Breaking News

Huquq faollarini himoya qiluvchi yangi uyushma ochiladi


Yaqinda Venada inson huquqlariga bag`ishlangan anjuman bo’lib o’tdi. Konferensiya natijalariga ko`ra, Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti (YXHT) doirasida inson huquqlari faollarini himoyalovchi uyushma tashkil etish haqida qarorga kelingan.

Tadbirda O`zbekistondan ishtirok etgan inson huquqlari himoyachisi Surat Ikromovga ko`ra, anjumanda O`zbekistondagi vaziyat ham ishtirokchilar diqqat markazidan chetda qolmadi.

30-31 mart kunlari Vena shahrida o`tgan konferensiya Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik tashkiloti tomonidan tashkil etilgan bo`lib, tashkilotga a`zo mamlakatlarda inson huquqlariga oid vaziyat muhokama qilingan. O`zbekiston bu tashkilotga 1990 yillardan beri a`zo.

Konferensiyada O`zbekistondagi inson huquqlariga oid vaziyat haqida ma’ruza qilgan O`zbekiston inson huquqlarini himoyalash tashabbus guruhi raisi Surat Ikromovning aytishicha, konferensiya natijalariga ko`ra, YXHT doirasida inson huquqlari faollarini himoya qiluvchi uyushma tuzish qaroriga kelingan.

Surat Ikromovga ko`ra, O`zbekistondagi inson huquqlariga oid vaziyat barcha delegatlarning diqqat markazida bo`lgan, va u mamlakatda inson huquqlari himoyachilariga tazyiq o`tkazilayotgani haqida gapirgan. O`zbekiston delegatsiyasi YXHT rahbariyatidan O`zbekiston hukumatiga nisbatan chora ko’rishni so`ragan.

Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik tashkilotining O`zbekistondagi inson huquqlariga, demokratik qadriyatlarga oid siyosati sust ekanligi haqidagi fikr bir qator mahalliy kuzatuvchilar tomonidan ham ta`kidlab kelinadi.

Yaqinda 1 aprel kuni Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik tashkilotining raisi Karel de Gyuxt Toshkentga tashrif buyurib, O`zbekiston prezidenti bilan muzokara o`tkazgan edi. Unda inson huquqlariga oid vaziyat muhokama qilingani haqida ma'lumot yo’q.

O`zbekistondagi rasmiy manbalar uchrashuvda xavfsizlik masalalariga to`xtalgani haqida xabar berishdi.

Shu ma`noda, YXHTning inson huquqlarining ta`minlanishiga doir siyosati qanday olib borilishi mumkin? Bu savolga Surat Ikromovning izoh berishicha, YXHT ko`proq hukumatlar-aro ishlaydigan tashkilot. Shuning uchun, tashkilotning O`zbekistondagi elchisi inson huquqlari himoyasiga ko`proq e`tibor qaratishi lozim.

- O`tgan ikki yil mobaynida YXHT elchisi tomonidan O`zbekistondagi inson huquqlari himoyachilari taklif qilinmagan. Menimcha, elchi mamlakatdagi bu boradagi vaziyat bilan ko`proq shug`ullanishi, ularni suhbatga chaqirib turishi va YXHT rahbariyatiga aniq takliflar berishi kerak, - deb hisoblaydi Surat Ikromov.

Ikromovga ko’ra, shuningdek, konferensiyada inson huquqlari buzilayotgan davlatlarga nisbatan Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik tashkiloti doirasida turli sanksiylar kiritilishi lozimligi haqida fikrlar ham bildirilgan.

Siyosatshunos Farhod Tolipovga ko`ra, YXHTning inson huquqlari boy`icha yuritayotgan siyosati a`zo davlatlarning tashkilotga bo`lgan munosabatiga ham bo`gliq:

- Tashkilotga a`zo davlatlar tegishli xalqaro hujjatlarni imzolashgan, bu bitimlarni bajarish majburiyatini olishgan. Shu ma`noda, men YXHT tomonidan yuritilayotgan siyosat sustlashgan degan fikrlarga qo`shila olmayman. Bu faoliyat olib borilayapti, biroq bu narsa ko`proq ayrim davlatlarning tashkilotga nisbatan qanday munosabatda bo’layotganliklariga ham bog`liq, - deydi Farhod Tolipov.

Unga ko`ra, agar YXHT inson huquqlari borasidagi pozitsiyasini qat’iylashtirmoqchi bo`lsa, tashkilot doirasidagi mavjud qaror qabul qilish tartibini o`ylab ko`rishi lozim.

- Biron davlatga nisbatan tegishli qarorni boshqa bir davlat o`z geosiyosiy manfaatlaridan kelib chiqib qo`llamasligi, ovoz bermasligi mumkin. Bunday sharoitda esa YXHTdagi tartibga ko`ra, qaror qabul qilinmaydi, - deydi siyosatshunos.

Vena konferensiyasining ishtirokchisi Surat Ikromovga ko`ra, YXHT doirasida tuziladigan uyushmaning samarasi ko`p jihatdan bu uyushmaga beriladigan vakolatlar, va uning hukumatlarga ta`sir o`tkazish mexanizmiga bo`gliq bo`ladi.

O`zbekistonda o`nlab inson huquqlari himoyachilariga nisbatan tazyiq o`tkazilgani va bir necha nafari qamoqqa tashlangani ta`kidlanadi.

XS
SM
MD
LG