Qirg'iziston inqilobning bir yilligini nishonlamoqda 


Bugun Qirg’izistonda “inqilob” deya atalgan voqeaning bir yilligi nishonlanmoqda.

Ma’lumki, muxolifat va xalq qo’zg’olonlari natijasida o’tgan yilning 24 mart kuni Qirg’izistonda hokimiyat almashgan edi. Ushbu munosabat bilan bugun Qirg’izistonning barcha viloyat markazlarida harbiy paradlar o’tkazilgan va sayllar uyushtirilgan.

Prezident Qurmanbek Bakiev Bishkekdagi mamlakat bosh maydonida nutq so’zlab, yig’ilganlarni “xalq inqilobi”ning bir yilligi bilan qutladi.

“24 mart – xalq o’z haq-huquqlarini himoya qilib, hokimiyatning yagona sohibi ekanini, xalq hokimiyati yuksak ekanini isbotlagan tarixiy kun bo’ldi. Inqilob kunlari xalqimiz qon to’kilmasligini ta’minladi”, - dedi Bakiev.

Prezident Bakievga ko’ra, bir yil avval bo’lib o’tgan 24 mart voqealarini haqiqiy “xalq inqilobi” deya atashga to’la asos bor.

“Poraxo’rlik girdobiga botgan biylikka nisbatan norozilik kuchayib, vaziyat taranglashib, biylik boshidagilar xalqni boshqara olmay qolgan edilar. Xalqning umidi uzilgan, hokimiyatga ishonchi yo’qolgan edi. Avvalgi hokimiyatning qonunbuzarliklarga yo’l qo’yishi, demokratiya talablarini buzishi, iqtisodiyotning rivojlanmagani keskin norozilikka uchrab, u hokimiyatning qulashi bilan tugadi”, - dedi Bakiev.

Qirg’izistonda inqilob deya atalayotgan voqeadan bir yil o’tib, siyosatchilar tuzumning Bakiev davrida ham avvalgidek qolayotganini aytadilar. 2005 yilda yuz bergan yollanma qotilliklar, turmalardagi mahbuslar isyoni, siyosiy g’avg’olar siyosatchilar tomonidan “inqilob natijasi” o’laroq baholanmoqda. Aholi poraxo’rlikning hamon avjlanayotganidan, iqtisodiy o’sishning yo’qligidan shikoyat qiladi. O’tgan yili mart voqealaridan keyin hukumat tarkibiga kirgan [sobiq Tashqi ishlar vaziri] Roza Otunbaeva, [sobiq bosh prokuror] Azimbek Beknazarov, [O’sh viloyatining sobiq gubernatori] Anvar Ortiqov kabi muxolifatchilarning aksariyati birin-ketin yana muxolifatga qaytdi.

Prezident Bakievning o’zi ham o’zgarishlar deyarli yuz bermaganini tan oladi. Ammo prezidentga ko’ra, bir yil muddat turli jabhalarda tubdan islohotlar o’tkazish uchun yetarli emas. Prezidentga ko’ra, “inqilob kelajakda o’z mevasini albatta beradi”.

Qirg’iziston “Vatanparvarlar” partiyasining raisi Nazarbek Nishonovning aytishicha, inqilobga boshchilik qilgan muxolifatchilar aslida sobiq prezident Aqaevning fitnasini amalga oshirganlar.

“Aqaev o’z odamlarini muxolifat safiga kiritib, avvaldan maxsus sahnalashtirilgan inqilobni amalga oshirdi. Inqilob orqali Aqaev o’zining qilgan jinoyatlari uchun javobgarlikdan qochish, daxlsizligini saqlab qolishni maqsad qilgan”, - deydi “Vatanparvarlar” partiyasining raisi Nazarbek Nishonov.

Nishonovga ko’ra, “inqilobni uyushtirishda Aqaevning eng yaqin odamlari – Qurmanbek Bakiev, Feliks Qulov, Roza Otunbaeva kabi amaldorlar bosh-qosh bo’lgan.

“Aqaev xalqni aldab, o’z merosxo’rlarini qo’yib qo’ydi. Shuning uchun bu merosxo’rlar Aqaevga qarshi jinoiy ish ochmadi, konstitutsiyani o’zgartirmadi, parlamentni tarqatmadi”, - deydi Nazarbek Nishonov.

“Vatanparvarlar” partiyasining raisi Nishonov bugun Bishkekda namoyish uyushtirishga uringani uchun militsiya tomonidan qo’lga olingan, va ogohlantirilgandan keyin qo’yib yuborilgan.

XS
SM
MD
LG