Elchining fikricha Qirg'iziston to'g'ri yo'ldan ketmoqda


Qirg’iziston prezidenti Kurmanbek Bakiyev inqilobning birinchi yilini xalq uchun sermahsul kechdi, deb baholamoqda. Mamlakatning bugungi hayoti bir yil oldinga qaraganda, ancha yaxshiroq, deydi u.

Yaqinda esa Vashingtonda Qirg’izistonning AQSh va Kanadadagi elchisi Zamira Sidiqova jurnalistlarning Qirg’izistondagi islohotlar va mamlakat oldida turgan muammolar haqidagi savollariga javob berdi.

Qirg’ziston xalqi orasida "lolaqizg’aldoq" inqilobi natijalariga nisbatan norozilik mavjud. Inqilob xalqqa nima berdi, degan savolga Qirg’siziston elchisi shunday javob berdi:

- Qirg’izistondagi inqilobning butun Markaziy Osiyo uchun eng asosiy mahsuli bu - xalqimiz dunyoga diktaturalar uzoq umr ko’rmasligini isbotladi. Ikkinchidan, xalq o’zining haq-huquqlarini tushundi, o’z taqdirini o’zgartira olishiga ishondi.

Shu yilning oktyabr oyida Qirg’izistonda referendum o’tkaziladi. Unda prezident vakolatlarini qisqartirib, parlamentni kuchaytirish masalasi qo’yiladi. Elchi Zamira Sidiqovaning ta’kidlashicha:

- Umuman olganda, bugun jamiyatimizda qizg’in muhokama qilinayotgan masala, ya’ni parlament boshqaruv tizimiga o’tishga tayyor emasmiz.

Zamira Sidiqova 1992 yilda Qirg’zistondagi birinchi mustaqil gazeta – Res Publika nashriga asos solgan, va uning bosh muharriri bo’lib ishlagan. Matbuotning haqiqatdan ham mustaqil bo’lishi uchun prezident Bakiyevga qanday maslahat bergan bo’lardingiz, degan savolga:

- Ularga moliyaviy jihatdan mustaqil bo’lish imkoniyatini berish kerak,- deya javob qildi Sidiqova.

Qirg’iziston vakili mamlakatga fuqarolik jamiyatini qurishda yordam kerakligiga alohida e’tibor qaratdi.

- Xususan AQSh Davlat departamentiga aytmoqchimanki, fuqarolik jamiyatini qurish va matbuot erkinligini ta’minlash uchun bizga yordam berishda davom eting.

Qirg’izistonda hamon saqlanayotgan to’rt nafar o’zbekistonlik qochqin taqdiri haqida gap ketarkan, elchi, bu borada yaqin orada, balki shu oy oxirigacha aniq bir qaror qabul qilinadi, degan fikr bildirdi. "Xalqaro hamjamiyat oldidagi majburiyatlarimizni bajarishimiz lozim,"- dedi Zamira Sidiqova.

XS
SM
MD
LG