Xitoy-Qirg'iziston-O'zbekiston temir yo'li qurilish arafasida


Qirg’iziston bosh vaziri Feliks Kulovning ta’kidlashicha, hukumat oldida turgan eng muhim vazifalardan biri Xitoy-Qirg’iziston-O’zbekiston temir yo’lini qurish ishlarini jadallashtirishdir.

Qirg’izistonning transport va kommunikatsiya vaziri Nurlan Sulaymonovga ko’ra, loyihaning texnik asoslari allaqachon ishlab chiqilgan, endi esa mablag’ masalasi hal qilnsa bo’lgani.

Shu yilning fevral oyida, Bishkekda uch mamlakatdan kelgan mutaxassislarning qo’shma yig’ilishi o’tkazilib, unda temir yo’l qurilishining so’nggi loyihasi tasdiqlangan edi.

Markaziy Osiyodan olingan boshqa xabarlar: 20 mart

TURKMANISTON - Turkmaniston prezidenti Saparmurot Niyozov 2 aprel kuni Xitoyga tashrif buyurmoqchi. Besh kunlik tashrifdan maqsad Xitoy bilan hamkorlik aloqalarini kuchaytirish.

“Xitoy bugun dunyoda iqtisodiy jihatdan eng tez rivojlanib borayotgan davlat, u shuningdek, texnologik jihatdan ham yetakchilik qilmoqda”, - dedi Saparmurot Niyozov mahalliy televideniye orqali qilgan chiqishida.

Tashrif davomida rejalashtirilgan uchrashuvlarda Turkmaniston tabiiy gazini Xitoyga eksport qilish masalasi ham ko’rib chiqiladi.

QOZOG’ISTON - Qozog’iston g’arbida yovvoyi qushlardan birida parranda grippining xavfli turi, H5N1 virusi aniqlangan. Bu haqda bugun mamlakat qishloq xo’jaligi vazirligi bildirdi.

Qozog’istonda parranda grippi ilk bor 2005 yilda aniqlangan edi. Hozirda virus Rossiya va Ozarbayjonda ham aniqlangani ma’lum.

“Parranda grippining H5N1 turi o’lgan oqqushdan topilgan”,- dedi mamlakatning sanitariya boshqarmasi rahbari.

Hozirgacha virus Qozog’istonning 16 millionlik aholisi orasida kuzatilganicha yo’q.

XS
SM
MD
LG