AQSh bu yil Markaziy Osiyoga 170 million dollar ajratgan


2006 yilda AQSh hukumati Markaziy Osiyo davlatlarida fuqaro jamiyati barpo etish, islohotlar targ’iboti, mintaqa xavfsizligi va integratsiyasi uchun 170 million dollar ajratgan.

26 aprel kuni AQSh Vakillar Palatasining Yaqin Sharq va Markaziy Osiyo bo’yicha quyi qo’mitasida Markaziy Osiyoga nisbatan siyosat muhokama qilindi. Asosiy e’tibor AQShning mintaqa taraqqiyotidagi roli, harbiy hamkorlik hamda inson huquqlari ahvoliga qaratildi.

Qirg’iziston AQShdan Gansi aviabazasidan foydalanayotgani uchun ko’proq haq talab qilar ekan, AQSh ijara uchun ko’proq pul to’lashga tayyorligini bildirmoqda.

Pentagon, ya’ni AQSh Mudofaa vazirligi rasmiysi Jeyms Makdugalning (James McDougal) aytishicha, hozirda AQSh aviabazadan foydalanish shartlarini qayta ko’rib chiqmoqda. "AQSh baza uchun ko’proq to’lashga tayyor, ammo afsuski to’lov miqdori Vashington-Bishkek muzokaralaridagi asosiy mavzu bo’lib qolmoqda"-, deydi Pentagon vakili.

2001 yilda tuzilgan shartnomaga binoan, AQSh Gansi bazasi uchun yiliga 2 million dollar to’lab kelgan. Yaqinda Qirg’iziston prezidenti Kurmanbek Bakiyev to’lovni 200 million, ya’ni 100 barobarga ko’tarishni so’rab, ask holda AQSh harbiylarini mamlakatdan chiqarib yuborishini bildirgan edi.

Tinglovda Pentagon vakili janob Makdugal Qirg’iziston to’lovni oshirish talabini Rossiya yoki Xitoy bosimi ostida qo’yayotgan bo’lishi mumkin, degan taxminlarga izoh berishdan bosh tortdi.

Davlat kotibasi Kondoliza Raysning (Condoleezza Rice) Janubiy va Markaziy Osiyo bo’yicha yangi muovini Richard Baucherning (Richard Boucher) ta’kidlashicha:

"Ijara haqining ko’tarilishi Qirg’izistonning bazaga oid xarajatlari va ular iqtisodiyotiga kelayotgan daromad bilan bog’liq. Qirg’iziston iqtisodiyoti haqiqatdan ham bu to’lovdan katta foyda ko’radi, va shu sabab AQSh ko’proq to’lashga tayyor."

Muhokamada siyosiy tahlilchilar va xalqaro nohukumat tashkilotlarning vakillari ham ishtirok etdi. Ularga ko’ra, AQSh hukumati Markaziy Osiyo davlatlarini ikki-tomonlama kelishuvlarga amal qilishga chaqirishi, hamda bu mamlakatlarga islohotlar nima uchun zarurligini yaxshiroq tushuntirishi lozim.

Inson huquqlari bobida gapirib, demokratiya va erkinlikni targ’ib qiluvchi Respublikachilar Xalqaro Instituti vitse-prezidenti Yelizaveta Dugan (Elizabeth Dugan) xususan O’zbekistonni tanqid qildi.

"Andijon fojeasi mamlakatni diktator boshqarayotganidan dalolatdir. O’zbekiston parlamentining hech bir a’zosi prezident Karimovning Andijon namoyishiga qonli javobini tanqid qilmadi va hatto bu haqda gapirishga haddi sig’madi",-dedi Dugan xonim.

Fevral oyida Toshkentdagi idorasi yopilgan Fridom Xaus inson huquqlari tashkiloti vakilasi Pola Shrayferning (Paula Schriefer) ta’kidlashicha, AQShning Andijon voqealari bo’yicha mustaqil tergov o’tkazish chaqiriqlari maqtovga sazovor.

"AQSh hukumati O’zbekistonga qarshi navbatdagi choralar, jumladan sanksiyalar qo’yishi lozim. Toki rahbarlar mamlakatni noto’g’ri yo’lga yetaklayotganini tushunib yetsin. O’zbekiston xalqi esa AQSh ularni qo’llab-quvvatlashda davom etishini bilsin",-dedi Fridom Xaus vakilasi.

XS
SM
MD
LG