Cheynining Ostonaga tashrifi, Rossiyaga munosabati tanqid ostida


Yevrosiyo mintaqasi bo’ylab safarini yakunlagan AQSh vitse-prezidenti Dik Cheyni yana tanqid ostida.

Xalqaro inson huquqlari va demokratik qadriyatlarni himoya qiluvchi tashkilotlar Cheynini Qozog’istonda bo’lganida demokratik islohotlarni targ’ib qilmay, mamlakatda inson huquqlariga berilayotgan e’tiborni yuqori baholaganlikda ayblamoqda.

Mutaxassislarga ko’ra, Cheynining bunday qilishiga Qozog’istonning neft va gazga boyligi sababdir. AQSh kelajakda Qozog’istonni muqobil energiya manbai sifatida baholagani sabab, unga qattiq gapira olmaydi, demoqda kuzatuvchilar.

Qozog’istondan so’ng Xorvatiyaga borgan Cheyni Rossiyani demokratik yo’ldan qaytayotganlikda va qo’shnilarini o’ziga tobe qilish uchun o’z energoresurslaridan siyosiy vosita sifatida foydalanayotganlikda aybladi.

Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyoga besh kunlik safarini yakunlar ekan, AQSh vitse-prezidenti Rossiyaning demokratik islohotlardan qaytayotganini ta’kidladi.

Uning bu tanqidiga javoban Rossiya ommaviy axborot vositalari Cheynini ikkinchi Sovuq Urushini yaratayotganlikda aybladilar. Biroq Cheyni, “Hech kim Rossiyani dushman sifatida ko’rishni istamaydi”, -dedi.

"Rossiya hali ham bu yo’ldan qaytishi mumkin. Rossiyada demokratik islohotlar yo’liga qaytish ham o’z xalqi, ham atrofidagi davlatlar manfaatidadir", - dedi AQSh vitse-prezidenti.

Rossiya Energetika vaziri Viktor Xristenko Cheynining yuqoridagi tanqidida taajubda ekanini bildirmoqda. Uning Rossiya yonilg’i boyliklaridan va salohiyatidan siyosiy qurol sifatida foydalanayotgani yo’q.

Xorvatiya, Albaniya va Makedoniya davlatlari o’rtasida tuzilgan tashkilot yig’ilishida ishtirok etar ekan, Dik Cheyni ularning NATO va Yevropa Ittifoqiga a’zolik uchun harakatlarini qo’llab-quvvatladi va Afg’oniston va Iroqdagi NATO va AQSh kuchlariga ko’rsatayotgan yordamlarini yuqori baholadi.

"Ushbu mamlakatlarning NATO va Yevropa Ittifoqiga a’zo bo’lishi juda muhimdir. Yangi a’zolar tashkilotni yangilaydi, kollektiv xavfsizlikning juda muhim qismi bo’lgan demokratiya va erkinlik qadriyatlariga bo’lgan majburiyatlarimizni qaytadan anglashga yordam beradilar", - dedi Dik Cheyni ommaviy axoborot vositalariga bergan intervyusida.

XS
SM
MD
LG