Rossiyadagi millatchilik o'zbekistonliklarga qimmatga tushyaptimi?


Rossiya ommaviy axborot vositalari tarqatgan xabarlarga ko`ra Sankt-Piterburgda 28 yoshli o`zbekistonlik pichoqlab ketilgan. O`zbekiston fuqarosiga uyushtirilgan hujumga nima sabab bo`lgani hozircha aniq emas, lekin mahalliy kuzatuvchilar buni Rossiyadagi millatchilik kayfiyati bilan bog’lashmoqda.

Pichoqlab ketilgan o`zbekistonlik ayni paytda og`ir ahvolda kasalxonaga yotqizilgan. Tarqatilgan ma`lumotga ko`ra, shaxsi aniqlanmagan kishi uning ko`krak qismiga bir necha bor pichoq sanchgan va g`oyib bo`lgan. Hozircha, sodir etilgan jinoyat sabablari aniqlanmagan, bu borada tergov ketmoqda.

Markaziy osiyoliklarning Rossiyada millatchilik qurboniga aylanayotgani tez-tez qayd etilayotgan hodisa. Bildirilayotgan fikrlarga ko`ra, ayni paytda O`zbekiston va Rossiya aloqalari ittifoqchilik darajasiga ko`tarilishidan qat`iy nazar, bu kabi irqchilik hodisasi oxirgisi emas.

Buning bartaraf etilishi uchun hukumat vakillari hech bo`lmaganda shunday muammo borligini ta`kidlab o`tishlari zarur.

Kuzatuvchi Bahtiyor Isabekka ko`ra irqchilik rus xalqiga xos fazilat emas, chunki ruslar azaldan turli millatlar bilan qoshilib yashab kelishgan.

- Buning sababi, ko’proq rus hukumati yuritayotgan siyosat bilan bo`g`liq. Men avvalgi Sovet ittifoqini ham, hozirgi hukumatini ham nazarda tutayapman. Rus irqchiligida mantiq yo`q. Bu bilan boshqa davlatlardagi irqchilikni oqlamoqchi emasman, chunki bir hududda faqat ruslar yashshini istayotgan hukumat hech qachon biron mamlakatni bosib olmaydi, shuning uchun ham men bu harakatni rus davlatlarinin avvalgi va hozirgi yuritayotgan siyosatlaridan oziqlanadi deb hisoblayman, - deydi Bahtiyor Isabek.

Tarix fanlari nomzodi, siyosatshunos Maryam Ibrohimovaning ta`kidlashicha, Rossiya hozirda liberalism siyosati yo`lidan ketmoqda, shuning uchun ham turli siyosiy guruhlarning faoliyat yuritishi, jumladan irqchilikni targ`ib etilishi ham tabiiydir.

“Irqchilik siyosati demokratiya rivojlangan AQShda ham bor. Aytib o`tish lozim, bu narsa O`zbekistonda ham bo`lib o`tgan. Odamlar qiyin ahvolga tushib qolishganda, odatda bunga atrofdagilarni ayblashga o`rganib qolishadi. Rossiyada ham shu narsa kuzatilayapti, - deydi Maryam Ibrohimova.

Maryam Ibrahimova Rossiya bilan aloqalarning rivojlanishi o`ta muhumligini qayd etar ekan, buning ikki tomonlama teng huquqlarga ko`ra amalga oshishi lozimligini ta’kidlaydi. Unga kora hozirda Rossiyaga sotilayotgan gaz va boshqa tabiiy boyliklarni O`zbekiston xalqiga qanchalik manfaatli ekanligini hisoblab ko`rish kerak.

Bahtiyor Isabek O`zbekiston va Rossiya o`rtasida hozirda rivojlanayotgan munosabatlarga baho berar ekan, bu munosabatlar asosan O`zbekiston hukumatidagi ayrim guruhlar uchun, ularning hukumatda saqlanib qolinishi uchun ishlayotganligini ta`kidlab o`tadi. Unga ko`ra, hozirda Toshkentga kunora Rossiya delegatsiyasi, biznes vakillari tashrif buyirishayapti va o`zlarining shart- sharoitlarini e`tirozsiz tarzda o`rnatishmoqda.

- Bu munosabatlar bir tomonlama ustunlikka ega, ikki xalq aloqalarini rivojlantirish uchun xizmat qilishiga unchalik ishonmayman, - deya xulosa qiladi Bahtiyor Isabek.

Siyosatshunos Qobilbek Karimbekovga ko`ra, O`zbekiston Rossiya bilan ittifoqchilik aloqalarini rivojlantirar ekan, o`z manfaatlarini teng huquqli tarzda himoyalay oladi.

- O`zbekiston Rossiya uchun alohida imtiyozlar yaratmaydi. Lekin Rossiya kuchli davlat, katta mamlakat, biz uchun o’n yillar davomida sinovdan o`tgan mamlakat. Do`stligimiz mustahkamlanadi. Hozir tovar ayirboshlash 2 milliard dollarga yaqinlashayapti. Biroq bu degani biz Rossiyaga aharqning darvozalarini ochib beramiz, bu yerda ular o`z nazoratlarini o`rnatadi degani emas. Buni O`zbekiston juda yaxshi tushunib turibdi. Teng hamkorlik, halol sheriklik, - deydi Karimbekov.

Kuzatuvchilarga ko`ra O`zbekiston Rossiya bilan ittifoqchilik aloqasiga kirishgan ekan, buning natijalarini Rossiyada mardikorlik qilayotgan millionda oshiq o`zbekistonlik ham his etishlari, hukumatlar o`rtasidagi aloqadan aniq manfaat ko’rishlari kerak.

O`tgan oy Rossiya Dumasida sobiq ittifoq hududidan kelayotgan mehnat muhojirlarini qonuniylashtirish muammosi muhokama qilindi. Bu qonun ishga tushgan taqdirda, muhojirlar rasmiy tarzda ish topish va ishlash huquqiga ega bo`lishlari kutilmoqda.

Rossiyadagi irqchilik, rus bo’lmaganlarga nisbatan munosabat borasida inson huquqlari himoyalovchi tashkilotlar ham bir qator chiqishlar qilgan. Yaqindagi xabarga ko`ra, Rossiyadagi “Memorial” inson huquqlari markazi fashizmga qarshi kurashuvchi muvofiqlashtiruv markazini tuzish tashabbusi bilan chiqqan. Markaz berayotgan ma`lumolarga ko`ra, hukumatning o`zi ochiq tarzda millatchilik siyosatini qollamasa-da, biroq bu harakatni yashirin tarzda qo`llayotgan kuchlar bor.

XS
SM
MD
LG