O'zbekistonda rus tiliga e'tibor oshmoqda


O'zbekistonda rus tiliga e'tiborning oshishi bu tilni mukammal bilmaydigan yosh mutaxassislarni tashvishga solmoqda. Boshqalarning fikricha esa rus tili maqomining ko’tarilishi jamoatchilikka o`zbek tilini bilish va o`rganish naqadar zarur ekanidan dalolatdir.

Mutaxassislarga ko`ra o`zbek tilining davlat tili sifatida e`lon qilinganiga 15 yildan ortiq vaqt o`tsada, bu muhlat o`zbek tilining davlat va umummamlakat miqyosiga ko`tarilishiga xizmat qila olmadi. So`nggi ikki yildagi vaziyat esa shu paytgacha bu yo`nalishda bo`lgan kichik harakatlarni ham to`xtatgan.

Dalil tariqasida o`zbeklar o`z farzandlarini rus tilidagi bog`cha va maktablarga tarbiyalashni lozim ko`rishayotgani, ko`chalarda asosan rus tilidagi reklamalarning paydo bo`layotgani va boshqa siyosiy sabablar keltirtiladi.

Mahalliy kuzatuvchilardan biri, tilshunos olim Baxtiyor Isabekka ko`ra, rus tilini boshqa tillar kabi o`rganish shubhasiz samarali, faqat bu o`zbek tilini cheklash hisobiga bo`lmasligi kerak.

- Birinchi navbatda, davlat idoralarida o`zbek tilining qo`llanilishi yo`qqa chiqib boradi, agar hozirgi jarayon davom etadigan bo`lsa. Yana o`sha Surxandaryodan, Andijondan kelgan o`zbek tilini biladigan, rus tilini bilmaydigan kishilar o'zlarini poytaxtda bir boshqa mamlakatga kelib qolgandek his qila boshlaydilar. Bu tilimizning qo`llanish doirasini qisqartirib yuboradi. O`zi qo`llanish doirasi juda chegarali edi... Tilning qo`llanilishi davlat doirasida ham bo`lishi kerak-ku axir… Rus tilining keng qo`llanilishi bilan o`zbek tilida o`qish, o`qitish ishlarini olib borish nimaga kerak degan savollar yuzaga keladi… Bular tilning xalqimizga, fuqarolarimizga ta`siri, - deydi Baxtiyor Isabek.

Yozuvchi Zohir A`lamga ko`ra ayni paytda Toshkentda o'zbek oilalarining farzandlarini rus maktablarida o`qitish yana urfga aylanmoqda.

Shuningdek, yozuvchiga ko`ra, o`zbek maktablarida, oily o`quv yurtlarida dars berish saviyasining o`ta pastligi va hukumatning bu holatni oldini olmayotganligi ham o`zbek tilining o`zbeklarning e`tibordan chetlashiga sabab bo`lmoqda.

Mutaxassislarga ko`ra, hukumat tomonidan davlat tilini kafolatlash haqidagi qonun va qarorlar ishlamayotgani, hukumat doirasining o`zida rus tilining ishchi til sifatida ishlatilishi ham o`zbek tilining qadrsizlanishiga sabab bo`lmoqda.

Davlat tili haqidagi va rus tilida gaplashuvchilarning davlat tilida ish yuritishlari uchun o`zbek tilini o`rganishlariga muhlat berilishi haqidagi hukumat qarorlari muallaq qolgan.

Ularga davlat tilini o`rganish uchun berilgan muhlat bir necha bor cho`zdirilgan va samarasiz tugagan. Hozirda bu qaror muhokamadan chetlatilgan. Bugunga kelib, aksincha ish topish, ish yuritish uchun o`zbeklar rus tilini o`rganish majburiyatiga yo'liqmoqdalar.

Bu haqda oliy o`quv yurtini yaqinda bitirgan bir o'zbekistonlik, hozir ish topish ancha muammo va ishga olishda asosan yoshlarning rus tilini bilishlariga e`tibor qaratilmoqda, deydi.

- Ko`p joylarga borganimizda ishga qabul qilish jarayonidagi suhbatlarni rus tilida o`tkazilayotganiga guvoh bo`layapmiz. O`zbek tilida bo`lganidan keyin, bularning hammasi o`zbek tilida bo`lishi kerak. Lekin buni aytganimiz bilan e`tibor berishmaydi. Qishloqdan kelgan talabani iqtidori past deb bo`lmaydi. U o`z kuchi bilan o`qishga kirgan. Unga rus tilini yaxshi o`qitishmagan xolos. Bunday talabalar ko`pchilikni tashkil etadi, - deydi u.

O'zbekiston Milliy Unversitetining o`zbek tili filologiyasi fakulteti dekani Nurboy Jabborovning fikricha, O`zbekistonda bu borada muammolar yo'q.

- O`zbekistonda o`zbek tili kamsitilyapti, deyish noinsoflik bo'lar edi, - deydi Nurboy Jabborov.

Norboy Jabborov nazarida masalani bunchalik keskin qo`ymasdan, tillarga nisbatan bag`rikeng munosabatda bo'lish lozim.

Ayrim talabalarning aytishicha, ayni paytda ko`plab bitiruvchi talabalar rus tilini o`rgatuvchi kurslarda oyiga 15 ming so'mdan berib, til o`rganishga majbur bo`lmoqdalar.

Mutaxassislarga ko`ra, O`zbekistonda bir milliondan ko`proq aholi o`zbek tilini mutlaqo bilmasligi mumkin. Biroq 25 million aholi o`zbek tilini biladi va bu tilda gapiradi. Biroq bu ko`rsatkich tilning davlat maqomini belgilay olmayotgan ko'rinadi.

XS
SM
MD
LG