Kanadalik uyg'ur Toshkentdan Xitoyga deportatsiya qilinishi mumkin


O`zbekistonda hibsga olingan, Xitoyning sobiq fuqarosi, hozirda Kanada fuqaroligiga kirgan, uyg’ur millatiga mansub Husayn Jalil Xitoyga deportatsiya qilinishi mumkin. Inson huquqlari bo’yicha xalqaro tashkilotlarning bildirishicha, Xitoy davlat nazoratidan tashqarida siyosiy faoliyat yuritganlarni jinoyatchi deb hisoblaydi va ularni ayrim hollarda o’lim jazosiga mahkum etadi.

26 mart kuni O’zbekistonda hibsga olingan Husayn Jalilning rafiqasi Komila Jalil 5 aprel kuni Kanada hukumatidan turmush o’rtog’ining Xitoyga deportatsiya qilinishiga yo’l qo’ymasligini so’radi.

“Agar Husayn Xitoyga qaytsa, siyosiy dissident sifatida qamoqqa tashlanib, o’limga mahkum etilishi mumkin. Shu sabab Kanada hukumati uni O’zbekistondan qaytarib olishini so’rayman”, -dedi Komila Jalil, Kanada matbuotiga bergan intervyusida.

O’zbekiston Tashqi ishlar vazirligi ikki kun avval Husayn Jalilning hibsda ekanini tasdiqlagan. Biroq, Kanadaning O’zbekistondagi vakolatxonasi ham, rafiqasi ham Husayn Jalil bilan ko’rishishga muvaffaq bo’lmagan.

Kanadaning O`zbekistondagi faxriy konsuli Aleksandr Antonov Kanada fuqarosini O`zbekistonda hibsga olinganini tasdiqlaydi.

- [Husayn Jalil] ning Toshkentda hibsga olingani aniq. Bu O`zbekiston rasmiylarining va hibsga olingan fuqaroning oilasi malumotlari bilan tasdiqlangan. Biz uni faqat Kanada fuqarosi sifatida ko`rayapmiz, uning o`tmishi, hibsga olinishiga nima sabab bo`lgani haqida bizda hech qanday rasmiy ma`lumotlar yo`q, - deydi Kanadaning O`zbekistondagi faxriy konsuli.

Xabar Kanada axborot agentligining manbalariga asoslanadi. Unga ko`ra Husayn Jalil Xitoyda Uyg`ur ozodlik harakatining faolllaridan biri bo`lgan va o`z siyosiy faoliyati uchun qamoqqa tashlangan. U yerda qiynoqqa solingan va keyinchalik qochishga muvaffaq bo`lgan. Xitoy fuqaroligidan voz kechgan. Bir muncha Turkiyada yashab, keyin Kanadaga ko'chgan va o'tgan yili bu davlat fuqaroligini qabul qilingan.

Uyg'ur faol taqdiri haqida O`zbekiston rasmiylaridan ham, Kanada rasmiylari ham aniq ma`lumot bermagan. Xavotir, asosan, hibsga ushlangan fuqaroning Turkiyadagi do`stlari va uning qarindoshlari tomonidan bildirilmoqda. "Uning oila a`zolari ham bizga bu borada aniq ma`lumotlar taqdim etgani yo`q, - deydi Kanada faxriy konsuli.

Muxolifatdagi Erk partiyasining bosh kotibi Otanazar Oripovga ko`ra O`zbekiston hukumati siyosiy qochqinni Xitoyga qaytarishi mumkin.

- Qonuniy mumkin emas, lekin bizda har doim ham qonun ishlamaydi. O`zi o`qimishli, ulamo odam ekan. Xitoy bilan aloqlar yaxshilanib borayapti. Bilasizki, O`zbekistonda har xil terrorchilik ssenariylarini nihoyatda yaxshi yozishadi. Uni O`zbekistondagi jinoyatlarga ham bo'g'lashlari mumkin, - deydi Otanazar Oripov.

Kanadaning O`zbekistondagi faxriy konsuli Aleksandr Antonovga ko`ra hozirda konsullik bo`limi O`zbekiston muzokaralar olib bormoqda.

- Biz har kuni O`zbekiston rasmiylari bilan muloqotda bo`lib turibmiz, lekin hozircha aniq ma`lumotlar yo`q. Lekin yaqin kunlarda biz ma`lumot taqdim etilishini bildirishmoqda, - deydi konsul.

Kanada fuqarosi Husayn Jalil 27 mart kuni hibsga olingan. Husayn Jalil Xitoyga deportatasiya qilingan taqdirda uni siyosiy faoliyati uchun o`lim jazosi kutishi mumkinligi haqida xavotirlar bildirilmoqda.

XS
SM
MD
LG