AQSh, Qirg'iziston harbiy hamkorlikni muhokama qildi


Kecha Bishkekka tashrif buyurgan AQSh Davlat kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo masalalari bo'yicha muovini Richard Baucher (Boucher) Qirg’iziston rasmiylari bilan “Manas” aeroportida joylashgan “Gansi” aviabazasi bo’yicha muzokaralar olib borgan.

Baucherning Bishkekka safari davomida inson huquqlari, demokratiya va mamlakatdagi siyosiy vaziyat ham muhokama qilindi.

Qirg’iziston Tashqi ishlar vaziri Alikbek Jekshenqulovga ko’ra, Richard Baucherga AQSh harbiy bazasi bo’yicha hukumatning yangi takliflari ma’lum qilingan.

- Biz o’z pozitsiyamizni aytdik, bizning yangi shartlarimizni muhokama qilish kerak, ko’rib chiqish kerak deb aytdik. AQSh vakili rozilik berdi. Baza bo’yicha muzokaralarning birinchi bosqichi Bishkekda bo’lgan. Ikki haftadan keyin amerikaliklar bilan muzokaralarning ikkinchi bosqichi boshlanadi. Baucher bilan keyingi muzokaralarning borishini jadval asosida tezlatishga kelishib oldik, – dedi Qirg’iziston Tashqi ishlar vaziri Alikbek Jekshenqulov.

Shu yil boshida AQShning Qirg’izistondagi elchisi Mari Yovanovichga Bishkek yaqinidagi “Manas” aeroportida joylashgan “Gansi” harbiy bazasi bo’yicha yangi shartlar bitilgan nota topshirilgan edi. Qirg’iz rasmiylari, xususan, prezident Qurmanbek Bakiev “Gansi” aviabazasining ijarasi uchun olinadigan haq oshirilishini ma’lum qilgan.

- Yashirib o’tirmayman, yangi shartnoma loyihasi Qo’shma Shtatlardan ko’proq xarajat talab qiladi, – degan edi prezident Bakiev “Gansi” aviabazasi uchun olinadigan ijara haqqi to’g’risida gapirar ekan.

AQSh Davlat kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo masalalari bo'yicha muovini Richard Baucher ham Bishkekka kechagi safari davomida Qirg’izistonning rivojlanishi bo’yicha o’z takliflarini aytdi. Baucher qirg’iz rasmiylariga nafaqat Rossiya va Xitoy, balki Pokiston va Hindiston bilan iqtisodiy aloqalar o’rnatish mumkinligini aytgan. Uningcha, AQSh hozirda Qirg’izistonda ishlab chiqariladigan elektr energiyasini Pokistonga eksport qilish loyihasini muhokama qilmoqda.

- Iqtisodiyot, xavfsizlik va demokratiya bo’yicha islohotlar o’tkazish borasida Qirg’iziston bilan biz yaxshi aloqalar o’rnatdik, – dedi Richard Baucher AQSh-Qirg’iziston aloqalariga to’xtalar ekan.

Fuqaroviy jamiyat vakillari esa, AQSh Davlat kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo masalalari bo'yicha muovini bilan uchrashuvda, mamlakatdagi siyosiy vaziyat bo’yicha o’z xavotirlarini bildirganlar.

- Biz Richard Baucher bilan uchrashib, 24 martdan keyin Qirg’izistonda vaziyat yomonlashganini, xalq norozi ekanini oqizmay-tomizmay aytib berdik. Baucherning aytishicha, Qirg’izistonda islohotlar olib borilmayotganidan nafaqat qirg’iz xalqi, balki xalqaro jamoatchilik ham tashvishlanayotir, – dedi Edil Baysalov.

Qirg’iziston Talabalar Ittifoqining yetakchisi Elnura O’smo’nalieva, Richard Baucher bilan uchrashuvda mamlakatdagi siyosiy vaziyat muhokama qilinganini aytadi.

- Baucher bilan Konstitutsiya va sud tizimida islohotlar o’tkazish zarurligi, korruptsiya muammosi, iqtisodiy rivojlanish, mamlakatda demokratiyani rivojlantirishda AQShning o’rni to’g’risida suhbatlashdik, – deydi Elnura O’smonalieva.

Nohukumat tashkilotlar vakillari AQSh Davlat kotibi muovini Baucher bilan suhbatda "Qirg’iziston parlamentiga jinoiyatchilar deputat bo’lib saylanayapti," - deya xavotir bildirganlar.

Elnura O’smo’nalievaning aytishicha, Richard Baucherning Bishkekka safaridan maqsad – Qo’shma Shtatlar manfaatlaridan kelib chiqqan holda mintaqada demokratiya rivojiga ko’maklashishdir.

XS
SM
MD
LG