Hofiz Dadaxon Hasan prezidentni haqoratlaganlikda ayblanmoqda


O`zbek muxolifatining shakllanishida katta rol o'ynagan insonlardan biri, hofiz Dadaxon Hasan O`zbekiston prezidenti sha`nini haqoratlash aybi bilan tergov qilinmoqda. Dadaxon Hasanning uyi kuni kecha tintuv qilingan, uning qo`shiqlari yozilgan tasmalar musodara qilingan.

O`zbekiston Inson huquqlari jamiyati raisi Tolib Yoqubov berayotgan ma`lumotlarga ko`ra, milliy xavfsizlik xizmatiga tergovga chaqirilgan Dadaxon Hasanga quyidagi ayblar qo`yilmoqda:

- Dadaxon Hasanga nisbatan O`zbekiston jinoyat kodeksining 158-moddasi - O`zbekiston prezidenti sha`nini tahqirlash, 159-modda - konstitutsiyaviy tuzumga tajovuz qilish va 224-moddaning ikkinchi qismi - ekstremistik tashkilotlarga a`zo bo`lish, boshqarish ayblari qo`yilgan, - deydi Tolib Yoqubov.

O`zbek muxolifatining faxriy vakillaridan biri bo`lgan Dadaxon Hasan “Birlik” xalq harakatini tashkil etgan yetakchilardan biri. Bundan tashqari xalq orasida o`z qo'shiqlari bilan yaxshi tanilgan hofiz hamdir. Hofizga nisbatan ish qo`zg’atilishiga uning siyosiy qo’shiqlari sabab bo`lganligi aytilmoqda. Jumladan, Buxoro viloyatida muxolifat vakillari ustidan ketayotgan sud jarayonlarida, Dadaxon Hasanning qo'shiqlari yozilgan tasmalarning siyosiy dalil sifatida keltirilayotganligiga urg`u beriladi.

Ma`lumotlarga ko`ra, hozirda hofizning qo`shiqlari yozilgan tasmalar o`rganib chiqilmoqda. Tolib Yoqubovning ta’kidlashicha, hofizning jinoyatda ayblanishi ko`proq O`zbekistondagi hozirgi vaziyat bilan bo`gliqdir.

- 2007 yilda bo`ladigan prezident saylovlari yaqinlashyapti. Shu nuqtai nazardan, Islom Karimov misli ko`rilmagan tadbirlar o`tkazmoqda. U ham bo`lsa, barcha nodavlat, chet-el tashkilotlarini mamlakatdan chiqarib yuborish, hamda O`zbekistondagi fuqarolik jamiyati tizimini tugatish. Bularning orasida hur fikrli odamlar hukumat uchun alohida xavf tug`dirgani uchun ularni yo`qotish, qamash ishlari ketyapti, - deydi Yoqubov.

- Dadaxon Hasanov “Birlik” xalq harakatining asoschilaridan biri. Qator yillar harakatning rahbarlaridan biri bo`lib kelgan. Shu mavjud zo`ravon tuzumga qarshi o`ziga xos yo`l bilan kurashib kelgan. She`rlar yozib, ularni ashula qilib kuylagan. Ashulalari xalq ichida keng tarqalgan; odamlar faqatgina sevib eshitish emas, balki ulardan ma`lum darajada ma`no ham olgan, - deydi O`zbekiston inson huquqlari jamiyati raisi Tolib Yoqubov.

XS
SM
MD
LG