Amerika Yuristlar Uyushmasining Toshkent vakolatxonasi yopildi


Toshkent shahar fuqarolik sudi O`zbekiston Adliya vazirligi tomonidan Amerika Yuristlar Uyushmasi (AYU) vakolatxonasini ro'yxatga olinmagan nodavlat tashkilotlarga huquqiy ko`mak ko`rsatish, ularni qo'llab-quvvatlash kabi ayblovlarini tasdiqlagan va vakolatxona faoliyatini yopish haqida qaror chiqargan.

Mahalliy kuzatuvchilar sudning qanday qaror chiqarishi avvaldan ma`lum ekanligini ta`kidlashadi. Ularga ko`ra, bu jarayonlar O`zbekistonning xalqaro nodavlat tashkilotlar faoliyatiga qarshi boshlagan hujumining davomidir.

Amerika Yuristlar Uyushmasi O`zbekistondagi faoliyatini 1995 yilda boshlagan. Hozirgacha vakolatxona O`zbekistonda huquqiy sohaga oid bir qator loyihalarni amalga oshirgan. Respublika Advokatlar Uyushmasi, Toshkent Huquqshunoslik instituti kabi tashkilotlar bilan hamkorlik qilgan. Institut bilan hamkorlikda huquqiy yordan ko`rsatish klinikalarini tashkil etgan edi.

Mahalliy ekpertlardan biri Bahodir Musayevga ko`ra, huquqiy ko`mak ko`rsatuvchi tashkilotni aynan ko`mak ko`rsatgani uchun yopish - mantiqqa to'g'ri kelmaydigan narsa.

“O'zbekiston hukumati fuqarolik jamiyatini qurish, demokratik islohotlar o`tkazish kabi shiorlarni ta`kidlab keladi-yu, aslida fuqarolik jamiyati qurish, demokratik islohotlarga ko`mak ko`rsatayotgan nodavlat tashkilotlarning barchasini yopmoqda. Asosiy maqsad - O`zbekiston hukumatini qo'llamagan G'arb davlatlari tashkilotlarini mamlakatdan chiqarish."

Bu kabi xalqaro tashkilotlarni O`zbekistondan ketishi hukumat organlariga inson huquqlarini nazoratsiz ravishda buzish imkoniyatini yaratadi, deb hisoblaydi Bahodir Musayev.

XS
SM
MD
LG