Tojikiston muxolifati prezident chiqishiga munosabat bildirmoqda


Shu yilning noyabr oyida Tojikistonda prezident saylovlari bo’lib o’tadi. Amaldagi prezident Imomali Rahmonov Parlament oldida so’zlagan nutqida bo’lg’usi saylovlarning demokratik tamoyillar asosida o’tkazilishi muhimligini ta’kidladi.

“Biz saylov mavjud qonunlar va demokratik tamoyillar asosida, barcha partiyalarning faol ishtirokida o’tkazilishiga tarafdormiz”, - dedi prezident Rahmonov.

Saylovga 6 oy qolgan bo’lsada respublikada hali-beri siyosiy faollik sezilmaydi.

Tojikiston Islom Uyg’onish partiyasi So’g’d viloyat bo’limi raisi Ubaydulloh Fayzulloyev prezident tutgan yo’lni ma’qul ko’rsada, salovlarning demokratik tarzda o’tishiga shubha bildiradi. Uning fikricha, garchand mavjud qonunlar me’yorda bo’lsada, prezident ishontirib gapirsada, joylarda mahalliy hukumat vakillari bu narsalarga amal qilishmaydi.

“Hamma gap prezident qarorlarining hukumat quyi bo’g’inlarida qanday amalga oshirilishidadir”, - deb hisoblaydi TIUP So’gd viloyat sho’basi raisi.

Boshqa bir muxolifat partiya vakili, Tojikiston Sotsial-Demokratik partiyasi faollaridan Fayziniso Vohidova prezident Rahmonov so’zlariga unchalik ham ishonmasligini aytadi.

“Omma oldida aytilgan aksariyat gaplar joylarda amaliy tasdig’ini topmaydi”, - deydi u.

Boshqa bir muxolif partiya, Tojikiston Demokratik Partiyasi yetakchilaridan bo’lgan Jumaboy Niyozov saylovning demokratik tamoyillarga asoslanib o’tishi uchun yangi qonunlar qabul qilinishi kerak, deb hisoblaydi.

“Prezident saylovlari borasida bir necha yil oldin qabul qilingan qonunlar bugungi jamiyat taraqqiyoti talablariga javob bermaydi”, - deydi u.

TDP rahbari ham joylarda mahalliy hukumat vakillari davlat rahbarining aytganlariga amal qilmasligini ta’kidlaydi. Unga ko’ra, bu hol joylarda saylovning borishiga katta ta’sir o’tkazadi.

Hukumat tepasida turgan Tojikiston Xalq Demokratik Partiyasi vakillari o’z raisi, ya’ni respublika prezidentining saylov haqidagi so’zlariga izoh berishdan bosh tortdilar.

“Hukumat tepasiga Xalq Demokratik Partiyasimi, Demokratik Partiyami, Islom Uyg’onish Partiyasimi, kim kelishidan qat’iy nazar, hukmron partiya xalqni tinchligini ta’minlay olsa, o’shandagina el obod bo’ladi. Agar prezident va’dalari ijroiya hokimiyat va boshqa davlat idoralari tomonidan joriy etilsa, siyosiy partiyalarga ham ish yuritish oson bo’lardi”, - deydi TIUP faoli U. Fayzulloyev.

XS
SM
MD
LG