O'zbekistonlik inson huquqlari faoliga Fransiya medali berildi


"Onalar o'lim jazosiga va qiynoqlarga qarshi" deb nomlangan O'zbekistondagi inson huquqlari tashkiloti rahbari Tamara Chikunova shu haftada Fransiya Respublikasining inson huquqlari medali bilan taqdirlandi. Taqdirlash marosimi Fransiyaning Toshkentdagi elchixonasida bo'lib o'tdi.

Medal Tamara Chikunova tashkilotining O`zbekistonda o`lim jazosini bekor qilish va o`limga mahkum etilganlar ustidan hukm ijrosiga moratoriy qo`yish bobidagi harakatlari uchun berildi. Fransiyaning O`zbekistondagi elchisi janob Jan Bernar Artga ko`ra, Tamara Chikunova tashkiloti tomonidan ko`rilgan harakatlar tufayli 5 yil mobaynida 20 kishiga nisbatan o`lim jazosi bekor qilingan. Bu inson hayotini saqlab qolishdagi qimmatli ko`rsatkich, dedi Fransiya elchisi.

Uning aytishicha, Fransiya inson huquqlari bo`yicha komissiyasi fransuz diplomatsiyasinining e`tiborini dunyoda inson huquqlarining qo`pol buzilish holatlariga qaratib keladi.

"Biz inson huquqlarini himoyalash tamoyili jahon miqyosidagi masala ekanini, inson huquqlari har qanday vaziyatda, qayerda bo`lmasin, himoyalanishi lozim, deb hisoblaymiz," deb ta`kidlab o`tdi Fransiyaning O`zbekistondagi elchisi taqdirlash marosimida.

Shu bilan bir qatorda O`zbekistonda o`lim jazosining ijrosiga nisbatan moratoriy qo`yilishining muhimligi, bu borada Fransiya elchixonasining bir necha bor O`zbekiston hukumati bilan diplomatik doirada muhokama o`tkazganligi urg`ulandi.

Tamara Chikunova Fransiya tomonidan ko`rsatilgan yuksak hurmat uchun minnatdorchilik bildirar ekan, bu ishonchni oqlashga harakat qilishini ta`kidladi.

O`zbekistonda prezident farmoni bilan 2008 yilning birinchi yanvaridan boshlab o`lim jazosi bekor qilinishi kerak. Hozirdan o'lim jazosining ijrosiga moratoriy qo`yish haqidagi inson huquqlarining tashabbuslari natijasiz qolmoqda.

Tamara Chikunovaning ta`kidlashicha, O`zbekistonda sud tizimining amalda mustaqil emasligi va sud tizimida korrupsiyaning avj olganligi o`lim jazosi haqida hukm chiqarishni yanada xatarli qiladi. O`zbekistonda har yili qancha o`lim jazosining ijro etilishi haqida aniq ma`lumot yo`q.

XS
SM
MD
LG