AQSh Markaziy Osiyodagi imkoniyatlarni ko'rib chiqmoqda


Xo’sh, uzoq yillik urushdan endi o’ziga kelayotgan Afg’oniston va uning iqtisodiy jihatdan qiynalayotgan qo’shnilari, Markaziy Osiyo davlatlari chet-ellik sarmoyadorlar uchun qanday imkoniyatlar taklif etmoqda?

4 aprel kuni AQSh Savdo Vazirligi (US Department of Commerce) qoshidagi BISNIS, ya’ni sobiq Sovet ittifoqi hududidagi 12 yangi mustaqil davlatlardagi biznes yangiliklar xizmati tashkil etgan anjumanda ana shu mavzu muhokama qilindi.

Anjumanda Amerikaning 30 dan ortiq kompaniyasi, AQSh Davlat departamenti va Savdo vazirligi rasmiylari hamda Afg’oniston va Markaziy Osiyo davlatlari vakillari qatnashdi. Maqsad – mintaqaga sarmoyalar olib kirmoqchi bo’lgan kompaniyalarga u yerdagi biznes muhit va imkoniyatlar haqida axborot berish.

Meri Roys (Marie Royce) telekommunikatsiya sohasida ilg’or kompaniyalardan hisoblangan Lusent Teknolojis (Lucent Technologies) vitse-prezidenti.

"Men bu yerda mintaqa haqida ko’proq ma’lumot olish uchun keldim. Kompaniyamizning yangi bozorlarga qiziqishi baland. Hozircha aniq bir qarorga kelganimiz yo’q, biroq O’zbekiston kabi davlatlarda optik-tola tizimi bo’yicha imkoniyatlarni o’rganmoqdamiz",-deydi janob Roys.

Mutaxassislarga ko’ra, ayni damda Afg’oniston va Qozog’iston AQSh kompaniyalarining diqqat markazida turibdi, chunki u yerda chet-el tadbirkorlari uchun qulay sharoitlar yaratilgan.

Qozog’iston neft savdosidan tushayotgan foydaning bir qismini iqtisodiyotning boshqa jabhalarini rivojlantirishga sarflamoqda va buning uchun chetdan sarmoyalarni jalb etmoqda.

Afg’oniston esa ko’pchilik uchun yangi bozordir va AQShning ko’plab kompaniyalari uni zabt etishga shoshmoqda. Afg’oniston elchisi Said Javad mamlakatdagi investitsiya muhiti haqida to’xtaldi.

"Afg’onistonda qulay biznes muhitini yaratish uchun qonunlarimizni isloh qilib chiqyapmiz. Sarmoyalar haqidagi yangi qonunimizga ko’ra, chet-elliklar Afg’onistonda mulkka 100 foiz egalik qilishlari va qo’lga kiritgan foydalarini mamlakatdan bemalol olib chiqishlari mumkin. Afg’onistonda tijoriy kompaniya ochish uchun atigi uch kun vaqt ketadi. Jahon Bankining o’tgan yil dekabr oyida o’tkazgan izlanishiga ko’ra, bu jahondagi eng tez ko’rsatkichlardan biridir",-deydi Said Javad.

Afg’oniston elchisiga ko’ra, savdo, transport va tranzit bilan bog’liq qoidalarni yengillashtirish va umumiy tizimga keltirish orqali Markaziy Osiyo davlatlari bilan savdo aloqalarini yaxshilash mumkin. O’zbekiston bilan ayni damdagi biznes munosabatlar imkoniyatlar darajasiga javob bermaydi, deydi Said Javad.

O’zbekistonning AQShdagi elchisi Abdulaziz Komilov ikki davlat asosan transport, elektroenergiya, suv xo’jaligi, geologiya va kommunikatsiya sohalarida qator loyihalarni amalga oshirayotganini ta’kidladi.

"O’zbekiston xalqaro tashkilotlar va BMT tomonidan Afg’oniston uchun ajratilayotgan yukni olib o’tishda katta rol o’ynamoqda. Shu paytgacha Hayraton ko’prigi orqali 3.5 million tonna yuk Afg’onistonga o’tkazildi. Xalqaro moliyaviy tashkilotlar ko’mak ko’rsatgan taqdirda O’zbekiston Hayratonni Mozori-Sharifga ulaydigan 80 kilometrlik temir yo’l qurib berishga tayyor. O’zbekavtoyo’l aksiyadorlik jamiyatining bevosita ko’magi bilan Termiz, Mozori-Sharif va Kobul o’rtasida 10 ko’prik qurib berdik"-deydi elchi Abdulaziz Komilov.

AQSh bilan aloqalarning salbiylashgani O’zbekistonda Amerika kompaniyalariga nisbatan munosabatni o’zgartirdimi? Amerika-O’zbekiston Savdo Palatasi raisi Robert Peysning (Robert Pace) aytishicha, may oyida palataning Vashingtonda bo’ladigan yillik yig’ilishidan so’ng bu savolga aniq javob bersa bo’ladi.

"Biznes muhiti mushkulligicha qolmoqda. Chunki ikki davlat o’rtasidagi masofa va ba’zi harajatlar uni qiyinlashtirmoqda. O’zbekistonda faol ish olib borayotgan bir guruh amerikalik kompaniyalar bor", - deydi janob Peys.

Anjumanda so’zga chiqqan AQSh Davlat departamenti vakili Jon Gastraytga (John Gastright) ko’ra, O’zbekiston hukumatining AQShda asoslangan nohukumat tashkilotlariga qarshi tazyiqi Amerika biznes guruhlariga ham o’z salbiy ta’sirini o’tkazmoqda.

"Nohukumat tashkilotlardan maqsad biznes imkoniyatlarni yaratuvchi davlatda fuqaro tizimini rivojlantirishdir. Ular mintaqada biznes imkoniyatlarining yaratilishiga ko’mak beradilar. Agar hukumat shu kabi tashkilotlarni mamlakatdan chiqarib yuborayotgan bo’lsa, biznes muhit bundan aziyat chekadi. Bu achinarli holdir. Lekin shunga qaramay O’zbekiston hukumati bilan biznes aloqalarni saqlashga harakat qilyapmiz. Bu bizning siyosatimizdir",-deydi janob Gastrayt.

XS
SM
MD
LG