Hizb-ut-Tahrirga aloqadorlikda ayblangan jurnalist ozodlikka chiqdi


O`tgan yil “Hizb-ut-Tahrir” diniy oqimiga aloqadorlikda ayblanib hibsga olingan jurnalist Sobirjon Yoqubov sud qarori bilan ozodlikka chiqarilgan. Jurnalistga O’zbekiston konstitutsiyasiga tajovuz qilganlik aybi qo’yilayotgan edi.

Sobirjon Yoqubov ishini ko`rib chiqqan Mirobod tuman sudi jurnalistga nisbatan qo`yilagan ayblovlar o`z isbotini topmagani bois uni sud zalida ozodlikka chiqargan.

Sobirjon Yoqubov hibsga olinishiga qadar “Hurriyat” gazetasining muxbiri bo`lib ishlab kelayotgan edi. U mahalliy matbuotda islomga va demokatik qadriyatlarga doir bir qator tahliliy maqolalari bilan tanilgan jurnalist edi.

“Hurriyat” gazetasining Bosh muharriri Ismat Xudoyorov jurnalistning ozod etilganligi haqidagi xabar xursandchilik bilan qabul qilinganligini ta`kidlaydi.

Ismat Xudoyorovga ko`ra u hozircha Sobirjon Yoqubovning ozod qilinishi haqidagi sud qarori bilan tanish emas, shuning uchun ham bu borada aniq bir fikr bildira olmaydi.

Sobirjon Yoqubov o`tgan yilning aprel oyida hibsga olingan, bir muncha vaqt uning qayerdaligi va nima sabablarga ko`ra hibsga olingani noma’lum edi.

Keyinchalik O`zbekiston Ichki ishlar vazirligi vakillari jurnalistni noqonuniy diniy guruhga a`zolikda va O`zbekiston konstitutsiyasiga tajovuz qilganlikda ayblagan edilar.

Sobirjon Yoqubov hibsga olingani yuzasidan ham xalqaro, ham mahalliy tashkilotlar tashvish bildirgan edi.

XS
SM
MD
LG