Breaking News

"O'zbekistonda adolat yo'q" - AQSh hukumati


O’zbekistonda sudlar hukumat tazyiqini amalga oshirish vositalaridan biri bo’lib xizmat qilmoqda. Yaqinda Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti O’zbekiston hukumatini 2005 yilning may oyidagi Andijon voqealarida ishtirok etganlikda aybdor deb topilgan 15 kishi ustidan sud jarayonini qayta o’tkazishga chaqirdi. O’shanda Andijonda qurolli shaxslar mahalliy qamoqxonaga bostirib kirganlar va hukumat binolarini ishg’ol etganlar. Shundan so’ng yuzaga kelgan zo’ravonliklarda xabarlarga ko’ra yuzlab odamlar hukumat qo’shinlari tomonidan o’ldirilgan. Inson huquqlari tashkilotlari voqealar bo’yicha o’tkazilgan sud jarayonlarini tomosha deb atab, dastlabki 15 ayblanuvchining aybni o’z bo’yniga bosim ostida olganini ta’kidladilar.

Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti prezident Islom Karimov hukumatini takroriy sud jarayonini adolatli ravishda, xalqaro andozalarga to’liq rioya qilgan holda o’tkazishga chaqirmoqda. O’tgan yil sentyabr oyida sudlangan ilk 15 ayblanuvchi O’zbekiston Oliy sudi tomonidan 20 yilgacha qamoq jazosiga mahkum etilgan.

O’zbekiston sudlari ayblanuvchilarni mahkum etish uchun majburiy iqrorlikdan tez-tez foydalanib turadilar. Yaqinda sakkiz o’zbekistonlik noqonuniy diniy guruhga aloqadorlikda ayblanib, ozodlikdan mahrum etildi. Sud jarayoni boshida ularning besh nafari militsiya mahkamasida qiynoqlarga solingani va bellariga, bo’ynilariga va boshlariga do’pposlanganlari haqida guvohlik berdilar. Ularga qo’yilgan aybga qiynoqlarni to’xtatish uchungina iqror bo’lishganini ta’kidladilar. Shunga qaramay, sud ularning barchasini aybdor deb topib, ikki yildan uch yilgacha mehnat va tuzatish koloniyalariga belgiladi.

Birlashgan Millatlar Tashkilotining qiynoqlar bo’yicha maxsus hisobotchisi Manfred Novakning aytishicha, O’zbekiston militsiyasi va xavfsizlik kuchlarining ayniqsa tuzumga qarshi fikr bildirganlarni muntazam ravishda qiynoqlarga solishi hollariga yetarlicha dalillar bor. Turli asboblar bilan urish, nafasni bo’g’ish, elektr quvvatni badanga uzatish, suv va ovqatdan mahrum qilish, jinsiy yo’llar bilan kamsitish, yaqinlariga jismoniy zarar yetkazish do’q-po’pisalarini qilish O’zbekistonda qiynoqlarga solishning usullaridandir.

O’zbekistonda hukumat sud tizimidan tazyiq o’tkazish vositasi sifatida foydalanmasligi kerak. Har bir fuqaro mustaqil adliya tomonidan adolatli sudga haqlidir. Ayblanuvchilarni qiynoqlarga solish O’zbekistonning Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti va Birlashgan Millatlar Tashkiloti oldida inson huquqlarini himoya qilish bo’yicha olgan majburiyatlariga xilof ish tutishidir. Tazyiqlar va qatag’onlar hech qachon tinchlik, osoyishtalik va barqarorlik olib kelmagan. Shu bois ham “Qo’shma Shtatlar”, Davlat kotibasi Kondoliza Rays ta’biri bilan aytganda, “O’zbekiston hozirgi yo’lidan qaytadi va islohotlarni boshqa narsalardan ustun qo’yadi, deya umid bildirishda davom etmoqda”.

XS
SM
MD
LG