Bishkekda islohotlarni talab qilib, ko'pming kishilik namoyish o'tdi


Bugun Qirg’iziston poytaxti Bishkek shahrida muxolifat va fuqaroviy jamiyat vakillari “Islohotlar uchun” shiori ostida ko’pming kishilik namoyish o’tkazdilar. Ular mamlakatda konstitutsiyaviy islohotlar o’tkazilishini, poraxo’rlik va jinoyatchilikka chek qo’yilishini talab qilganlar. Prezident Bakiyev va Bosh vazir Feliks Qulov xalq oldiga chiqib, talablarni bajarishga va’da bergan.

“Biz 24 mart kuni bir oilaning o’rniga ikkinchi oilani boqish, boshqa qonso’rg’ichlar kelib, xalqning qonini so’rishi uchun inqilob qilmadik. Shuning uchun biz islohotlar o’tkazilishini talab qilamiz”, - dedi kuni kecha sanoat vaziri lavozimidan iste’fo berib, Bakiyevga qarshi muxolifat safiga qo’shilgan siyosatchi Almazbek Atambayev.

Bakiyevning o’nlab inqilobchi safdoshlari poraxo’rlik va jinoyatchilikka qarshi kurash, konstitutsiyaviy islohotlar o’tkazish to’g’risidagi va’dalarini bajarmayotgani uchun muxolifatga qo’shilgan.

Namoyish taxminan ikki soat davom etdi. Yomg’ir boshlangach, 15 mingga yaqin namoyishchi, mamlakat rahbariyatiga 27 mayga qadar talablarni bajarish to’g’risida chaqiriq bitilgan murojaatni topshirib, maydonni tark etdi. Hukumat bungacha, tartibsizliklar boshlangan taqdirda, namoyishchilarga nisbatan kuch qo’llash bilan tahdid qilgan. Ammo namoyish tinch o’tdi.

O’tgan yili mart qo’zg’olonlari to’lqinida iqtidorga kelgan prezident Bakiyev va Bosh vazir Feliks Qulov xalq talab qilgach, namoyishchilar qarshisiga chiqdi. Ammo prezidentning nutqi namoyishchilarning asabiy hushtagi va qichqiriqlari bilan uzilib qoldi. Bosh vazir Qulovning nutqini hech kim uzib qo’ymadi.

“Hurmatli vatandoshlar. Siz yaxshi bilasiz, [Bakiyev-Qulov] tandem xalq bilan, xalq uchun ishlayapti. Prezident xalq bilan, sizning talabingizni biz ko’rib chiqamiz. Men bu namoyishni qo’llayman, sizni namoyish yaxshi uyushtirilgani uchun olqishlayman”, - dedi Feliks Qulov.

Yomg’ir yog’ayotganiga qaramay, namoyishchilar “Bakiyev, xalqqa oldingni, jinoyatchilarga orqangni o’gir”, “va’dangni bajar, prezident”, “biz ishonchimizni butkul yo’qotdik” kabi shiorlar bilan, Qirg’izistonning milliy bayrog’ini tutgan holda bosh vazirning nutqini tingladi.

“Yo’qolsin poraxo’rlar”, - dedi deputat Qubatbek Baybo’lov namoyishchilar qarshisida nutq so’zlar ekan.

“Biz bugun hukumat vakillariga, prezident Bakiyevga, bosh vazir Feliks Qulovga xalq yangicha yashashni, o’zgarishlarni xohlashini aytmoqchimiz. Biz hukumat tartib va qonun asosida, poraxo’rlik va jinoyatchilikka qarshi kurash e’lon qilishini xohlaymiz. Biz hukumatni tartibga chaqirib, xalq uchun ishlashga majbur qilamiz”, - dedi “Islohotlar uchun” harakatining yetakchisi, deputat O’murbek Tekebayev.

Namoyishdan bir necha kun avval Qirg’izistondagi AQSh elchixonasi va Yevropa Ittifoqiga a’zo hamda nomzod davlatlar vakillari tomonlarni murosaga chaqirgan. Ga’rb davlatlari Qirg’izistonda jinoiy olam vakillarining hokimiyatga intilayotganidan xavotirda.

XS
SM
MD
LG