Milliy mafkura O'zbekiston yoshlari ongida qanday aks etmoqda?


Tabiat bo’shliqdan qorqadi, degan naqlni jamiyatga nisbatan ham tadbiq etish mumkin. Tuzumlar, jamiyatlar, ijtimoiy munosabatlar o’zgarganda mafkura o’rni bo’shab qolmaydi, uning o’rnini boshqasi egallaydi.

So’nggi yillar O’zbekistonda ham xuddi shu jarayon kuzatilmoqda. Bugungi kunda O’zbekiston yoshlari ijtimoiy hayotda keng targ’ib qilinayotgan Milliy g’oya mafkurasiga nisbatan o’zlarining turfa fikrlarini bildirmoqdalar.

O’zbekistonda sho’ro tuzumi barham topgandan so’ng, kommunistik partiyaning yagona mafkurasi o’rni bo’shab qolmadi. Bu bo’shliq o’rnini milliy istiqlol mafkurasi egalladi.

Garchand hukumat hech bir mafkurani majburan targ’ib etmaslikni yuqori minbarlardan bir necha bor ta’kidlagan bo’lsa-da, milliy istiqlol mafkurasi targ’ibotiga juda katta kuch va mablag’ sarflanmoqda. Aholining 20 foizini qamrab oladigan ta’lim muassasalarida bir yil davomida bu mavzuda 30-40taga qadar mashg’ulotlar o’tkaziladi.

“Milliy istiqlol g’oyasi bizning ongimizni, tafakkurimizni boyitadi, ma’naviy ozuqa beradi. Bu milliy mafkura har bir mamlakatning siyosiy bir quroli, deyish mumkin. Bu fan har bir maktablarda litseylarda, o’quv kollijlarida o’tiladi. Bizlar o’zimizning ma’naviyatimiz va mafkuramizni bilib oldik va bilib olyapmiz”,- deydi Toshkent oliygohlaridan birining talabasi To’xtatosh.

O’zbekistondagi maktablar, o’rta maxsus va oily ta’lim muassasalarida milliy istiqlol g’oyasi o’quv dasturiga alohida fan sifatida kiritilgan. Talabalar bu fan hamda Prezidentning shu boradagi asarlari yuzasidan imtihon ham topshirishadi.

Ba’zi talabalar bunday darslar o’tilishi yoshlar uchun zarur deb hisoblashadi.

“Masalan, hozirgi yoshlarimiz bugungi kunda qanaqa fikrlash, qaysi yo’ldan borishni bilmasligi mumkin. Bu dars bizlarga yo’nalish bo’ladi, hayotda o’ziimizning yo’limizni topishga, hayotga qarashni o’rgatadi. Su mafkura, shu g’oya asosida biz ish yuritamiz. Shuning uchun mening fikrimcha bu dars judayam kerak”.

“Hozir prezidentimiz asarlariga ham ehtiyoj, o’qishlar juda kuchaydi. Masalan, chet ellarga agar o’qishga chiqmoqchi bo’lsak ham albatta O’zbekistonning siyosiy, ma’naviy hayotini bilishimiz kerak. Buning uchun bizga mana shu fan asqotadi”.

Milliy istiqlol g’oyasi barcha yoshlarni ham o’ziga jalb qilolmaydi. Bu xususda domla va talabalar o’rtasida bahs va tortishuvlar han bo’lib turadi, deydi Nilufar.

“Milliy mustaqillik haqida ko’p gapiramiz, lekin yuzaki. Ko’plar hali mana shu mustaqillikni endi-endi his qilyapmiz. Mana shu milliy istiqlol haqida ko’p narsani anglab yetolmaymiz. Bir xilda ilib olamiz, bir xilda yo’q. Hammaning fikri har xil, ular boshqacha gapirsa, bizlar bunaqa desak tortishuv bo’ladi-da misol uchun. Kitobdan ko’p narsa olamiz. Bir yilning ichida o’rgandik, ja ichkarigamasu, lekin shunchaki-de”.

Milliy istiqlol g’oyasini targ’ib qilish maqsadida respublikada “Ma’naviyat va ma’rifat Kengashi” tuzilgan. Bu Kengash qoshida Milliy mafkura ilmiy targ’ibot markazi tashkil etilgan. Faylasuflar milliy jamiyati ham amalda milliy mafkura targ’iboti bilan shug’ullanadi.

O`qituvchi Rahmonali Hasanov milliy istiqlol g’oyasini yoshlar ongiga singdirishdan asosiy maqsad haqida shunday deydi:

“O’zbekiston respublikasi mustaqillikka erishgandan keyin, eng avvalo bizning oldimizda turgan masala umumbashariy, umumqadriyatlarimizni yoshlar ongiga singdirish imkoniyati tug’ildi. O’rganish ta’qiqlab qo’yilgan bobokalonlarimizning asarlarini o’rganish, talqin etish yo’lga qo’yildi. Istiqlol tufayli biz milliy g’oyamizni, uning ruhiyatini yoshlarga singdirish va ularni dars jarayonida, darsdan tashqari holatda amalga oshirish imkoniyatlari yuzaga keldi. Respublikamiz prezidenti I. A. Karimovning nutq va maqolalarini bizning yoshlarimiz qay darajada qabul qilyapti, ularga munosabat qanday bo’layotganligini sinchiklab ko’rib chiqish va munosabat bildirish. Milliy g’oya orqali vatanparvarlik hissini uyg’otish. Vatan ozodligi uchun kurashga doimo tayyor bo’lishlik, vatan uchun jonini berishga ham tayyor bo’ladigan yoshlarni tarbiyalash hozir oldga qo’yilgan bosh masala deb bilaman. Bular hammasi bizning milliy istiqlol g’oyamizning bosh mavzularidan biri”.

Ayrim yoshlar fikricha, milliy g’oya va mafkura targ’iboti yoshlarni bir xil fikrlashga olib kelmoqda. Bunday tashviqotning qo’llanilishi yoshlarni bir qolipda saqlash uchun hukumatga qo’l keladi, deydi Baxtiyor ismli student.

“Yoshlarimizga turli xil tazyiq o’tkazish bahonasida yoshlarga bir xil fikrlashga, bir xil dunyoqarashga o’rgatilyapti. Masalan, talabalarni olasizmi, oddiy o’quvchilarni olsak ham, maktabda o’quvchi bo’lgandan keyin u erkin fikrlashi kerak, o’shani jamoatchilikka aytishga o’rganishi kerak. Milliy mafkura-milliy mafkura deymizu, lekin milliy mafkura barobarida yoshlarni bir xil, bitta qolipda ushlab turishga xizmat qilyapti bu deb aytishimiz mumkin. Qadriyatlar hozir o’sha tomonga yo’naltirilgan, chunki yoshlarimiz har xil fikrlasa, har xil gaplarni qilsa unda tepadagi siyosatdonlarning doirasida yoshlar boshqa tomonga burilib ketadi, degan xayolga borishadi-da”.

Sobiq Sovet davrida kommunistik partiyaning g’oyalari butun xalqqa hukmronlik qilgan. Ayni paytda yoshlar o’rtasida olib borilayotgan siyosat ham o’sha davrlarni yodga solayotganini aytadi mana bu talaba yigit:

“Bugungi kun talabasidan siz turfa fikrlarni yig’aman desangiz, hammasi bir xil fikrlaydi. Bu nima degani? Bu, masalan talabalarga bir haftada milliy istiqlol g’oyasi fani, O’zbekistonda demokratik jamiyat qurilishi, har 6 oyda bo’ladigan sessiya materiallari, o’shalarning qalashtirib tashlanishi, shuning o’rniga falsafa, psixologiya kabi mantiqiy fanlar qo’yilmay, ularning o’rniga milliy istiqlol g’oyasi deymizmi, bular juda “bolalab” ketgan, o’shalar qo’yilgani talabalarning bir xil fikrlashiga olib kelyapti. Biz bir xil fikrlashdan qochishimiz kerak, demokratik jamiyatda yashar ekanmiz. O’shaning natijasida talabalar o’z fikriga emas, jamoatchilik fikriga, dars o’tadigan domlaning fikriga ega bo’lib, o’zining shaxsiy fikrini qaysidir ma’noda yo’qotib qo’yayapti. Bu narsa hukumat doiradagilarga hozircha qo’l kelishi mumkin, 5-10-20 yil, lekin xalq bir xil fikrlagandan keyin, mana sobiq kommunistik tuzum oqibatlarini ko’rib turibmiz, yana xalq o’sha tomonga ketmayaptimikan, deb odam o’ylanib qoladi-da”.

Bo’lajak jurnalist milliy g’oya va mafkura barcha ta’lim muassasalarida yoshlarga uqtirilishining salbiy va ijobiy tomonlari haqida shunday fikrda:

“Endi bu siyosatdan ko’zlangan maqsad ham salbiy va ham ijobiy oqibatlarga olib kelishi mumkin. Salbiy oqibatlarga olib kelishida, yoshlar ma’lum bir chegaraga tushib qoladi. Mana shu doiraga tushib qolib, qandaydir erkin harakat qila olishmaydi. Ijobiy tomoni, o’zining jahon tan olgan alisher Navoiyday, boburday, Amir Temurday farzandlar yetkazib bergan o’zbek xalqining vakili ekanligidan g’urur, faxr hissini tuyushga yordam beradi. Va o’zini kelejakda butun jahon xalqlari orasida o’zining so’zini ayta oladigan millat vakili ekanligini doimo his qilib turishlariga yordam beradi. Bu siyosatni amalga oshirayotganda yoshlarning ongiga faqatgina o’zbek millati yaxshi, o’zbek millatining milliy g’oyalarini singdirish emas, shu bilan barobarida boshqa millatlarning urf-odatlariga, qadriyatlariga hurmat ruhida tarbiyalash kerak deb o’ylayman. Shu asnoda boshqa millatlarning ham bizga millatimiz olishi mumkin bo’lgan fazilatlarini ko’rsatib o’tish kerak deb o’ylayman”.

Milliy g’oyani yoshlar ongiga majburlab singdirish natijalari samarasiz ekani haqidagi fikrini muhiddin mana bunday izohlaydi:

“Qish kuni kelyapman, ertalab qor yog’ib turibdi, qarasam, yo’lning bo’yidagi bir maktabda yosh bolajonlar-qizlarni ko’chaga qo’yib qo’ygan, gimn ayttirib yotishibdi. Qor yog’ayapti tashqarida, shartmi shu narsa? Nima keragi bor uni, kimga kerak bunaqa soxta muhabbatning? Ertaga bu bolalar gimn desa bezillaydigan bo’lib qoladi. O’sha gimnni deb mening pochkam shamollab qoldi deydi, men gripp bo’ldim deydi. Bir narsa bor-da, xalqni hech qachon qo’rqitib turib u yoki bu narsaga bo’ysundirib bo’lmaydi. Qo’rqib bajarayotgan odam hech narsani yuragidan bajarmaydi. Uni urib, tepib turib “ertangi kunimiz yorug’ bo’ladi, porloq bo’ladi”, urib-tepib turib “gimnni ayt”, urib tepib unday qil deyishlar, bular hammasi samarasiz narsalar”.

Bugun O’zbekistonda milliy istiqlol g’oyasi shiori ostida keng ko’lamda tashviqot-targ’ibot ishlari olib borilayotgan ekan, ayni paytda ba’zi mutaxassis va ziyolilar bu jarayon Sho’ro davrining achchiq tajribasi ko’rinishida jamiyatni bir xil fikrlovchilar ommasidan iborat etib qo’yishi mumkinligidan xavotirda. Zero, yakka mafkura oxir-oqibat yoshlarni tobelikka ko’niktirishi, talab etilayotgan gapni aytishga hamda boshqacha fikrlovchilarni g’anim o’rnida ko’rishga olib kelishi yaqin o’tmish tajribasidan ma’lumligi aytilmoqda.

XS
SM
MD
LG