Kaunterpartning O'zbekistondagi faoliyati sarhisob qilinmoqda


O’zbekistonda yaqinda faoliyati tugatilgan Kaunterpart Interneyshenal (Counterpart International) tashkilotining mamlakatdagi nohukumat tashkilotlar faoliyatidagi roli tahlil qilinmoqda. Fuqaro jamiyati qurish yo’lida ishlayotgan muassasa vakillarining fikricha, Kaunterpart O’zbekistonda nohukumat hamda hukumat idoralari faoliyatini yaxshilashda samarali xizmat ko’rsatgan.

O`zbekistonda Kaunterpart xalqaro tashkiloti tomonidan tashkil etilgan loyihalarda qatnashgan nodavlat tashkilotlar ko`p. Biroq bu nodavlat tashkilot vakillari turli sabablarga ko`ra, o`z fikrlarini ochiq aytishni istamaydi.

Toshkent shahar fuqorolik sudi qarori bilan faoliyati to`xtatilgan Kaunterpart xalqaro tashkiloti tomonidan 1995 yildan boshlab amalga oshirilgan loyihalar ijtimoiy hayotning turli qirralarini qamrab oladi. Ekologiya, ayollar huquqi, iqtisod, tibbiyot, salomatlik va ijtimoiy nochor qatlamlarning himoyasi kabi qator muammolar bo`yicha dasturlar amalga oshirilgan, hamda bu borada mahalliy nodavlat tashkilotlarga ko`mak ko`rsatilgan.

O`zbekiston Tadbirkor ayollar uyushmasining raisi Dildor Alimbekovaga ko`ra, Kaunterpart tashkiloti mavjud muammolarning yechimini topishda Davlat idoralari va nodavlat tashkilotlarning harakatlarini muvofiqlashtirishga katta hissa qo`shgan.

Dildor Alimbekovaning aytichicha, tadbirkorlarning sertifikatsiya bilan bog’liq muammolarini yechishda Kaunterpart tashkiloti davlat idoralari va nodavlat tashkilot vakillariga yig’ilib, vaziyatni muhokama qilishlari uchun ko`mak ko`rsatgan, o`z tavsiyalarini bergan. Natijada Vazirlar Mahkamasining sertifikatlash muammosini soddalashtirgan qarori qabul qilingan.

Mavjud ma’lumotlarga ko`ra, hozirda nodavlat tashkilotlar tashabbusi susaygan, bunga sabab qilib nodavlat tashkilotlarni moliyalashtirish muammosi keltiriladi.

O`zbekistonda nodavlat tashkilotlarni moliyalashtirish bilan shug`ullanuvchi Respublika uyushmasi, jamg`armasi tashkil etilgan. Jamg`arma turli ijtimoiy muammolar yechimi bilan shug`ullanuvchi tashkilotlarni moliyalashtirishi lozim. Mahalliy nodavlat tashkilotlar faoliayatining davomiyligi, hozirda ko`p jihatdan shu jamg`armaga bo`gliq.

Nodavlat tashkilot vakillaridan biri Sohiba Ergashevaga ko`ra, O`zbekistonda hamon nodavlat tashkilotlarining tarqoqligi mavjud va buning bir qator sabablari bor.

Unga ko`ra, bunda xalqaro tashkilotlarning mahalliy nodavlat tashkilotlar bilan ishlovchi kadrlar tanlash jarayonining ham o`rni bor, jumladan o`zbek tilini bilmaydigan o`zbek kadrlarini tanlanishi, xalqaro tashkilotlarni oddiy odamlardan uzoqlashtirgan, ularning loyihalarini, maqsadini tugal ravishda amalga oshmasligiga xizmat qilgan.

Nodavlat tashkilot vakillaridan biriga ko`ra, ikki-uch yil oldin nodavlat tashkilotlar harakati biroz kuchaygan, jamiyatdagi muammolar yechimini topishda faollik boshlangan. Hozirda esa, nodavlat tashkilotlarda bu faollikka, avvalo hukumat qanday munosabat bildirishi mumkin degan hadik mavjud.

Unga ko`ra, fuqarolik jamiyatining rivojlanishidan manfaatdor, mavjud muammolarga qiziqish bildirayotgan xalqaro tashkilotlar faoliaytining tugatilishi, aynan shunday muammolar yechimini taklif etayotgan tashkilotlarni faoliyatsiz qilib qo`ymoqda.

Mahalliy kuzatuvchilar nazarida, xalqaro tashkilotlarga bo`layotgan bosimlarning asosiy sababi hukumatning demokratik islohotlardan chekinishi, fuqarolarning siyosiy faolligidan manfaatdor emasligidir.

Kuzatuvchilar xalqaro tashkilotlarni O`zbekistondan chiqarish bo`yicha borayotgan siyosat davomiyligini bildirmoqda. Ular bunga 2007 yilda O`zbekistonda prezidentlik uchun kutilayotgan saylov jarayonini ham sabab qilib ko'rsatmoqda.

XS
SM
MD
LG