Breaking News

Amerika Yuristlar Uyushmasining Toshkentdagi idorasi yopilishi mumkin


O`zbekistonda xalqaro nohukumat tashkilotlarning vakolatxonalarini yopilishi davom etmoqda. 25 aprel kuni Toshkent shahar fuqarolik sudi Amerika Yuristlar Uyushmasi vakolatxonasini yopish haqidagi Adliya vazirligi talabini ko`rib chiqadi. O`zbekiston matbuotida esa mamalakatda faoliyati tugatilgan xalqaro tashkilotlarni tanqid qilishda davom etmoqda.

Ma'lumotlarga ko`ra, O`zbekiston Adliya vazirligi Amerika Yuristlar Uyushmasini mamlakatdagi ro`yxatga olinmagan nohukumat tashkilotlarini qo`llab-quvvatlaganlikda ayblamoqda.

25 aprel kuni Toshkent shahar fuqarolik sudi Amerika Yuristlar Uyushmasi vakolatxonasi faoliyatini tugatish masalasini ko`rib chiqishi kerak. Kuzatuvchilar sud qanday qaror chiqarishi mumkinligiga shubha qilmayapti va bunga hozirgacha faoliyati to`xtatilgan bir qator xalqaro tashkilotlar misol qilib keltiriladi.

Amerika Yuristlar Uyushmasi O`zbekistonda 1995 yildan boshlab faoliyat yuritib keladi. Hozirga qadar Uyushma O`zbekistonda qonunchilik bilan bo`gliq bir qator dasturlarni amalga oshirgan, jumladan, Toshkent Huquqshunoslik Instituti bilan hamkorlikda aholiga bepul huquqiy xizmat ko`rsatuvchi klinikalar tashkil etgan.

Shuningdek, Amerika Yuristlar Uyushmasi O`zbekistonda advokatura haqidagi qonun loyihasini ishlab chiqishda ham ekspert sifatida ishtirok etgan.

Matbuotda esa hozirda faoliyati tugatilgan ko`plab nohukumat tashkilotlari tanqid ostida. Siyosiy sharhlovchi Ibrohim Normatovning “O`zbekiston ovozi” gazetasida bosilgan “Tuhmat tamg`asi” maqolasida O`zbekistondagi faoliyati tugatilgan Yevrosiyo Jamg`armasi hamda inson huquqlarini himoyalovchi Freedom House tashkilotlariga to`xtab o`tiladi.

“Ba’zi bir xorijiy davlatlarning O‘zbekistonda faoliyat ko‘rsatayotgan nohukumat tashkilotlari vakolatxonalari yopilganligi tuhmatchi ig‘vogarlar jazavasiga sababchi bo‘ldi. "Yevrosiyo" fondi nohukumat idora, deb atalgani holda aslida AQShning davlat byudjetidan mablag' oladi. Buni fond prezidenti Bill Meyns ham shu yil 2 aprel kuni "Amerika ovozi" radiosiga bergan intervyusida e’tirof etdi. Fondga o‘z haq-huquqini sud orqali himoya qilish taklif etildi. Biroq tashkilot da’vo arizasi berishni lozim topmay, ihtiyoriy ravishda Toshkentdagi bo‘limini yopdi. Agar O‘zbekistondagi faoliyati davomida xato va kamchiliklarga yo‘l qo‘ymaganida shunday yo‘l tutarmidi?”, deya ta`kidlaydi muallif.

Ibrohim Normatov nazarida xorijiy nohukumat tashkilotlarning maqsadi - rangli iqiloblarni amalga oshirish.

"Yevrosiyo” jamg`armasining O`zbekistondagi direktori Jeff Erlix "Amerika Ovozi" bilan bo`lgan suhbatda jamg'arma tomonidan O`zbekistonda bir qator xusisiy biznes vakillari bilan ishlagan, giyohvandlik va SPIDga qarshi kurashgan jamg'armani rangli inqiloblarda ayblash mutlaqo no`togri ekanini ta'kidlab o`tgandi.

Matbuotda tanqidga uchrayotgan yana bir xalqaro tashkilot inson huquqlari bilan shug`ullanuvchi Freedom House ham O`zbekistondagi faoliyati davomida bir qator loyihalarni amalga oshirganini e'tirof etadi.

Inson huquqlari himoyachisi Abdujalil Boymatovga ko`ra Freedom House O`zbekistonda inson huquqlari, viloyatlarda inson huquqlarini himoyalovchi markazlar ochish va qiynoqlarni oldini olishga qarshi qator loyihalar ustida ishlagan.

Inson huquqlari faoliga ko`ra bu loyihalar aynan O`zbekiston hukumatining rag`bat bildirmagani bois ham amalga oshmay qolgan. Aksincha, hukumat inson huquqlari tashkilotini yopib qo`ygan.

Demokratik tashabbuslar Markazi direktori Iskandar Xudoyberganov nohukumat tashkilotlarga nisbatan hozirgi munosabatni O`zbekiston hukumatining demokratiyaga nisbatan hujumi sifatida baholaydi.

“Nohukumat tashkilotlar demokratiyaning qaldirg`ochlari, lekin avtoritar tuzum ularga qarshi bosim boshladi. Bu O`zbekiston hukumatining demokratiyaga boshlagan hujumi. Bunday siyosat avvaldan davom etib kelayapti”,- deb ta`kidlaydi Iskandar Xudoyberganov.

Yaqinda rasmiy Toshkent talabiga ko`ra Birlashgan Millatlar Tashkilotining Qochqinlar bo`yicha Oliy Komissariati ham O`zbekistondagi idorasini yopishga majbur bo'lgan edi.

XS
SM
MD
LG