AQSh Inson huquqlari tahlilnomasi O'zbekistonda tanqid ostida


O`zbekiston matbuoti AQSh Davlat departamentining Inson huquqlari bo`yicha bu yilgi tahlilnomasini ikki-yuzlamachi siyosatga asoslangan hujjat deb baholamoqda.

Markaziy nashrlarda e`lon qilingan “Inson huquqlari masalasidagi ikkiyoqlama standartlar xusisida”gi maqolaga ko`ra AQSh Davlat departamenti tomonidan 2005 yilda dunyoda inson huquqlariga oid vaziyat haqida chiqarilgan doklad noxolis, ikkiyoqlama satandartlarga asoslangan. AQSh hukumati, deyiladi unda, avvalo AQShda inson huquqlari bilan bo`gliq masalaga e`tibor qaratishi lozim.

Maqola muallifi O`zbekiston Axborot Agentligi sharhlovchisi Anvar Boboyevga ko`ra uning maqolasini hukumatning rasmiy pozitsiyasi sifatida emas, balki sodir bo`layotgan jarayonlarni kuzatgan sharhlovchining munosabati sifatida qabul qilish kerak. Maqolada, asosan inson huquqlari bo`yicha dokladga nisbatan Xitoy, Rossiya, Venesuela kabi davlatlar tomonidan bildirilgan munosabatlarga to`xtab o`tiladi.

Jumladan, Xitoy dokladga nisbatan, AQShning o`zida inson huquqlari toptalmoqda va AQSh ko`rsatgan agressiya tufayli Iroqda minglab tinch aholi qurbon bo`lyapti, deb bildirdi. Rossiya Tashqi ishlar vazirligi esa dokladni ikkiyoqlama standartni aks ettiruvchi hisobot, deb ta’rifladi.

Maqolada O`zbekiston rasmiy doiralarining Departament tomonida chiqarilgan dokladga munosabatlari o`rin olmagan. Kuzatuvchilar esa O`zbekiston rasmiy nashrlaridagi mazkur maqolani O`zbekiston hukumatining munosabati sifatida qabul qilmoqdalar.

Anvar Boboyevning aytishicha, unga O`zbekiston rasmiy doiralarining bu dokladga nisbatan munosabati ma`lum emas.

Anvar Boboyevga ko`ra O`zbekistonda militsiyaning propiska masalasidagi talablari bilan bog`liq masalani hisobga olmaganda, inson huquqlariga oid vaziyat juda yaxshi.

- Bu ham xavsizlik choralarini ko`rish bilan bo`gliq, - deydi u.

AQSh davlat departamenti tomonidan e`lon qilingan dokladda O`zbekistonda inson huquqlariga oid vaziyat keskin yomonlashgani bildirib o`tiladi.

Xalqaro va mahalliy inson huquqlari himoyachilariga ko`ra 2005 yil O`zbekistonda inson huquqlari keskin toptalgan yil bo’ldi. Bunda Andijon voqealari paytida “yuzlab tinch aholining qurbon bo`lishi” va keyinchalik inson huquqlari himoyachilariga nisbatan boshlangan tayziqlar misol tariqasida keltiriladi.

O`zbekiston Inson huquqlari jamiyati raisi Tolib Yoqubov AQSh tomonidan e`lon qilingan dokladda O`zbekistondagi inson huquqlariga oid hozirgi vaziyat amaldagidan ko`ra biroz yengilroq ham ko`rsatilgan.

- O`zbekistonda inson huquqlariga oid vaziyat oyoq ostiga olingan, toptalmoqda. Shu yilning o`tgan uch oyi esa inson huquqlariga oid vaziyatning yanada yomonlashayotganligini ko`rsatmoqda, - deydi Tolib Yoqubov.

Uning fikricha, inson huquqlari har qar qanday demokratik mamalakatda buzilishi mumkin.

- Gap buning qamrovi qanchalik ekanligi haqida. O`zbekistonda inson huquqlarining buzilishini har qadamda, ommaviy ravishda uchratish mukin. Men AQSh hukumatini ideallashtirmoqvhi emasman. Lekin AQSh tomonidan butun dunyoda demokratiyani shakllantirish, inson haq-huquqlarini ta`minlash uchun qilnayotgan harakatlar, uning xatolariga nisbatan hisobsiz ravishda ko`p. Shu ma’noda AQSh Davlat departamenti tomonidan e`lon qilingan hisobotni qo`llab-quvvatlash lozim, - deydi Tolib Yoqubov.

XS
SM
MD
LG