevropadami, Markaziy Osiyodami... Biz O’zbekiston xalqini juda hurmat qilamiz. Ammo, hukumatining hatti-harakatlaridan juda norozimiz. Hokimiyat abadiy narsa emas. Shimoliy Koreya, Belarus va O’zbekiston kabi davlatlar rahbarlari hokimiyatda umrbod qolish ilinjidalar. Ammo, vaqt kelib, ularning kuni bitadi. Ulardan zulm va g’azab meros bo’lib qoladi. Karimov buni tushunib yetishi lozim. Tarix sahifalariga Stalindek qonxo’r bo’lib, kirishni istaydimi? O’zbekistonda hozirdanoq minglab odamlar, inson huquqlari bo’yicha xalqaro tashkilotlar, g’arb davlatlari uni zolim rahbar deb hisoblaydilar. Millionlab odamlarning qonini ichgan Stalin, Xitoyda Mao Tsegun, Kambodjada Pol Pot, Ugandada Iydi Amin kabi zolim diktatorlarni kim eslaydi? Karimov ham o’zini o’shalar qatoriga kiritishni istaydimi? Istamasa, siyosatini tog’ri yo’lga burmog’i lozim. Islohotchi sifatida nom qoldirsin. Erkinlik, oydinlik va demokratiya yo’lboshchisi bo’lishga urinsin. O’zgarishlar qilishga hali ham imkoni bor. Qilmasa, boshqa diktatorlar qatori, Ruminiyada qonxo’r Chauchesko qanday tilga olinsa, shunday - kallakesar bo’lib yodda qoladi. O’zgarsa, odamlarning mehrini qozonadi, o’zgarmasa, nafratiga uchraydi.

Imamova: Suhbat uchun tashakkur, janob Smit.

Kongressmen Smit: Sizga ham rahmat.

XS
SM
MD
LG