AQSh Qirg’izistondagi siyosiy zo’ravonliklarni qoralamoqda


2005 yilning mart oyida muxolifat parlament saylovlari soxtalashtirilgan degandan so’ng minglab Qirg’iziston fuqarolari mamlakatlaridagi demokratiyani himoya qilib chiqdilar. Ular jahonga ozodlikka bo’lgan muhabbatning jaholatdan ustun turishini bu kabi mard harakatlari bilan namoyish etdilar.

Prezident Askar Akayevning iste’fosiga olib kelgan Lolaqizg’aldoq inqilobi Qirg’iziston hukumatining demokratiya muhim poydevori bo’lgan inson huquqlariga munosabatini ancha yaxshiladi. Biroq konstitutsion, saylov, matbuot va sud tizimlarida islohotlar o’tkazilmas hamda korrupsiyaga qarshi aniq choralar ko’rilmas ekan, demokratik institutlar zaifligicha qolaveradi.

Asosida siyosiy sabablar yotgan qotilliklarning ko’payishi tashvishga sabab bo’layotgan holdir. So’nggi bir necha oy ichida parlamentning uch a’zosi o’ldirilgan. Bishkekdagi nodavlat Demokratiya va fuqarolik jamiyati koalitsiyasining rahbari Edil Baysalov yaqinda notanish shaxslar tomonidan qattiq do’pposlangan. Janob Baysalov jinoiy guruhlarning mamlakatdagi siyosiy vaziyatga ta’siriga qarshi namoyishlar uyushtirgan. Unga bo’lgan hujum Qirg’izistonda inson huquqlari va demokratiyani himoya qilish yo’lida ter to’kayotganlarga qarshi qaratilgan harakat deb baholanmoqda.

AQShning Qirg’izistondagi elchixonasi o’z bayonotida Edil Baysalovga uyushtirilgan hujumni qoraladi. “Bu birgina shaxsga qarshi qaratilgan harakat emas” deyiladi bayonotda. “Bu butun boshli fuqarolik jamiyati va so’z erkinligi tamoyillariga qarshi qaratilgan hujumdir. Qo’shma Shtatlar bu holga so’nggi bir yil ichida Qirg’izistonda siyosiy zo’ravonlikning yomonlashishi sifatida qaraydi."

Inson huquqlari bo’yicha Xalqaro Xelsinki Komissiyasi va Inson huquqlari bo’yicha Qirg’iziston qo’mitasi hukumatni Edil Baysalovga qarshi uyushtirilgan hujumni tergov qilishga chaqirmoqda. Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti ham Qirg’izistondagi uyushgan jinoyatchilik a’zolarining parlamentga kirish harakatlarini tashvish bilan qabul qildi.

Janob Baysalovga qarshi uyushtirilgan hujum Qirg’iziston hukumatiga shu narsani eslatishi kerakki, haqiqiy demokratiyaning gurkirashi uchun uyushgan jinoyatchilik va korrupsiyaga qarshi kurashish va hozirda zaif fuqarolik jamiyatini himoya qilish kerak.

XS
SM
MD
LG