"O'zbekiston - diniy erkinliklarni buzayotgan davlat"


AQShning jahon bo’ylab diniy erkinlik bilan bog’liq vaziyatni o’rganuvchi komissiyasi hisobotiga ko’ra, jahonda 11 davlat bu borada eng yomon ko’rsatkichga ega. O’z ichiga qator tavsiyalarni olgan komissiya hisoboti har yili Kongress talabiga binoan tayyorlanadi va Oq uy, Davlat departamenti va Kongressga tarqatiladi. 11 davlat orasida O’zbekiston ham bor.

Hisobotda O’zbekiston hukumatining Hizb-ut-Tahrir va boshqa diniy guruhlarga qarshi tazyiqlari tanqid ostiga olingan. AQShning Xalqaro diniy erkinliklar bo’yicha komissiyasi hisobotda Davlat departamentidan O’zbekistonga “Alohida xavotirga sabab davlat” maqomini berishni so’ramoqda. Biroq bu tavsiyanoma, deyiladi hisobotda, ekstremistik guruh deb tan olingan Hizb-ut-Tahrirni himoya qilish sifatida qaralmasligi kerak.

O’zbekistondan tashqari hisobotdan diniy erkinliklarni poy-mol qilishda faol harakat qilgan yana 10 mamlakat ham o’rin olgan. Bular - Birma, Xitoy, Eritreya, Eron, Shimoliy Koreya, Saudiya Arabistoni, Sudan, Vyetnam, Pokiston va Turkmaniston.

Hisobotni chiqargan komissiya a’zolaridan biri Richard Landga ko’ra, AQSh hukumatining uch yillik diplomatik urinishlaridan so’ng, komissiya delegatsiyasi Xitoyga o’tgan yil avgust oyida ilk marotaba borishga muvaffaq bo’lgan.

"Izlanishlarimizga ko’ra, Xitoyda diniy guruhlar huquqlari haligacha poy-mol bo’lmoqda. Xitoy hukumati barcha guruhlarning faoliyatlarini qattiq nazorat qiladi va cheklaydi. Musulmon uyg’urlar, protestantlar, ro’yxatdan o’tmagan katoliklar, Tibet buddistlari va Falung Gong davomchilari ana shu guruhlar qatoriga kiradi."

Komissiyaning boshqa a’zosi Nina Shi AQSh hukumatini Saudiya Arabistoniga qarshi chora ko’rishga chaqirmoqda.

"O’tgan yil davomida Saudiya Arabistonida bu boradagi vaziyat hech ham yaxshilanmagan. AQSh hukumati hech ham ikkilanmasdan Saudiya hukumatiga qarshi keskin chora ko’rishi kerak."

Komissar Prita Bansalning aytishicha, Afg’oniston 11 mamlakat qatoridan joy olmagan bo’lsada, unga kirishga nomzodlar ro’yxatidan joy olgan.

"Bunga sabab – mamlakatning yangi konstitutsiyasi. Unda Afg’on fuqarolarining diniy erkinlik huquqlarining himoyasi mexanizmi aniq ko’rsatilmagan."

XS
SM
MD
LG