Breaking News

AQSh Davlat kotibi muovini: Markaziy Osiyoni egallamoqchi emasmiz


Markaziy Osiyoda demokratiya urug’ini sochamiz, deya bong urayotgan AQSh rasmiylari endilikda mintaqani Janubiy Osiyo bilan siyosiy va iqtisodiy jihatdan bog’lash ilinjidalar. Ilk qadam sifatida, AQSh Davlat departamenti Janubiy va Markaziy Osiyo masalalari bilan endi bir byuroda shug’ullanadi va AQSh mintaqada diplomatlari sonini ko’paytiryapti.

Amerika Ovozi muxbiri Navbahor Imamova Davlat kotibasi Kondoliza Raysning Janubiy va Markaziy Osiyo masalalari bo’yicha yangi muovini Richard Boucher bilan suhbatlashdi.

Imamova: Rasmiy Toshkentning BMT Qochqinlar idorasidan mamlakatni tark etishni talab qilayotganiga nisbatan fikringiz?

Boucher: AQSh-O’zbekiston munosabatlari juda murakkab ahvolda. Rasmiy Toshkent qabul qilayotgan qarorlardan tashvishdamiz. BMT Qochqinlar bo’yicha Oliy Komissariati O’zbekiston hukumati tomonidan anchadan beri bosim ostida edi. Boshqa xalqaro nohukumat tashkilotlari ham yopilmoqda. Menga ma’lum qilishlaricha, o’tgan yilning o’zida O’zbekistonda ikki mingga yaqin nohukumat tashkiloti yopilgan. Bu esa jamiyatni qiynamoqda. Biz O’zbekistonni mustaqil davlat, farovon va demokratik jamiyat sifatida ko’rishni istaymiz. Ammo, fuqaro jamiyati va erkin matbuotga yo’l ochadigan har qanday faoliyatni ta’qiqlash bilan unday jamiyatga erishib bo’lmaydi. O’zbekiston hukumati nomaqbul qarorlar chiqayotganidan afsusdamiz.

Imamova: AQSh Kongressi O’zbekistondan demokratik islohotlarni talab qilmoqda, ammo Davlat departamenti ko’proq tabiiy boyliklar, transport va infratuzilma taraqqiyotiga ahamiyat qaratmoqda. AQSh Markaziy Osiyo davlatlari bilan ishlash bo’yicha biror aniq strategiyaga egami?

Boucher: Menimcha, aniq strategiyamiz bor. Ya’ni Markaziy Osiyoda sog’lom jamiyatlar vujudga kelishida hissa qo’shish. Demokratik jarayonlarda, hamda saylov islohotlari olib borishda. Islohotlarga yo’l ochgan davlatlar oldinda, repressiyaga berilganlari esa orqada. Iqtisodiy va ijtimoiy taraqqiyot demokratiya yo’lida eng muhim omillardir. AQSh strategiyasi ana shu sohalar rivojiga hissa qo’shishdan iborat. Biz demokratiyani targ’ib qilmoqchimiz, ta’lim sohasi va iqtisodiyotning rivojlanishida yordam bermoqchimiz. Iqtisodiy va siyosiy erkinlik bir-biriga chambarchas bog’liq.

Imamova: Janob Boucher, AQSh oxirgi paytlarda Janubiy va Markaziy Osiyoni siyosiy, iqtisodiy jihatdan yaqinlashtirish haqida ko’p gapiryapti. Siz davlat kotibi muoviniga tayinlanish arafasida Senatda Markaziy va Janubiy Osiyo birga bo’lishi lozim dedingiz... aynan nima maqsadda?

Boucher: Turli maqsadlar... Uzoq yillar yaqinlashib bo’lmagan Afg’oniston endilikda savdo va transport yo’li. Afg’onistonda yo’llar va elektr tarmoqlari barpo etarkanmiz, mamlakat mintaqaviy hamkorlik yo’liga aylanib boradi. Mintaqa xalqlari va rahbarlari buni olqishlaydilar, degan umiddamiz. Qozog’iston va Pokiston bu taklifni allaqachon olqishlagan. Chunki, mintaqada iqtisodiy taraqqiyot haqiqiy taraqqiyot bo’ladi. Hamkorlik esa taraqqiyot kaliti. Bu albatta mamlakatlar orasidagi birdamlikka bog’liq.

Imamova: Lekin, janob Boucher, Afg’oniston hali ham ancha notinch hudud-ku... Mamlakat Amerika uchun haligacha terrorga qarshi jang maydoni. Sizningcha, hozirgacha Markaziy Osiyo davlatlari bu kurashga, Afg’onistonda tinchlik saqlash va qayta tiklash ishlariga qay darajada hissa qo’shib kelyapti?

Boucher: Biz, masalan, Qirg’izistondagi aviabazadan Afg’onistondagi harbiy amaliyotlar uchun foydalanyapmiz. U yerda doimiy qolish maqsadimiz yo’q. Andijon qirg’inidan keyin O’zbekiston bilan aloqalar to’xtadi. Qo’shinlarni saqlash uchun mintaqada boshqa joylar bor. Ammo, chegara xavfsizligi, mintaqada terrorga qarshi kurash va yadroviy material va qurollarning yoyilishiga qarshi hamkorlik qilmasak bo’lmaydi. Afg’oniston borasida turli davlatlar bilan turli shartnomalarimiz bor va hozirgacha ishni eplab kelyapmiz.

Imamova: O’zbekiston matbuotida, jamoatchilik orasida Amerikaga qarshi targ’ibot olib borilmoqda. Bu Amerikaning mintaqadagi obro’siga putur yetkazmayaptimi? Qolaversa, Vashingtonda O’zbekiston Amerikaga qarshi davlat deb ta’riflana boshlagan...

Boucher: Birinchidan, O’zbekiston matbuoti O’zbekiston xalqi fikrini yoki Markaziy Osiyodagi bizga nisbatan qarashni aks ettirmaydi. Biz Markaziy Osiyoda yaqin hamkorlar topganmiz va mintaqa xalqini quvvatlaymiz. Biz ularga imkoniyatlar ochish harakatidamiz. Markaziy Osiyoni o’zlashtirmoqchi emasmiz. Bizningcha, Markaziy Osiyo xalqlari buning qadriga yetishadi. Bizga qarshi propaganda olib borilayotganidan tashvishdamiz, lekin bizning mintaqada nima qilayotganimiz undan muhimroq. Biz uchun muhimi - mintaqa hayoti yaxshilanishida hissa qo’shish. Bu kelajakda samara beradi.

Imamova: Rahmat, janob Boucher.

Boucher: Juda mamnunman.

XS
SM
MD
LG