O'zbekistonda mustaqil televideniye erkin faoliyat yurita oladimi?


O’zbekistonda nohukumat teleradio stansiyalari birlashmasi hisoblangan O’zbekiston elektron ommaviy axborot vositalari milliy uyushmasi yangi faoliyat bosqichiga o’tganini bildirmoqda. Biroq yangi faoliyat, aslida, mustaqil axborot vositalarining erkin faoliyatini nazorat ostiga olishga qaratilgani haqida tashvishlar bor.

O`zbekiston elektron ommaviy axborot vositalari uyushmasining yaqinda o`tgan yig`ilishida, jurnalistlar xartiyasi va mustaqil teleradio vositalarining rivojlanish dasturi qabul qilingan. Uyushma direktori Muhammadsalom Masharipovga ko`ra, konferensiyada qatnashgan televideniye va radio xodimlari uyushmaning 2006-2007 yillarga mo`ljallangan dasturini muhokama orqali qabul qilishgan.

Masharipovning aytishicha, hozirda axborot bozoridagi talabni inobatga olib, mustaqil televideniyelarning markazlashgan holda axborot almashish va uzatish dasturi yo`lga qoyilgan. 25 mustaqil televideniyelarni bir tarmoqqa birlashtirgan bu dasturda, ko’rsatuvlar markazlashgan holda efirga uzatiladi. Efir O`zbekistonning 90 foiz hududini qamrab oladi. Unda viloyatlardagi jurnalistlar joylardagi eng dolzarb muammolarga bag`ishlangan ko’rsatuvlari bilan qatnashadi. Bundan tashqari, ularning mustaqil soatlari ham mavjud. Bu vaqtdan mahalliy televideniyelar o`zlarining xususiy ko`rsatuvlarida foydalanishadi.

Uyushma tomonidan markazlashgan tarzda namoyish etiladigan ko`rsatuvlar ayrim mustaqil televideniyelarning manfaatlariga to`gri kelmasligi haqida mulohazalar ham mavjud.

Jurnalist Soleh Yahyoyevning bildirishicha, Buxoro viloyatida uch mustaqil televideniye bor, lekin ularning hammasi markazlashgan tarmoq ko`rsatuvlarini namoyish etishga majbur. Bu holatda kanallar o`rtasida hech qanday raqobat qolmaydi; ular bundan, tabiiyki, manfaatdor emas. Shuning uchun, masalan, bir viloyatda uchta kanal faoliyat yuritayotgan bo`lsa, hech bo`lmaganda ularning bittasini uyushma a`zoligiga kirishga majburlamaslik kerak, deb ta`kidlaydi Soleh Yahyoyev.

Bundan tashqari, markazlashgan axborot uzatish tartibi, ko`proq efirga uzatilayotgan ko`rsatuvlarni nazorat qilishga qaratilgani ham urg`ulanadi.

Jurnalist Soleh Yahyoyevga ko`ra, mustaqil televideniyelarning yagona uyushma ostida birlashishi axborot vositalarining markazlashgan nazoratiga olib kelishi mumkin.

O`zbekiston elektron ommaviy axborot vositalari uyushmasi o’z faoliyatini 2004 yilda boshlagan. Hozirda uyushma tarkibiga 60 ga yaqin mustaqil teleradio stansiyalar kirgan. Uyushmaning tashkil etilishi va faoliyati matbuotda bir qator bahs-munozaralarga sabab bo`lgan edi.

Bu munozaralarda uyushmaga birlashish majburiy ravishda kechganligi, a`zo bo`lishni istamagan yoki uyushmadagi talablarga o`z e’tirozini bildirgan teleradio stansiyalar turli sabablarga ko`ra faoliyatlarini to`xtatishgani ta`kidlab o`tiladi.

Jumladan, Toshkent viloyatidagi “Chirchiq-TV” mustaqil telestansiya rahbari Viktor Sapironing matbuotda uyushma televideniyelarni o`z nazoratiga olishni istayotgani haqidagi fikrlaridan so`ng, “Chirchiq-TV” faoliyati to`xtatilgan edi.

Sapironing matbuotda bergan intervyusiga ko’ra, mahalliy hokimyat tomonidan “Chirchiq-TV”ga bosim, uning uyushma faoliyatini tanqid ostiga olgan intervyusidan so`ng boshlangan. O`z navbatida, uyushma bu ayblovlarni rad etgan va telestansiyaning yopilishini uning moddiy qiyinchiliklari bilan bo`gliq ekanligi haqida bayonot tarqatgan edi.

Ayni paytda Viktor Sapiro O`zbekistonda emas. Uning turmush o`rtog`i Nadejda Nikolayevna bergan ma`lumotlarga ko`ra, Sapiro televideniye faoliyati to`xtatilgach, ish topish maqsadida qo`shni davlatlarga jo`nab ketgan.

Uyushma direktori Muhammadsalom Masharipovning ta’kidlashicha, uyushmaga a`zo bo`lish ixtiyoriy tarzda amalga oshiriladi, va mustaqil televideniyelar uyushmaga a`zo bolishga majburlanmaydi.

Uyushma a`zosi bo`lgan mustaqil televideniye rahbarlaridan biriga ko`ra, hozirda uyushmadagi mavjud tartibga muvofiq, mustaqil televideniyelarning tashqi aloqalari, dasturlarni ko`chirish, uzatish borasidagi shartnomalari faqatgina uyushma doirasida hal etiladi; mustaqil televideniye bu borada bir tomonlama tashabbus ko`rsata olmaydi.

Misol tariqasida “Amerika Ovozi” televideniyesining o`zbek tilidagi ko`rsatuvlarini namoyish etib kelgan mustaqil televideniyelarning, keyinchalik bu ko`rsatuvlar namoyishini t`oxtatgani keltiriladi.

Televideniye rahbariga ko`ra, mazkur ko`rsatuv mahalliy aholida qiziqish uyg`otgan, va televidenie bundan manfaatdor. Biroq ma`lum sabablarga ko`ra, bu boradagi shartnomani to`xtatishga majbur bo`lishgan.

Uyushma direktori Muhammadsalom Masharipov mustaqil televideniyelarning nima sababdan “Amerika manzaralari” ko`rsatuvini efirga uzatishni to`xtatishgani, unga qorong`u ekanligini aytadi.

Mutaxassislarga ko`ra, O`zbekistonda mustaqil elektron ommaviy axborot vositalari bilan ishlagan Xalqaro Internyus (Internews) tashkiloti faoliyat yuritgan davrda, televideniyelar uchun oz bo`lsada, mustaqil faoliyat yuritish imkoniyati bo`lgan. Biroq Internyus yopilganidan so`ng, ko`maksiz qolgan tashkilotlar uyushma ixtiyoriga o`tishga majbur bo`lishgan.

Bunday yo`l tutmagan mustaqil teleradio stansiyalarning faoliyati murakkablashgan, yoki to`xtatilgan.

XS
SM
MD
LG