Breaking News

O'zbekistonda inson huquqlari faollari doimiy tazyiq ostida


Gulistonda hibsga olingan O`zbekiston inson huquqlari jamiyatining Sirdaryo viloyati bo`yicha raisi A`zamjon Farmonovga nisbatan tovlamachilik aybi bilan jinoiy ish ochilgan.

Inson Huquqlari Jamiyatiga ko`ra Farmonovning hibsga olinishi, hukumat tomonidan inson huquqlari himoyachilariga nisbatan ko`rsatilyaotgan tayziqlarning davomidir.

A`zamjon Farmonov va viloyatdagi yana bir inson huquqlari faoli Alisher Karamatov 29 aprel kuni hibsga olingan va Farmonovning uyi tintuv qilinib, kompyuter va ish qog`ozlari musodara qilingan edi.

Mazkur voqea yuzasidan Sirdaryo viloyati Ichki ishlar boshqarmasi tomonidan tarqatilgan ma`lumotga ko`ra, A`zamjon Farmonov Jizzaxdagi neft mahsulotlarini sotish bilan shug`ullanuvchi tashkilot rahbaridan pora olayotganda ushlangan va tergov ishlari davom etmoqda.

O`zbekiston Inson Huquqlari Jamiyati raisi Tolib Yoqubovning aytishicha, A`zamjon Farmonov aslida uning nomiga fermerlar tomonidan yozilgan, neft mahsulotlarini sotishda yo'l qoyilayotgan huquqbuzarliklar to'g'risidagi ariza bilan shug`ullanyotgan bo'lgan.

Unga ko`ra, inson huqulari himoyachilari Jizzaxdagi neft mahsulotlarini sotuvchi korxona direktoriga kuzatilayotgan qonunbuzarliklar to`g`risida, fermerlarga mo`lljallangan yonilg`i boshqa yoqqa sotib yuborilayotganligi to'g`risida murojaat qilishgan. Biroq inson huquqlari himoyachilarining o`zini endi bu jinoyatda ayblashmoqda.

Tolib Yoqubovning bildirishicha, inson huquqlari himoyachililarining tovlamachilik aybi bilan hibsga olinishi O`zbekistonda odatiy holdir.

Inson huquqlari jamiyati raisi, hibsga olingan inson huquqlari faolining qaynotasi, Tolib Yoqubovga ko`ra, Farmonovning uyi tintuv qilinishida uning homilador bo`lgan turmush o`rtog`i jabrlangan, natijada kasalxoda davolanib chiqishga majbur bo`lgan.

Bundan bir muncha avval fargo`nalik inson huquqlari himoyachisi Mo`tabar Tojiboyeva tovlamachikda ayblanib qamoq jazosiga hukm qilingan bo`lsa, Saidjahon Zaynobiddinov yolg`on ma`lumot tarqatishda ayblanib qamoqqa tashlangan edi.

Hozirda mamlakatdagi o`nlab inson huquqlari himoyachilari soxta ayblar bilan hibsga olingan, turli muddatga qamoq jazosiga hukm qilingan va ozodlikda qolgan inson huquqlari himoyachilariga nisbatan tayziqlar davom etmoqda. Boshqa, yana bir guruh inson huquqlari himoyachilari ko`rsatilayotgan bosimlar tufayli mamlakatdan chiqib ketishga majbur bo'lgan.

Inson huquqlari bo'yicha xalqaro tashkilotlar tomonidan bildirilayotgan tashvishga ko`ra, O`zbekistonda 2005-2006 yillarda inson huquqlariga oid vaziyat keskin yomonlashgan va inson huquqlarini himoyalovchi faollarning o`zlari himoyaga muhtoj bo`lib qolmoqdalar.

XS
SM
MD
LG