BMT qochqinlar boshqarmasi O'zbekistonni tark etmoqda


O’zbekiston hukumati Birlashgan Millatlar Tashkilotining Qochqinlar bo’yicha Oliy Komissariatidan bir oy ichida mamlakatni tark etishni so’radi.

Oliy komissar yordamchisi Erika Fellerga ko’ra, bu haqda ularga 17 mart kuni O’zbekiston Tashqi ishlar vazirligi tomonidan rasmiy noma yuborilgan va unda xususan shunday deyiladi:

“Birlashgan Millatlar Tashkilotining Qochqinlar bo’yicha Oliy Komissariati mamlakatda o’z zimmasiga yuklangan barcha vazifalarni bajarib bo’ldi va uning O’zbekistonda ortiq qolishiga hech ham hojat yo’q.”

“Komissariyat hukumatning bu talabiga amal qilgan holda o’zbekistonlik qochqin va siyosiy boshpana izlovchilarga yordam berishning muqobil yo’llarini qidirishga harakat qiladi. Biz Birlashgan Millatlar Tashkilotining Bosh Assambleyasi tomonidan belgilangan mandat bo’yicha O’zbekistonda olib borgan faoliyatimizdan mamnunmiz. Hukumat bilan aloqalarimizning salbiylashishiga olib borsa-da, mamlakatdagi qochqinlar va siyosiy boshpana so’rovchilarga ko’maklashishda davom etamiz”, -dedi Feller xonim.

2005 yilning 13 mayida Andijonda yuz bergan qonli voqealardan so’ng, 25 may kuni, BMT Qochqinlar bo’yicha Oliy komissariyati 439 nafar o’zbekistonlikni Qirg’izistondan Ruminiyaga evakuatsiya qilgan edi. Hozirda ularning 200 nafardan ziyodi uchinchi davlatga ko’chirilgan, qolgan 228 qochqin navbatini kutmoqda.

BMT Qochqinlar bo’yicha Oliy Komissariati O’zbekistonda vakolatxonasini 1993 yilda ochgan edi.

Mustaqil Davlatlar Hamdo’stligi orasida faqat O’zbekiston 1951 yilda qabul qilingan Qochqinlar bo’yicha Konvensiyasiga va 1967 yildagi Protokolga imzo chekmagan. O’zbekistonda siyosiy boshpana berish borasida qonun yoki ma’muriy qoida mavjud emas.

BMT Qochqinlar bo’yicha Oliy komissariatning Jenevadagi so’zlovchisi Astrid van Genderen Stort, O’zbekiston rasmiylari agentlikning mamlakatda ortiq qolishiga asos yo’qligini bildirdi, deya bayon qilgan.

“Buning asl sababi bizga noma’lum. Oxirgi ikki yil ichida amalga oshirgan ishlarimizni O’zbekiston hukumati ma’qullab kelgan. Mandatimiz bo’yicha, dunyoning qaysi burchagida bo’lmaylik, qochqinlarni himoya qilish bilan shug’ullanamiz. Ammo O’zbekiston hukumati boshqacha fikrda ko’rinadi”, - deydi qochqinlar agentligi vakilasi.

O’tgan yil davomida komissariat va rasmiy Toshkent Andijondan qochgan yuzlab odamlar masalasi yuzasidan kelisha olmayotgan edi. O’zbekiston rasmiylari Andijondan Qirg’izistonga yo’l olgan 400 dan ziyod qochqinni terrorchi deb atab, ularni vatanga qaytarishni so’ragan edi, deydi Stort xonim.

“Ammo biz tekshiruvlardan so’ng, ularni qochqin deb baholadik, himoyaga muhtoj deb topdik, va uchinchi mamlakatga ko’chirdik. Ularga boshqacha ko’z bilan qaragan O’zbekiston hukumatiga bu ma’qul bo’lmagani aniq”,- dedi BMT Qochqinlar bo’yicha Bosh komissariati so’zlovchisi.

Unga ko’ra, agentlik Qirg’izistonda hamon saqlanayotgan to’rt o’zbekistonlikning, hamda sobiq Sovet davlatlarida hibsga olinib, majburan vatanga qaytarilgan o’zbekistonlik qochqinlarning taqdiridan xavotirda.

O`zbekiston hukumatining BMT qochqinlar idorasini mamlakatdan chiqarish haqidagi talabi muxolif partiyalar tomonidan keskin tanqid ostida.

Rasmiy hukumat tomonidan nufuzli xalqaro tashkilotga bunday talab qo`yilishi, muxolifat vakillariga ko`ra, amalga kiritilgan xalqaro madaniy aloqlarni inkor etilishidir.

Muxolifatdagi “Ozod dehqonlar” partiyasi raisasi Nigora Hidoyatovaga ko`ra BMTning bugungi kunda izchil faoliyat olib borayotgan yagona vakolatxonasini O`zbekiston chiqarish bilan hukumat Andijon voqealarida agentlik tomonidan ko`rsatilgan yordam uchun qasos olmoqda.

- O`zbekiston hukumati uchun bugun jamoatchilik fikrining mutlaqo ahamiyati qolmadi. Bu borada O`zbekiston qanchalik xalqaro jamoatchilikdan ajralsa, hukumat uchun shunchalik qulay bo`layotgandek, - deydi Nigora Hidoyatova.

O`zbekistonda asosan Afg`onistondan va Tojikistondan kelgan qochqinlar qo`nim topishgan. Afg`onistonlik qochqinlarning soni ikki ming atrofida ekanligiga urg’u beriladi. Oliy komissariatning Toshkentdagi vakolatxonasi rahbari Abdul Karim Gul bir muncha avval radioga bergan intervyusida, o`tgan yili 500 dan ziyod qochqinlar uchinchi mamlakatga ko`chirilgani, O`zbekistonda tegishli qonunlar qabul qilinmagani bois, qochqinlar bu yerda huquqiy- ijtimoiy yordamdam mahrumligi, shu bois ham xalqaro hamjamiyat qochqinlarga vakolatxona orqali o`z yordamini ko`rsatib kelayotgani haqida gapirib o`tgan edi.

Mahalliy kuzatuvchilarga ko`ra, hukumatning bunday qarorga kelishiga xalqaro hamjamiyat tomonidan O`zbekistonga ko`rsatilayotgan bosimlar, shuningdek, Oliy komissariatning Andijon qochqinlari bo`yicha tutgan pozitsiyasi, jumladan, vakolatxonaning yaqinda Ukrainadan O`zbekistonga deportatsiya qilingan qochqinlar taqdiri haqida bildirgan tashvishlari sabab bo`lgan.

Muxolifat vakillari esa bu qarorni hukumatning o`z tuzumini saqlash ilinjida tutayotgan bir yoqlama siyosati natijasi deb qarashmoqda.

XS
SM
MD
LG