Toshkentlik pahlavon Amerikada nom qozonmoqda


Bugungi kunda AQShda O’zbekistondan kelib o’qiyotgan yoshlar qatorida erkin kurash bo’yicha O’zbekiston chempioni, jahon chempionatining kumush medali sohibi, ayni damda Vashingtondagi Amerika Universitetida o’qib, uning sharafini himoya qilib kelayotgan Muzaffar Abdurahmonov ham bor.

11 yildan beri kurash gilamida o’z mahoratini oshirib, doimo g’alaba sari intiluvchi Muzaffar Abdurahmonov hozirda Vashingtondagi Amerika Universitetida siyosatshunoslik sohasida tahsil olmoqda.

“Aslida Toshkentda tug’ilganman. Kurashga 10-15 yoshimdan boshlab qatnashib kelaman. Akam o’sha paytlarda kurash bilan shug’ullangani sabab, ularnng orqasidan ergashib bu sport turiga kirib qolganman. Bir-ikki yildan so’ng murabbiyim Aleksandr Ivanovich Olimpiya zahiralari maktabiga bosh murabbiy etib tayinlandi, shunda u meni ham o’zi bilan taklif qildi. Bir qator musobaqalarda qatnashib, sovrinli o’rinlarni egallashni boshladim. Hatto, kattalar orasida 2-3 marta respublika birinchiligni ham qo’lga kiritdim”,-deydi Muzaffar.

Muzaffarning Amerikaga kelishiga bir do'sti sabab bo’lgan. Sportdagi faoliyatidan tashqari, kasbiy bilim olish orzusi kurashchini okean ortiga yetakladi.

“2001 yilda “JAR” sport majmuida yoshlar orasida erkin kurash bo’yicha jahon chempionati bo’lib o’tgan edi. Men ikkinchi o’rinni oldim. Shundan so’ng, jamoadosh do’stim Erkin Tojimetov AQShga yo’l oldi. Bir yil o’tgach u menga telefon qilib, AQShga kelib o’qishim mumkinligini aytdi. Agar AQSh universiteti uchun kurash tushsam, o’qishim uchun to’lab berishlarini ham bildirdi. Menga ma'qul keldi va men ilk bor, Kanzas shtatidagi Kolbi Kommunity Kollej (Colby Community College) ga keldim. Ikki yil ketmat-ket AQSh chempioni bo’ldim. Ikki-yil o’tib kollejni tugatgach, menga bakalavr darajasini olishim uchun turli universitetlardan taklif keldi. Men Vashingtondagi Amerika Universitetida to’xtaldim. Murabbiy va shart sharoitlari juda yoqdi. Hozirda mazkur universitet uchun kurashib kelmoqdaman. Uch hafta oldin Oklaxoma shtatida bo’lib o’tgan mamlakat birinchiligida uchinchi o’rinni qo’lga kiritdim.”

Erkin kurash usulida gilamga chiqishga o’rgangan Muzaffar Amerikaga kelib, umuman boshqacha kurash turi - Foks Restling (Fox Wrestling) bilan tanishdi.

"Men aslida erkin kurashchiman. Ammo AQShga kelganimdan so’ng Foks Stayl (Fox Style) degan kurash turi bilan tanishdim. Erkin kurashdan farqi shundaki, siz parterda bo’lsangiz to yutqazganingizni tan olmaguningizcha gilamda xohlagancha yotishingiz mumkin. Undan tashqari sizni oyoqlaringizdan tutmoqchi bo’lsa, hatto bel va yelkalaringizga suyanib qochib ketishingiz mumkin. Bunday tushunarsiz kurashni ko’rmagan edim. Umuman boshqa sport turiga o’tgandek bo’ldim. To’g’risini aytsam, rosa qiynaldim”,-deydi pahlavon.

Hozirda Amerika sportida o'z o'rnini topib, asta sekin tanilib borayotgan chempion Olimpiya o’yinlarida qatnashib, oltin medalni qo’lga kiritish orzusi bilan yashamoqda.

XS
SM
MD
LG