Breaking News

Yevropa tashkiloti O'zbekiston parlamenti qoshida o'quv markazi ochdi


Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti O`zbekiston Qonunchilik palatasida axborot o`quv markazini ochgan. Markazdan maqsad palata vakillarining demokratik islohotlar o`tkazish harakatlariga hissa qo’shish ekani ta`kidlanmoqda. Kuzatuvchilar Qonunchilik palatasining so`nggi paytlardagi faoliyatini demokratik tamoyillardan chekinish deb baholamoqda.

Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotining Toshkentdagi vakolatxonasi vakili, dastur mas`ullaridan biri Abduvaqqos Abdurahmonovga ko`ra, axborot o`quv markazi faoliyati haqidagi barcha ma`lumotlar tashkilotning internet sahifasida berilgan.

Sahifada markazning Yevropa Ittifoqi dasturi asosida ishga tushrilgani va maqsadi O`zbekiston parlamenti va uning vakillariga demokratik islohotlar o`tkazish harakatlarida ko`maklashish ekanligi ta`kidlanadi.

Markaz Qonunchilik palatasi deputatlari bilan qonunchilikka o`zgartirishlar kiritish, qonunlar muhokamasi, parlament nazoratini o`rnatish va xalqaro me`yorlarni milliy qonunchilikka singdirish bo`yicha muntazam mashg`ulotlar o`tkazib boradi.

O`zbekistondagi demokratik islohotlar, mamlakatdagi mustaqil kuzatuvchilarga ko`ra, aksildemokratik tusga kirmoqda. Jumladan, keyingi paytda Qonunchilik palatasi tomonidan nodavlat tashkilotlar, ommaviy axborot vositalari faoliyatiga oid qonunlardagi o`zgartirishlar, ular ustidan nazoratni kuchaytirish harakatlari bunga misol tariqasida keltirib o`tiladi.

Rasmiy Toshkentga ko`ra, O`zbekiston demokratik islohotlar o`tkazishda bir qadar muvaffaqiyatlarga erishgan. O`zbekiston prezidentining ta’kidlashicha, mamlakatda ikki palatali parlamentning tashkil etilishi O`zbekistonning demokratik islohotlar borasida amalga oshirgan asosiy yutuqlaridan biridir.

Xalq Demokratik Partiyasining markaziy kengashi rasi Latif G`ulomovga ko`ra, parlament yangi sifat darajasiga ko`tarilgan; qonunchilik palatasi hozirgacha 21 qonunni qabul qilgan va asosiy e`tibor qonunlarning sifatli bo`lishiga qaratilmoqda.

Mahalliy kuzatuvchilar nazarida, o’quv markazi yordamida qonunlar qabul qilinishi mumkin, lekin bu qonunlar O`zbekistonda amalga kirmaydi. Buning uchun haqiqiy ma`nodagi mustaqil parlament faoliyat ko`rsatishi lozim.

Mahalliy kuzatuvchilardan Baxtiyor Isabekka ko`ra, parlamentning har ikki palatasi faqat bir kishining xohish-irodasiga bo`ysunib keladi. Bunday vaziyatda parlament nechta palataga bo`linishidan qat`iy nazar, natija bermaydi.

So`nggi paytda O`zbekiston parlamenti va Rossiya Dumasi o`rtasida yaqin aloqalar o’rnatilayotgani kuzatilmoqda. Ayni kunlarda O`zbekiston parlamenti vakillari Rossiya Dumasining 100 yilligini nishonlashda ishtirok etmoqda.

Baxtiyor Isabek parlament aloqalari hukumat amrini ifodalovchi rasmiyatchilikdangina iborat b`olib qolmasligi kerak, deydi.

Uning aytishicha, hozirgacha parlament vakillarining birortasi xalqdan miting qilish huquqi tortib olingani haqida eslamagan. Qozog`iston, Rossiya rasmiylari bilan uchrashuvlarda o`zbeklarni qiynayotgan asosiy muammo - mardikorlarning ahvolini yaxshilash haqida gapirmagan.

“Shuning uchun ham, bu parlament xalq parlamenti emas, faqat prezidentning parlamenti bo`lib qolayapti”, - deb ta’kidlaydi Baxtiyor Isabek.

Kuzatuvchilar ta’biricha, O`zbekiston parlamenti, jumladan qonunchilik palatasi tomonidan ta`kidlanayotgan demokratik islohotlar bosqichi, faqat qog`ozdagina ifoda topmoqda.

XS
SM
MD
LG