Breaking News

Chernobil fojeasiga 20 yil to'ldi


Yevropa parlamenti, xalqaro "Greenpeace" ekologiya tashkiloti hamda qator mamlakatlar tibbiy muassasalarining buyurtmasiga asosan o’tkazilgan 50dan ortiq ilmiy tadqiqotlarga ko’ra, Chernobil halokatidan jabr ko’rganlar soni o’tgan 20 yil ichida 500 ming kishiga yetgan.

Mustaqil davlatlar hamdo’stligiga ko’ra, XX asrning eng yirik texnogen radiatsion fojeasi deya e’tirof etilgan ushbu halokat oqibatlarini tugatishda sobiq ittifoqning 100 minglab fuqarolari ishtirok etgan. O’zbekistondan ham fojea oqibatlarini bartaraf etishga minglab kishilar safarbar etilgan.

1986 yilning 26 aprel kuni Chernobil atom elektr stansiyasidagi portlash nafaqat o’sha yerdagi mutaxassislar va yoda aholining, balki barcha Ittifor respublikalaridagi ko’pchilik oilalarning fojeasi sifatida ham talqin etiladi.

O’sha paytlar Chernobil halokati oqibatlarini bartaraf etish uchun O’zbekistondan ham 14 ming kishi safarbar etilgan. Biroq fojea o’chog’iga safarbar etilganlarga ularning nima maqsadda yuborilayotgani sir tutilgani aytiladi. 1986 yilda Chernobil halokati oqibatlarini bartaraf etishga safarbar etilgan Rahmatilla Aliboyev hikoya qiladi:

“O’shanda 23 yoshda bolsam, Qonunda 30 yoshgacha bo'lganlarni olardi. Bizni Vatan buyruq beradi, deb qonunni buzub olib kirishgan. Umumiy hisobda 8 oy bo’lganman. Birinchi borganimda 4 yarim oy bolgan bo’lsam, qaytganimdan keyin boshlarim og’rib, oshqozonlarda har xil o’zgarishlar bo’lib turardi. Lekin qaytishimiz bilan bizni 15 kun davolanishga qo’yardi. Xizmatlarimga qaramasdan hozirgi kunda na kvartiram bor, na pensiyam bor. Men ko’p chernoblchilarga qarayman, umuman ahvollari og’ir, berayotgan nafaqalari ham hozirgi kunda oilasiga yetmaydi, 20 mingdan 30 ming so’mgachami, shunday. Hammasi shikoyat qiladi. Meditsina tarafidan gumanitar yordamlar ularga yetib bormaydi ekan. Ko’pi qiynalib yotganidan ham xabarim bor. Oxirgi paytlar ko’proq jigari orqali, qonning buzilishi orqali rak bo’lib hayotdan ko’z yumayotganlar ko’proq deb eshitaman”, -deydi Rahmatilla Aliboyev.

Ba’zi chernobilchilar sog’liqlari va ijtimoiy ahvollari tobora yomonlashib borayotganidan nolishadi. Ular hatto davolanish uchun zarur dori-darmonlarni xarid qilish so’nggi paytlarda muammo bo’lib qolayotganini urg’ulashadi. Ayniqsa, viloyatlarda yashayotgan chernoblchilar ahvolini qoniqarli deb bo’lmaydi, deydi shu mavzuda qalam tebratgan jurnalist Alimardon Annayev.

“Bir tog’amiz 1957 yilda tug’ilgan yigit, hali 50ga ham kirgani yo’q. Bugungi kunda 2-guruh nogironi deb berilgan, ahvoli juda bir ayanchli. Tishlari to’kilib ketdi, sochlari to’kilib ketdi, qari chil qiyofasiga kirib qolgan. Ba’zi paytlar bo’ldiki, dori-darmonga o’sha oladigan nafaqasi yetmay qoldi. Turli xil ukollar olishi kerak, dori-darmonlar kerak, vaqti-vaqti bilan ular maxsus tekshiruvdan o’tkazilishi kerak. Buning ustiga qon tekshiruvi degan narsa bor. Ba’zi-ba’zida toza qon yoki plazma quyilishi kerak. Afsus bugungi kunda bir necha yildan beri men aniq bilaman, mana shu davolanish proseduralarini bu odam ololgani yo’q. Shuning uchun ham birorta ham tishi qolmagan og’zida. Suyaklar og’riydi, bo’g’inlar og’riydi, oyoqlarini bosish masalasida juda qiynalib qolgan”, -deb aytdi jurnalist Alimardon Annayev.

Ma’lumotlarga ko’ra bugun O’zbekistonda 10 mingga yaqin chernoblchi yashaydi. Yildan-yilga ular sog’lig’i yomonlashayotir. Ayni paytda chernoblchilarning 7 mingga yaqini nogironlardir. Rasmiylar esa, mamlakatdagi chernoblchilar coliqlardan ozod etilganliklari, hamda sog’liqlarini tiklash uchun dori-darmonlar bepul berilayotgani, ular uchun reoblitatsiya markazlari mavjudligini qaydlashadi. Ayrim chernoblchilar fikricha esa, nafaqaxo’r va nogironlar imtiyozlarining bekor qilingani ham ular hayotini yana-da og’irlashtirgan.

XS
SM
MD
LG