Vahobiylikda ayblanganlar qamoq jazosiga mahkum etildi


Toshkentda vahobiylikda ayblanayotgan sakkiz fuqaro ustidan hukm o'qilgan. Yana sakkiz nafari ustidan esa Yangiyo'l tumanida mahkama jarayoni davom etmoqda. Inson huquqlari himoyachilariga ko'ra ayblanuvchilar sudga, tergov jarayonida "qiynoqqa solindik", deb bildirganlar.

Toshkent shahrining Chilonzor tuman sudi sakkiz nafar fuqaroni "Vahobiylik" oqimida a'zolikda aybdor topib, 5 yildan 6 yilgacha qamoq jazosi belgilash haqida hukm chiqargan.

Ma'lumotlarga ko`ra ayblanuvchilarning advokatlari sud jarayoni qonunchilik holatlari buzilgan tarzda o`tganini va hukm ustidan shikoyat kiritilishini bildirgan.

Toshkent viloyatining Yangiyo`l tuman sudida esa “Vahobiylik” oqimiga a`zolikda ayblanayotgan sakkiz nafar fuqaro ustidan mahkama jarayoni davom etmoqda. Ayblanayotganlarning barchasi Yangiyo`l tumanining fuqarolari.

Diniy oqimlarga a`zolikda ayblanib o`tkazilayotgan mahkama jarayonlarini nazorat qilib borayotgan O`zbekiston inson huquqlari tashabbus guruhi raisi Surat Ikromovga ko`ra Yangiyo`l tumanida sudlanayotgan ayblanuvchilar sud ha`yatiga ularga nisbatan qiynoq qo`llanilganini bildirishgan.

- Ularga agar aybni bo`ynilariga olishmasa, zo`rlashga uchrashishlari bildirilgan. Hozir viloyatda o`tayotgan mahkama jarayonida ayblanuvchilar qamoqxonada tergov jarayonida kaltaklanishganini, qiynoqqa, tayziqqa uchrashganini aytishmoqda. Lekin ularga qo`yilgan ayblar o`z isbotini topayotgani yoq, - deydi Surat Ikromov.

O`zbekiston prokuraturasi qamoq jazosi hukm qilinganlar va mahkama jarayonida ayblanayotgan fuqarolarni ham Jinoyat kodeksining 244-moddasi, ya'ni ta`qiqlangan diniy ekstremistik guruhlarga a`zolikda va noqonuniy guruh tuzishga harakat qilganlikda ayblamoqda.

XS
SM
MD
LG