R. Baucher: O'zbekiston keng imkoniyatlardan ayrilmoqda


AQSh Davlat departamentining Janubiy va Markaziy Osiyo bo’yicha bo'limi direktori Richard Baucher AQShning O’zbekiston bilan aloqalari eng past darajaga tushganidan xavotirda ekanini bildirdi. Biroq uning aytishicha, bunday yo’lni O’zbekiston rahbariyatining o’zi tanlagan.

"Afsuski, O’zbekiston o’zini qo’shnilaridan, o’z mintaqasidan, keng imkoniyatlardan ajratib qo’yapti", - dedi u. "Mamlakat ichida ta’qiblar davom etmoqda. Nafaqat xalqaro tashkilotlar, 2000 ga yaqin mahalliy nodavlat taskilotlar ham yopildi. Chegaralar yopilib, savdo qilish imkoniyatlari cheklandi. O’zbekiston xalqi uchun bu afsuslanarli holdir. Mintaqadagi boshqa davlatlarga o’xshab ochilish, olg’a qadam qo’yish vaqti keldi."

Ba’zi mutaxassislar fikricha, AQSh mintaqadagi siyosatini yurgizishda oldin O’zbekistonga qanchalik tayangan bo’lsa, hozir Qozog’istonga shunchalik tayanishga harakat qilyapti. AQSh vitse-prezidenti Dik Cheyni may oyida Markaziy Osiyo davlatlari orasida birgina Qozog’istonga safar qiladi.

Biroq janob Baucher "biz mintaqadagi hech bir davlatga alohida urg’u bermaymiz va hech kimni boshqalardan ustun qo’ymaymiz", dedi.

"Qozog’iston ko’p yo’nalishlarda juda muhim rol o’ynaydi. Mintaqa xavfsizligi, energetik resurslar, iqtisodiy islohotlar, demokratikroq jamiyatni shakllashtirish kabi yo’nalishlarda. Biz Qozog’iston bilan ana shu yo’nalishlar bo’yicha hamkorlik qilmoqdamiz, biroq biz mintaqada biron-bir davlatni yetakchi sifatida tanlab olib, u bilan munosabatlarimizga boshqalardan ko’proq urg’u berayotganimiz yo’q."

AQSh Qirg’izistondagi Manas aviabazasini qoldirish va undan foydalanishda davom etish uchun muzokaralarga tayyor ekanini bildirgan. Richard Baucherning aytishicha, Qirg’izistondagi baza bo’yicha muzokaralar davom etmoqda.

"Shu narsani yodda tutish muhimki, AQSh yoki koalitsiya kuchlarining Qirg’izistondagi aviabazadan foydalanishi mintaqa xavfsizligi, terrorizmning tarqalmasligi, Afg’onistondagi barqarorlikni ta’minlash uchun kerak," - dedi janob Baucher. "Bu AQSh, koalitsiya kuchlari va Qirg’iziston tomonidan amalga oshirilayotgan qo’shma harakatlardir. Muzokaralarga kelsak, ular davom etmoqda. Har bir muzokara kabi ularning o’ziga yarasha qiyinchliklari bor. Ularning muvaffaqiyatli tugashi ham Qo’shma Shtatlar, ham Qirg’iziston manfaatidadir."

Davlat departamentidagi ba’zi ichki o’zgarishlar tufayli AQShning Markaziy Osiyo davlatlaridagi siyosati bilan shug’ullanish bir oy ilgari Janubiy va Markaziy Osiyo bo’yicha yangi bo’limga topshirilgan. Ungacha bu ish bilan Yevropa va Yevrosiyo bo’yicha bo’limi shug'ullangan.

XS
SM
MD
LG