Breaking News

Namanganda tadbirkor oila sudga tortilmoqda


Namanganda tadbirkorlik bilan shug’ullanuvchi Otaxonovlar oilasi ustidan sud jarayoni davom etmoqda. Oila boshlig`i Nasim Otaxonov O`zbekiston prezidenti sha`nini haqoratlaganlikda, konstitutsiyaviy tuzumga tajovuz qilganlikda, ekstremistik guruhlarni moddiy qo`llab-quvvatlaganlikda ayblanmoqda. Ayblanuvchilarning advokatiga ko`ra, ayblar asossiz va tergov jarayonida ayblanuvchilar qiynoqqa solingan.

Ma`lumotlarga ko`ra, Otaxonovlar viloyatdagi nom chiqargan tadbirkor oilalardan biri. Sakkiz nafar aka-ukalardan va bir guruh qarindoshlardan iborat oila a`zolari fermerlik va savdo-sotiq bilan shug`ullanib kelishgan. Ayni paytda esa ularning olti nafari, jumladan 70 yoshga yaqinlashgan Nasim Otaxonov ham hibsda; oilaning besh nafar a`zosi qidiruvda.

Nasim Otaxonov O`zbekiston prezidenti sha`nini haqoratlashda, konstitutsiyaviy tuzumga tajovuz qilganlikda ayblanmoqda. Ayblov xulosasi bilan tanishgan inson huquqlari faoli Surat Ikromovga ko`ra, tadbirkorlarni ekstremistik tashkilotlarni moddiy jihatdan qo`llashda ham ayblashmoqda.

Namanganda Otaxonovlar oilasi ustidan boshlangan sud jarayonini kuzatayotgan “Mazlum” inson huquqlari tashkiloti rahbari A`zam Turg`unovga ko`ra, Otaxonovlarga siyosiy ayblov qoyilishi mutlaqo asossiz, va jinoiy ish korruptsiya bilan bo`gliqdir.

Unga ko`ra, ayblanuvchi tadbirkorlardan viloyat sobiq hokimining qarindoshi katta miqdorda qarz olgan, keyin esa qarzni qaytarib bermaslik uchun soliq idoralari orqali tadbirkorlarni tekshirtira boshlagan.

- Avvalgi, shahar soliq idorasining tekshiruvi hech qanday qonunbuzarliklar yo`q deb xulosa qilgan. Keyin yana tuman soliq idorasi tekshirib, turli xatoliklar topa boshlagan. Bu albatta buyurtmali ish. Muhsin Otaxonovni qamoqqa olinishidan boshlangan; 30 ming dollar bersanglar uni chiqaramiz deyishgan; bular rad qilishgan. Keyin, uning oldiga kelgan aka-ukalarini, hammasini hech qanday ogohlantirishsiz qamoqqa ola boshlashgan. Bu ishga vahimali tus berish uchun ularga siyosiy ayblar qo`ya boshlashgan, - deydi A`zam Turg`unov.

Otaxonovlarning himoyachisi advokat Rustam Qoraboyevga ko`ra, siyosiy ayblov asossiz:

- Go`yo ayblanuvchi bozorni oldida kimgadir mana endi prezident ketadi, deb aytgan emish. Buni eshitgan odamning o`zi yo`q; ish materiallarida u uchramaydi. Bu ko`rsatmalarni qamoqxonada o`tirgan vahobiylar berishgan. Ularni urib-so`kib shunday ko`rsatmalar olayapti. Maqsad Otaxonovdan olingan 41 ming dollarni bermaslik. Bundan tashqari, yana pul olish, - deydi Rustam Qoraboyev.

Qoraboyevga ko`ra, Otaxonovlarga nisbatan jinoiy ish ochilishining sababi ko`proq mahalliy miqyosdagi korrupsiya bilan bo`gliqdir. Buning orqasida viloyatdagi bir qator amaldorlar turgani urg`ulanadi.

Shuningdek, advokat tergov jarayonida Otaxonovlar tergovchi tomonidan kaltaklanganini, ish davomida ularning 44 ta konstitutsiyaviy huquqlari buzulganligini aytadi.

Otaxonovlar oilasining a`zosi Ra`no Otaxonovaga ko`ra, hibsga olinganlarni kaltaklay boshlashgach, va ularga nisbatan siyosiy ayblovlar qo`yila boshlashgach, qolgan oila a`zolari yashirinishga majbur bo`lishgan.

Mahalliy inson huquqlari faollari so`nggi paytda diniy e`tiqod uchun ta`qiblar yanada kuchayayotganini, bir necha o`nlab kishilar asossiz ravishda hibsga olingani haqida gapirishmoqda. Namanganda Otaxonovlar oilasi ustidan boshlangan sud jarayoni davom etmoqda.

XS
SM
MD
LG