O'shdagi namoyishlar janjal bilan tugadi


26 aprel kuni O’shda sobiq gubernator Anvar Ortiqov va uning tarafdorlari mamlakatda islohotlar o’tkazish talabi bilan namoyish o’tkazdi. Ammo namoyish noma’lum ayollar va jinoiy guruhlarga mansub yoshlar kelib qo’shilgandan keyin janjal bilan tugadi.

Namoyish ertalab soat 10:00 da boshlandi. Ammo O’sh shahri markaziy maydonidagi proletariat dohiysi Lenin haykali poyiga avval ma’lum qilinganidek 5 ming kishi emas, ellikka yaqin odam to’plandi. “Mart inqilobi”da O’sh viloyati gubernatori etib tayinlangan, keyin prezident Bakiev buyrug’i bilan ishdan bo’shatilgan Anvar Ortiqov namoyish o’tkazilishining sababini “berilgan va’dalarning bajarilmay qolayotgani” bilan izohladi.

“Mart inqilobida berilgan va’dalarning hammasi amalga oshmadi. Xalq aldanib qoldi. Biz ana shu berilgan va’dalarning bajarilishini talab qilib chiqdik. Buni endi muxolifat deya tushunilsa, muxolifat bo’laqolsin. Unga ham tayyormiz. Bugungi davlat siyosati bilan fikrimiz bir emas”, – dedi Anvar Ortiqov.

Namoyishga yig’ilganlarning aksariyati o’zbeklar, Anvar Ortiqovning hamqishloqlari edi. Namoyishda tashabbuskorlar bilan bir qatorda, o’zlarini Bakiev siyosatini qo’llovchilar deya tanishtirgan erkaklar, ayollar ham mikrofon talashib so’zlay boshladilar.

O’zini xalq komissari deya atagan Bozorboy So’lpievning aytishicha, prezidentga qarshi namoyish o’tkazish bilan poraxo’rlikka, jinoyatchilikka qarshi kurashib bo’lmaydi.

“Men bu namoyishga qarshiman. Mas’ul guruhlar, korxona-tashkilotlar poraxo’rlikka qarshi xalq bilan birga, yo’l-yo’lakay kurashishi kerak. Poraxo’rlikni, yegich-so’rg’ichlarni namoyish bilan yo’q qilinganini qayoqda ko’rgansiz? Namoyish bilan yo’q bo’lmaydi. Poraxo’rlar-qurtlarning ildizi quritilmaguncha yo’q bo’lmaydi”, – deydi xalq komissari Bozorboy So’lpiev.

Namoyishni MXX, militsiya xodimlari, mahalliy va xorijiy jurnalistlar kuzatib turdi. Maydonda paydo bo’lgan o’zbek-qirg’iz ayollardan iborat guruh va namoyish ishtirokchilari o’rtasida dahanaki jang qizidi. Asosan kampirlardan iborat guruh sobiq gubernator Anvar Ortiqov, parlamentning sobiq raisi O’murbek Tekebaev, bosh vazir Feliks Qulovni prezident Qurmanbek Bakievdan taxt talashayotganlikda aybladi. Namoyishchilar esa, prezidentning iste’fosini emas, mamlakatda konstitutsiyaviy islohotlar o’tkazilishini talab qilayotganlarini aytishdi. Dahanaki jang qizib, millatchilik ruhidagi chaqiriqlar ham yangray boshladi.

Jinoiy guruhlarga mansub ekani taxmin qilingan 30 chog’li sportchilardek kiyingan yosh yigitlar ham kelib qo’shilgach, janjal kuchaydi. Noma’lum yigitlar guruhi Anvar Ortiqov va uning tarafdorlarini maydondan surib chiqara boshladi. Avvaliga aralashmay, voqeani kuzatib turgan militsiya xodimlari odamlarni tarqalishga da’vat qilgach, ehtiroslar to’lqini biroz pasaydi.

Anvar Ortiqovga ko’ra, hukumat ig’vo chiqarish maqsadida ayollar va jinoiy olamga mansub guruhni avvaldan tayyorlagan.

Prezident Bakievni tanqid qilayotgan sobiq inqilobchilar tarkibiga kirgan “Islohotlar uchun” harakati va fuqaroviy jamiyat vakillari ishtirokidagi namoyish 29 aprel’ kuni Bishkekda o’tishi rejalashtirilgan.

XS
SM
MD
LG