O'zbekistonda matbuot erkinligi kuni?


3 may Xalqaro matbuot erkinligi kuni. Freedom House, ya'ni Ozodlik Uyi deb ataluvchi xalqaro tashkilotga ko’ra, O`zbekiston bu erkinlik keng tarzda poymol etiladigan mamlakatlardan biridir.

O`zbekiston rasmiylari bu xulosa xolis emasligi haqida e`tiroz bildirayotgan bo`lsa, mamlakatdagi mustaqil jurnalistlar matbuot ustidan hukumat nazorati yanada kuchayoyatganini ta`kidlamoqdalar.

Hisobotda ta`kidlanishicha, O`zbekistondagi matbuot erkinligiga oid vaziyat so`nggi yillarda yanada yomonlashgan.

Xalqaro tashkilot tomonidan keltirilgan bu hisobotga munosabat bildirgan o`zbekistonlik rasmiylar xalqaro tashkilotni vaziyat bilan yaxshi tanish emaslikda, O`zbekistonda matbuot erkinligi borasida amalga oshirilayotgan ishlardan bexabarlikda ayblashadi.

Jumladan, O`zbekiston Oliy Majlisining axborot va kommunikatsiya texnologiyalari Qo`mitasi raisi Xurshid Do`stmuhammadning munosabatiga ko`ra O`zbekistonda ommaviy axborot vositalariga doir barcha tegishli qonunlar xalqaro me'yorlarga muvofiq qabul qilinayapti va milliy matbuotda demokratik o`zgarishlar kuzatilmoqda.

Xurshid Do`stmuhammad nazarida Freedom House tashkilotining O`zbekistondan bir necha minglab kilometr uzoqda turib, qanday manbalarga ko`ra, bunday xulosaga kelishi ajablanarli. Xalqaro tashkilot hisoboti boshqa maqsadlarni ko`zda tutgan o`yinga o`xshaydi; O`zbekistonda matbuotni liberallashtirish borasida qator islohotlar o`tkazilgan, deydi qo'mita raisi.

Freedom House tashkilotining hisoboti O`zbekiston jurnalistlar uyushmasinin ham befarq qoldirmagan. Uyushma raisi Sherzod G`ulomovga ko`ra, hisobotda O`zbekistondagi matbuot erkinligiga oid vaziyatni tahlikali, bosim ostida deb baholash haqiqatga to'g'ri kelmaydi. Bu ma'lumotlar O`zbekiston mavqeini buzib ko`rsatish uchun amalga oshirilgan, deydi u.

Sherzod G`ulomov O`zbekistonda 950 ortiq turli matbuot nashrlari faoliyat yuritayotganini, mustaqil tele-radio stansiyalar ishlayotganini, axborot internet saytlari ishga tushayotganini, yaqinda mustaqil axborot vositalarini qo`llab-quvvatlovchi jamg`arma tuzilganini takidlab o`tadi.

Mahalliy jurnalistlar fikriga ko`ra esa mamlakatdagi nashrlarning va axborot vositalarining soni qancha bo`lishidan qat`iy nazar, ular hukumat nazorati ostidagina faoliyat yutishlari mumkin.

Bu jurnalistlar nazarida, norasmiy senzura davlat televideniyesidan tortib, xususiy nashrlargacha nazorat o`rnatgan. Bunday nazoratni buzishga uringan nashrlar faoliyati esa keskin bosimga olinadi. Shu bois ham nashrlar bu nazoratdan chiqishga jur'at etmaydi. Misol tariqasida oxirgi bor shunday jur'at ko`rsatgan "Advokat press" gazetasining taqdiri keltiriladi. Bu mustaqil nashr o`z tanqidiy maqolasidan so`ng, hamon faoliyatini qayta boshlay olgani yo`q.

"Advokat press" gazetasining sobiq jurnalisti Dilmurod Saidga ko`ra, hukumat tomonidan gazetaga va shaxsan uning o`ziga bo`layotgan bosimlar O`zbekistondagi matbuotning qanchalik erkin emasligiga yaqqol misoldir.

"O`zbekistonda so`z erkinligi bor deb da`vo qilinayotgan b`olsa, televideniyeda tahririyatlarning bosh muharrirlari, qo`mitalar va jurnalistlar uyushmasi, shuningdek men kabi mustaqil jurnalistlar ishtirokida bahs munozarani yo'lga qoyish lozim. O`shanda matbuot qanchalik erkin ekanligi, inson huquqlari qanchalik himoyalanayotganligi, matbuot o`z vazifasini qanchalik uddalayotganligi ayonlashadi. Matbuotning hozirgi vaziyatga kelishiga lavozimdagi rahbarlar, matbuotga daxldor har xil qo`mitalar sababch", - deb hisoblaydi Dilmurod Said.

Dilmurod Saidga ko`ra, O`zbekistonda gazetxonlar kutayotgan, jurnalistlarga oydin bo`lgan muammolar juda ko`p, faqat ularni matbuotga chiqarish lozim. Bu muammolarning yoritilmayotganligining sababi, deydi Dilmurod Said, hukumatning bu borada yuritayotgan siyosatini qora buyoqlarda ko'rsatmaslik, odamlardagi norozilikni ifodalamaslikdir.

"Bitta shikoyat arizasini e`lon qilsangiz, ertaga shunday yuzta yig`ilib kelishi mumkin degan tushuncha bor, shuning uchun ham", - deydi Dilmurod Sayid.

Jurnalist Toshpolat Rahmatillayevga ko`ra, jurnalistlar, jumladan bosh muharrirlar ham mahalliy hokimyat biulan murosaga borib faoliyat yuritishga majburlar. Unga ko`ra, oddiy ijtimoiy muammolar ham mahalliy gazetalarda berilmaydi, aksincha gazetalarni hokimyat vakillarining turli ishlarini maqtab ko`rsatishlari ayrim muharrirlar va jurnalistlarning hayot manbaiga aylanib qolgan.

"Ikkinchi tomondan davlat ham tanqidiy chiqayotgan axborot vositalarini qo`llab- quvvatlab turishi kerak, shundagina matbuotda biron o`zgarish yuz berishiga umid qilish mumkin", - deydi Toshpo`lat Rahmatillayev.

Kuzatuvchilarga ko`ra, O`zbekistonda matbuotga oid vaziyat bir necha yillar avval hozirgidan ko`ra nisbatan erkinroq bo`lgan, tanqidiy maqolalar bergan ayrim nashrlar turli bosimlarga uchragan bo`lsada, o`z faoliyatlarini saqlab qolishga muvaffaq bo`lgan. Biroq so`nggi yillardagi vaziyat bunday nashrlarning faoliyatiga tamoman cheklamoqda.

XS
SM
MD
LG